Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:30

Miromon Mirziyoev nomli tibbiyot birlashmasining o‘ttiz xodimi ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirdi


Miromon Mirziyoev nomli Zomin tuman tibbiyot birlashmasi
Miromon Mirziyoev nomli Zomin tuman tibbiyot birlashmasi

Jizzax viloyati Zomin tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam shoxobchalarida ishlaydigan 30 nafardan ortiq hamshira, dori taxlovchi, sanitarka va dispetcher 18 iyun kuni tuman Xalq qabulxonasiga borib, ishdan noqonuniy bo‘shatilayotganiga qarshi norozilik bildirdi.

O‘tgan yilning noyabrida ish boshlagan bu tibbiyot xodimlari, birlashma rahbarlarini korrupsiyada ayblab, arizalarini xalq qabulxonasiga topshirgan.

Tibbiyot birlashmasi rahbari xodimlarning Xalq qabulxonasiga shikoyat qilib borganini tasdiqlar ekan, ularning yoppasiga qisqartirilayotganini inkor qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning otasi Miromon Mirziyoev nomiga qo‘yilgan Zomin tibbiyot birlashmasining o‘ttizdan ortiq xodimi 18 iyun kuni tuman xalq qabulxonasiga arz qilib borgani haqida, ismi sir qolishini so‘ragan shikoyatchilardan biri Ozodlikka xabar qildi:

“O‘tgan yilning noyabr - dekabr oyida Zomin tumani qishloqlarida tez yordam shoxobchalari tashkil etilib, hamshira, sanitarka, dispetcher, dori taxlovchi shtatlariga 103 nafar odam ishga olingan edi. Endi esa shtat qisqaryapti deb, bizni ishdan bo‘shatishmoqchi. Hammaga ogohlantirish maktublari berilgan. Bu xodimlarning aksariyati ishga kirish uchun bir million so‘mdan uch million so‘mgacha pora berishga majbur bo‘lganini Xalq qabulxonasidagi mulozimlarga aytishdi. Ular bu gaplarning hammasini videoga olib Toshkentga yuborishlarini va u yerdan bu muammoni o‘rgangani maxsus komissiya kelishini aytgandan so‘ng, ayollar tarqadi”.

Norozilik bildirgan xodimlardan birining maktubi
Norozilik bildirgan xodimlardan birining maktubi

​Ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgani haqida ogohlantirish xati olgan hamshira Hilola Kubaevaning Ozodlikka aytishicha, xalq qabulxonasida barcha ayollar o‘z haq-huquqlarini talab qilgan:

“Seshanba kuni men ishda edim. Ishdan bo‘shatilayotgan xodimlar Xalq qabulxonasiga borishganda meni ham chaqirishdi. Borsam ishchilarimiz ishga kirish uchun pora berishga majbur bo‘lishganini, lekin besh-olti oy ishlamay ishdan bo‘shatilayotgani haqida kuyib gapirayotgan ekan. Biz ham gapirdik”

Hilola Kubaevaning aytishicha, norozilik bildirgan ayollarga tibbiyot birlashmasi mulozimlari qattiq bosim o‘tkazgan:

“Kecha Xalq qabulxonasiga borib, olingan videodan nusxa berishni talab qildim, Toshkentga yuborganmiz deb, berishmadi. Ikki xodimning arizasidan nusxa olib keldim. Bugun esa o‘sha norozilik bildirgan hamkasblarim telefon qilib, bizni boshqa bezovta qilmang, ishdan haydasa ham rozimiz, tinch qo‘yishsa bo‘ldi, deyishyapti. Men esa oxirigacha boraman. Menku pora bermay xalq qabulxonasi orqali ishga kirganman, lekin o‘sha kuni o‘nlab ayollar korruptsiya tibbiyot birlashmasida chuqur ildiz otib ketgani haqida mulozimlarga aytishdi. Toshkentdan maxsus komissiya kelsin, adolatli tekshirsin, bularning hamma nayranglari fosh bo‘ladi”.

Zomin tibbiyot birlashmasi rahbari imzosi bilan xodimga yuborilgan ogohlantirish xati
Zomin tibbiyot birlashmasi rahbari imzosi bilan xodimga yuborilgan ogohlantirish xati

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, xodimlar noroziligidan so‘ng birlashma kadrlar bo‘limi boshlig‘i, katta hamshira va boshqa mulozimlar norozilikka chiqqan har bir xodimning uyiga borib, uni da’volaridan voz kechishini talab qilgan:

“Agar pora berganman desalaring, o‘zlaring ham qamalasizlar, yaxshisi arizalaringni qaytarib olinglar, deb erlarimiz, otalarimiz orqali bosim o‘tkazyapti”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan hamshiralardan biri.

Ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan birlashma shifokorlaridan birining aytishicha, agar haqiqatan ham xolis komissiya prezident otasi nomidagi tibbiyot birlashmasini tekshirib chiqsa, ko‘p adolatsizliklar namoyon bo‘ladi:

“Bu birlashmadagi adolatsizliklarni sanab adog‘iga etolmaysiz. Kasallarning oziq-ovqat ta’minotidagi o‘g‘irliklar, “o‘lik shtatlar”, moddiy yordamlarning asl egalariga yetib bormayotgani, mukofotlarning faqat rahbarlarning yaqin odamlariga berilayotgani, bularning hammasi xolis reviziya qilinsa, ko‘p narsa chiqib keladi”.

Zomin tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Rustam Ibragimov Ozodlik bilan suhbatda xodimlarning Xalq qabulxonasiga arz qilib borganini tasdiqlar ekan, buni anglashilmovchilik deb atadi:

- Xodimlarning ishdan bo‘shatilishi degan gap yo‘q. Bularning qabulxonaga borgani, qandaydir noqonuniy agitatsiya bo‘lgan. Bir ayol agitatsiya qilgan. Bugun ham borib o‘sha ayollar bilan gaplashdik, ular o‘sha ayol aytgani uchun bordik, keyin videoga olib gapirtirmoqchi bo‘lganda biz ketdik, deyishdi. Hammasi oyligini olib, ishlab yuribdi. Tez tibbiy yordam shoxobchalarida faqat dori taxlovchi va dispetcher shtatlari masalasi bo‘lib turibdi. Masalan, dorini har kim ham taxlay oladiku. Biz tez tibbiy yordamni markazlashtirayotganimiz uchun dispetcher masalasi ham bor. Lekin bu xodimlarga boshqa joydan ish topib berishga harakat qilamiz.

Bosh vrach xodimlarning korrupsiya haqidagi iddaolariga mujmal javob berdi:

“Har bir xodim mendan tashqari profsoyuz, tez yordam bo‘limi boshlig‘i, yurist, kadrlar bo‘limi boshlig‘i va o‘sha xodimning biror yaqini ishtirok etgan imtihonda tanlab olinadi. Masalan beshta da’vogar bo‘lsa, eng yaxshisi olinadi. Yana endi. Qanday o‘yinlar bo‘lgan, men bilmayman. Men o‘zimni oqlamoqchi emasman, lekin korrupsiya borligini kuzatmaganman”

Bosh vrach hech bir xodimga ogohlantirish maktubi yuborilmaganini aytdi.

XS
SM
MD
LG