Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:21

Toshturmada mahbusni urgani uchun jazolangan nozirlar hukmdan norozi


Qamoqxona nozirlarining hatti-harakati video kuzatuv kamerasiga yozilgan
Qamoqxona nozirlarining hatti-harakati video kuzatuv kamerasiga yozilgan

Xalq orasida “Toshturma” deyiladigan JIEBB (Jazoni ijro etish Bosh Boshqarmasi)ga qarashli birinchi tergov hibsxonasida mahbusni rezina tayoqcha bilan urganlikda ayblangan ikki safdor sud hukmi bilan ikki yilga axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. Ayblanuvchilar hukmdan norozi. Sud hukmining nusxasi Ozodlikda bor.

21 iyun kuni o‘tgan Toshkent viloyati apellyatsiya sudi quyi instansiya qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

Mahbusni urganlikda aybdor deb topilganlar JIEBB tizimidan chetlashtirildi.

Mahbusni urgani uchun jazolangan qamoqxona nozirlari yaqinlarining Ozodlikka iddao qilishicha, sud hukmi adolatsiz bo‘lgan.

- Norozimiz. Hukm ustidan Oliy sudga arz qilamiz. Chunki bu ikki odam oilaning yolg‘iz boquvchisi. Ular qoidaga ko‘ra¸ harakat qilishgan. Mahbus ularga tashlanmoqchi bo‘lganida qoida asosida uni tinchlantirishgan.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi tufayli ismi sir qolishini istagan JIEBB vakilining Ozodlikka aytishicha, bu ikki nozirning harakatlarida yaqqol jinoiy alomat ko‘rinmaydi.

- Ichki xavfsizlik tizimi 2018 yil oktabrda yuz bergan bu hodisani o‘rganib chiqdi. TX-1 tartibot va qo‘riqlash bo‘limi nazoratchilari A.M va A.A qoidaga ko‘ra 2 blok 3403 raqamli kamerada to‘polon ko‘targan mahbus J.B ni tinchlantirgan. Mahbus masofani saqlamagani bois, u "rezinka tayoq maxsus vositasi" bilan yelka qismiga bir marta urilgan. Bu holatda jinoyat alomati yo‘q. Ijro intizomi buzilgan. Maxsus vosita qo‘llangani yuzasidan bayonnoma tuzilmagan. Buning uchun birinchi tergov hibsxonasidagi 8 xodimga intizomiy jazo tarzida hayfsan berildi¸ deydi voqeadan xabardor mulozim.

Videotasvir haqiqati

Ozodlik tasarrufida mahbus bilan bog‘liq holat aks etgan videotasvir mavjud. Qamoqxona kuzatuv kamerasiga oid bu tasvirda 2018 yilning 30 oktabr tunidagi holat aks etgan.

Tasvirdagi "taym kod" larni tekshirgan mutaxassis uning qamoqxona kuzatuv kamerasiga oid ekanligini tasdiqladi.

Ovozsiz videotasvirda Toshturma qamoqxonasi koridori deya ishonilgan saxn aks etgan. Kameralardan birining kormushkasi (Ovqat (balanda) beradigan tuynugi) ochilib yopiladi.

Qoidaga ko‘ra, kormushka yopiq bo‘lishi kerak. Voqea joyiga yetib kelgan safdor favqulodda holat tugmasini bosgani videoda ko‘rinadi. Bir ozdan keyin rezinka tayoq ushlagan yana ikki safdor yetib keladi.

Kamera eshigi ochilib, ichkaridan oq ko‘ylak kiygan o‘rta bo‘yli to‘ladan kelgan mahbus chiqadi. Kadrda aristonning qamoqxona nozirlari bilan adi-badi aytishgani ko‘rinadi. Keyin safdorlardan biri mahkumning qorniga rezinka dubinkaning uchi bilan zarba beradi. Yana bir safdor mahbusning yelkasiga dubinka bilan bir marta tushiradi.

Mahbus cho‘kkalab o‘tirib qo‘li bilan yuzini bekitib¸ meni urmanglar degan qiyofada aks etadi. Voqea joyiga yana bir nozir yetib keladi. Safdorlar hamrohligida mahbus qornini changallab ketayotgani aks etgan.

