Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:34

Prezident kutilgan Bo‘ka vrachlik punkti Olmaliq poliklinikasi mebellari bilan yasatildi


Olmaliq markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari
Olmaliq markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari

Prezident Shavkat Mirziyoevning Bo‘kaga qilgan 1 iyun kungi tashrifi arafasida Olmaliq shahridagi Markaziy ko‘ptarmoqli poliklinika mebellari 25 may kuni Bo‘ka tumanidagi Bo‘ston qishloq vrachlik punktiga "ijara"ga olib ketilgan.

19 iyun kuni Ozodlikka gapirgan Olmaliq poliklinikasi vrachlari Bo‘kaga olib ketilgan yangi tibbiyot mebellarining yarmi qaytmaganini bildirdi.

Vrachlarning aytishicha, qariyb bir oydan buyon bemorlarni yotqizishga kushetka¸ kompyuter qo‘yishga stol yo‘q.

Olmaliq tibbiyot birlashmasi boshlig‘i poliklinika mebellari Bo‘kaga olib borilganini tasdiqladi.

Kushetkasi olib ketilgan xirurg xonasi
Kushetkasi olib ketilgan xirurg xonasi

​Olmaliq shahridagi Markaziy ko‘ptarmoqli poliklinika va oilaviy poliklinika mebellari 25 may kuni uchta yuk mashinasida Bo‘kaga olib ketilgani haqida ismlari oshkor bo‘lishini istamagan vrachlar Ozodlikka xabar berdi.

“Bo‘ka tumanining Bo‘ston qishloq vrachlik punktini prezident kelishiga zamonaviy qilib ko‘rsatish uchun poliklinikamizning yangi mebellarini olib ketishgan edi. Prezidentimizga ko‘zbo‘yamachilik qilib ko‘rsatish uchun. Lekin prezidentimiz u QVPga kirmasdan yonidan o‘tib ketgan. Bemorlarni yotqizib ko‘radigan yap-yangi kushetkalar, shkaflar, stol-stullarni olib ketishgan edi. Qirilgan, sirilgan qilib yarmini qaytarib olib kelishdi. Ammo yarim mebelimiz hali ham qaytgani yo‘q. Bemorlarni tik turgan holda qabul qilayapmiz”.

Poliklinkadagi stol orasiga tiqib qo‘yilgan kompyuter
Poliklinkadagi stol orasiga tiqib qo‘yilgan kompyuter

​Ozodlik suhbatlashgan vrachlar ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘radi.

“Bu poliklinikani Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qurib bergan. Barcha xonalarimiz mebel bilan to‘liq jihozlangan edi. Bir kunda tibbiyot birlashmasidan buyruq bo‘ldida, tapa-tap mebellarni yuk mashinalariga ortib¸ olib ketishdi. Ishonasizmi, hozir xirurg kabinetida oddiy kushetka ham yo‘q. Kompyuterlarni stollarning orasiga tiqib qo‘yganmiz. Bizku bir amallab bemorlarni ko‘rib javob berayapmiz, lekin prezidentimizni aldashlariga chidab turolmayapmiz. O‘sha Bo‘kadagi QVPni nochor ahvolini prezidentimiz ko‘rganlarida balki¸ yangi QVP qurib berarmidi yoki mebel bilan ta’minlarmidi? Yo‘q, bular hamma yolg‘onni chin qilib prezidentga ko‘rsatishga harakat qilishadi. Bo‘lmasa¸ qariyb 40 kilometr masofaga mebel tashib borish shartmidi? Mebellarimizning yarmini shalag‘ini chiqarib qaytarib olib kelishdi, qolgani esa yo‘q”.

Ozodlik bilan gaplashgan shifokorlar o‘z iddaosini tasdiqlash uchun poliklinikaning hozirgi vaziyati aks etgan suratlarni taqdim qildi.

Olib ketilgan stollar
Olib ketilgan stollar

Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi rahbari Rustam O‘narov poliklinika mebellarining Bo‘ka tumaniga olib ketilganini tasdiqladi. Mutasaddi¸ ayni paytda¸ ularning hammasi qaytarib olib kelinganini iddao qildi.

- Olib kelindi. O‘shanda u yerda aksiya bo‘lgan. Hamma shahar va tumanlar qatnashgan. Bizning tibbiy xodimlarimiz ham borgan. Ularning mebellari tayyor bo‘lmagani uchun, do‘xtirlar yetmagani uchun, biz o‘zimizdan olib borganmiz. Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi 80 million so‘mga inventar gaplashgan ekan, o‘sha kelmay qopti. Keyin keldi. Biz qaytarib olib keldik. Xohlasangiz kelib, buxgalteriyaga kirib, inventarni tekshirib ko‘rishingiz mumkin, hamma mebel qaytarib olib kelingan.

Ozodlik suhbatdoshlarining aytishicha¸ Olmaliqdagi poliklinikalar mebellari prezident tashrifidan besh kun avval - 25 may kuni olib ketilgan.

Olmaliq tibbiyot birlashmasi rahbari tilgan olgan “Sog‘lom hayotga qadam tashla” aksiyasi doirasida “Salomatlik kuni” ommaviy tadbirlari aksiyasi Bo‘ka tumanining Bo‘ston qishlog‘ida 15 iyun kuni o‘tkazilgan.

Rustam O‘narov bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng Ozodlik poliklinika vrachlari bilan qayta bog‘landi.

Suhbatdosh¸ bu gapni "yolg‘on" deb atadi.

“Hech qanaqa aksiya bo‘lgani yo‘q. Birorta vrach ham borgani yo‘q. Aksiyaga vrach mebelini qo‘ltiqlab boradimi, qaerda shunday bo‘lgan ekan? Bu prezidentni aldash uchun navbatdagi ko‘zbo‘yamachiliklardan biri bo‘ldi, xolos”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatiga joriy yilning 1 iyun kuni borgan edi.

O‘shanda Bo‘ka tumanidagi “Sarkor” fermer xo‘jaligi rahbari dala shiyponiga olib boradigan dala o‘rtasidagi yo‘lga kafel yotqizib chiqilgan va prezident shu yo‘ldan yurib o‘tgan edi.

Prezident ko‘zbo‘yamachilikni yoqtirmasligini aytgan bo‘lsa ham, mamlakatda u boradigan joylardagi holatni aslidan bo‘rttirib ko‘rsatish davom etmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga prezident tashrifi arafasida besh nafar ayolga kottej sovg‘a qilib, so‘ngra ularni chiqarib yuborgan mutasaddilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib bergan edi.

Ayni paytda Ozodlikka har bir viloyatda prezident borishi kutilgan ob’ektlarni yasatishga tashlanadigan "gastroler texnika va maishiy uskunalar"¸ shuningdek prezident bilan uchrashishga obdon hozirlangan "xalq vakillari" borligi haqida kelayotgan xabarlar ko‘payib bormoqda.

XS
SM
MD
LG