Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:29

Samarqand hokimining qishlog‘ini obod qilishga "aholi majburan jalb qilinmoqda" (VIDEO)


 Jo‘sh qishlog‘idagi hasharchilar
Jo‘sh qishlog‘idagi hasharchilar

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tug‘ilib o‘sgan Qo‘shrabot tumanidagi Jo‘sh qishlog‘ini “Obod qishloq”qa aylantirish uchun bo‘layotgan qurilish ishlariga aholi vakillari ham jalb qilindi.

Jo‘shliklarga ko‘ra, qurilish ishlariga, asosan, bola puli va moddiy yordam oluvchilar chiqarilmoqda.

Ozodlikka bog‘langan jo‘shliklarning aytishicha, qurilishga chiqmaganlarga nafaqa kesilishi bilan tahdid qilinmoqda.

Самарқанд ҳокимининг қишлоғини обод қилишга "аҳоли мажбуран жалб қилинмоқда"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:25 0:00

“Hasharga chiqmaganning nafaqasi kesiladi”

Samarqandning eng chekka qishloqlaridan biri – Jo‘shni yil oxirigacha “Obod qishloq”qa aylantirish topshirig‘i berilgan.

Qurilishni muddatida tugatish uchun bu ishga aholi ham jalb qilingan.

​Ozodlikka bog‘langan jo‘shliklarga ko‘ra, qishloqni “Obod qishloq”qa aylantirish jarayoni majburiy mehnat ko‘rinishida o‘tmoqda.

“Yil boshidan buyon tumandagi barcha byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinib kelayotgan edi. Endi qishloqdagi minglab odamlar o‘z xohishiga qarshi ravishda olib chiqilmoqda. Bormaganlarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishmoqda. Pensiya, bola puli va kam ta’minlanganlik uchun moddiy yordam oluvchilarga agar hasharga chiqmasa, nafaqa berilishi to‘xtatib qo‘yilishi bilan tahdid qilinmoqda”, deydi jo‘shliklardan biri.

Boshqa bir jo‘shlik yigitning aytishicha, IIB vakillari va mahalla raislari uyma-uy yurib, xalqni hasharga olib chiqmoqda.

“Barchani majburan olib chiqayapti. Hatto boboylar ham chiqarilayapti. Odamlar uylaridan ketmon va lopatka bilan chiqishmoqda. IIB xodimlari odamlarni avtobusga solib olib ketayapti. Minglab erkak va xotin-qizlar chiqarilayapti”, deydi jo‘shlik yigit.

“Hasharchilar bolasi bilan birga chiqmoqda”

Yana bir jo‘shlikning aytishicha, hasharga har bir mahalladan 500dan ziyod odam olib chiqarilmoqda.

“Qishlog‘imizda 8ta mahalla bor. Har bir mahalladan 500dan ziyod, ba’zilaridan 600 atrofida oddiy aholi chiqarilayapti. Jami mahallalardan 5000dan ziyod oddiy odamlar chiqarilmoqda. Bolasini tashlab ketishga odami yo‘q ayollar, bolasi bilan birgalikda chiqayapti. Keyin byudjet idoralari ishchilari bor, yana 100dan ziyod soldatlar ham olib kelingan”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan jo‘shlik.

Ozodlikka Jo‘shdan jo‘natilgan suratlardan birida qatorlashib saf tortib turgan o‘nlab hasharchilar orasida yoshi katta qariya borligini ko‘rish mumkin.

Boshqa bir suratda safda turganlar orasida bir ayolning yonida yosh qizaloqning turganini ham ko‘rish mumkin.

Hokim tug‘ilgan qishloq

Jo‘shliklarning aytishicha, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tug‘ilib, o‘sgan ushbu qishloqdagi qurilishlarga shaxsan uning o‘zi bosh-qosh bo‘lmoqda.

“Viloyat va tumandagi kattalarning hammasi shu yerda. Shaxsan viloyat hokimi Turdimov “Bekor yurganlarni, davlatdan yordam olayotganlarni uyma-uy yurib bo‘lsa ham chiqarasan. Mablag‘ yo‘q, yetishmayapti. Xalqni o‘zi qiladi qurilishni”, deb majlisda aytgan. Hokim shu qishloqda tug‘ilgan. Shuning uchun qurilishga katta e’tibor berishmoqda”, deydi jo‘shliklardan biri.

Inkor

Ozodlik 17 iyun kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning mobil telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi.

Biroq telefon o‘chirilgani bois undan jo‘shliklarning iddaolari borasida izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik muxbiri Jo‘sh qishlog‘idagi mahalla raislaridan biri - Rahmatilla Tog‘aev bilan bog‘landi.

Tog‘aev qurilish ishlariga aholining majburan olib chiqilayotganini mutlaqo inkor qildi.

“Hamma o‘z xohishi bilan chiqayapti. Xursandchilik bilan qilayapti bu ishlarni. O‘z mahallasi, qishlog‘i obod bo‘layaptiku. Hech kim majburlanmadi. Hech kimga chiqmasang nafaqa berilmaydi degan gap ham qilinmadi. Bu mutlaqo bo‘lmagan gap”, dedi Rahmatilla Tog‘aev.

Obod qishloqqa aylanayotgan Jo‘sh

​Samarqand markazidan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan Jo‘shda 3400dan ziyod xonadon bo‘lib, jami 26 mingdan ortiq aholi yashaydi.

Mahalliy mulozimlarga ko‘ra, “Obod qishloq” dasturiga muvofiq, Jo‘shda 200 kilometrlik yo‘llar tekislanadi, qishloqdagi ko‘priklar ta’mirlanmoqda, shuningdek, ikkita yangi ko‘prik qurish belgilangan.

​Rejaga ko‘ra, qishloqdagi har bir mahallada mahalla markazi va mini-futbol stadionlari quriladi. Qishloqda tibbiy maskan qurilib, maktablar va eski masjid ta’mirlanib, kengaytiriladi.

Shuningdek, qishloqda kam ta’minlanganlar uchun 20ta arzon uy-joy qurilishi aytilmoqda.

Joriy yil yanvar oyining boshida boshlangan qurilish ishlari yil oxirigacha yakuniga yetishi rejalangan.

Самарқанд ҳокимининг қишлоғини обод қилишга "аҳоли мажбуран жалб қилинмоқда"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:06 0:00
Бевосита линк

“Obod qishloq” dasturiga muvofiq Qo‘shrabot tumanida Jo‘shdan tashqari Buloqboshi va Zarkent qishloqlarida ham qurilish ishlari avjida. Ozodlikda bu qishloqlardagi qurilishlar bilan bog‘liq vaziyatga oid ma’lumotlar yo‘q.

"Obod qishloq" dasturiga asosan joriy yilda Samarqand viloyati bo‘yicha jami 14 tumandagi 42 ta qishloq “Obod qishloq”qa aylantirilishi lozim. Buning uchun jami 372,062 milliard so‘m ajratilgan.

XS
SM
MD
LG