Ozodlik bu videoni toshkentlik huquqshunos Odilbek Rahimberdievga ko‘rsatdi. Unga ko‘ra¸ JIEBB tizimidagi nozirlar favqulodda holat tugmasi bosilgan paytda rezina dubinka qo‘llashiga mavjud instruksiya izn beradi, ammo:

- Videodan ko‘rinib turibdiki, mahbus nozirga qarab hamla qilgan bo‘lsa ham safdor xayotini xavf ostiga qo‘yadigan salohiyatda bo‘lmagan. Urmasdan tinchlantirish imkoni mavjud edi. Shu ma’noda bu nozirlarga intizomiy jazo berish mumkin. Nozir harakatida jinoiy alomat ko‘rmadim, dedi huqushunos.

Toshkentlik huquqshunos Odilbek Rahimberdiev bu harakatning sudda malakalanishiga ham e’tiroz bildirdi:

- Bu ikkala nozir Jinoyat kodeksining 206 moddasiga ko‘ra aybli deb topildi. 206-modda mansab vakolati doirasidan chetga chiqishni bildiradi. Bu moddada “mansabdor shaxsning o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi” degan jumla bor. Safdor bu mansabdor toifasiga kirmaydi. U oddiy ijrochi xodim. Shu bois bu ikkala nozir qilmishiga noadekvat jazolangan degan fikrdaman, deydi huqushunos.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik 2018 yilning 30 oktabr kechasi Toshturmada navbatchilik qilgan serjant bilan gaplashdi. Ishdan bo‘shatilishidan qo‘rqib ismi efirda berilmasligini so‘ragan serjant o‘zi guvoh bo‘lgan tafsilotlarni Ozodlik bilan bo‘lishdi.

- Kechqurungi soat uch. To‘rtinchi qavatdaman. Kimdir kamera kormushkasini taraqlatib, meni tashqariga chiqazing, deb baqirmoqda. Qarasam 3403 raqamli kamera. U mahbusni to‘rtinchi marta sudlangani uchun hamma taniydi. O‘g‘irlik va firibgarlik uchun oldin o‘tirib chiqqan. Safdorlar yugurib bordi. Mahbus bo‘lsa safdorni onasidan so‘kib yuziga chang soldi. Keyin korpus kattasi serjant Musulmonqul Boyqoroev yugurib borib vaziyatni nazoratga oldi. Qoida bo‘yicha kapitan Ulug‘bek Qodirov habardor qilindi¸ deydi serjant.

"Urganingni bo‘ynigga ol, deb urishdi”

Serjantning yana da’vo qilishicha¸ ana shundan keyin 3403 raqamli kamera mahbusi o‘z advokati orqali portalga ariza yozgan:

-Hamma yoqni prokuratura xodimlari bosib ketdi. Maxsus prokuratura xodimlari kelib o‘sha kuni navbatchi bo‘lgan nazoratchilarni qator tizib urib-urib tashlashdi. Qiynoq qo‘llaganingni bo‘ynigga ol,deb mushti bilan qornimga soldi¸ deya iddao qiladi serjant.

Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoni tasdiqlaydigan yoki inkor qiladigan hujjat yo‘q. (Ozodlik radiosi Bosh prokuraturaning bu boradagi rasmiy izohiga o‘rin berishga tayyor)

Ozodlik tasarrufida Toshkent viloyat prokuraturasining ayni holat yuzasidan JIEBBga kiritgan 1218 raqamli taqdimnoma nusxasi bor. Bu hujjatda tartibot va qo‘riqlash bo‘limi nazoratchilari ijrochilik intizomini buzgani qayd qilingan.

Maxbus nega kamera eshigini tepdi?

Ozodlik 3403 raqamli kamera mahbusi J.B (to‘la ismi Ozodlikda mavjud) ning yaqinlari bilan gaplashdi. Ular JB ning to‘rt marta jinoiy javobgarlikka tortilganini tasdiqlash bilan birga bu masalani matbuotda yoritilishini istashmadi. Ularning aytishicha¸ 2018 yilning 30 oktyabrida firibgarlik jinoyatida gumonlanib qamoqda o‘tirgan JB ruhiy tushkunlik va stress bois eshikni tepgan:

- Unga havo yetishmagan. Doktorni chaqiring, deb so‘ragan. Asabiy holatda bo‘lgan¸ deydi kaltaklangan mahbusning yaqinlaridan biri.

Ozodlik tasarrufidagi sud tergov hujjatlarida mahbus J.B bir-biriga qarshi bo‘lgan chalkash ko‘rsatmalar bergani qayd qilingan.

Toshkentlik huquqshunos Odilbek Rahimberdievning aytishicha, Toshturmada mahbuslarni urdi, deya jazolanish holati o‘ta kam kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG