O‘zbekiston Oliy Sudi 26 iyun kuni 2013 yilda sudlanib uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan "MUVAD VIDEO" studiyasi rahbari Abdushukur Islomov va uning ikki akasi ustidan chiqarilgan hukmni bekor qildi.
Bu haqda Ozodlikka bildirgan Abdushukur Islomovning aytishicha, ish qayta ko‘rib chiqilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga yuborilgan.
Nohaq ayblanganlar ularga qo‘yilgan to‘qima aylovlarning to‘liq olib tashlanishiga, musodara qilingan 3 million dollarlik xususiy mulk qaytarilishiga va aybdorlar jazolanishiga umid qilmoqda.
"MUVAD VIDEO" studiyasi rahbari Abdushukur Islomovning Ozodlikka aytishicha, uzoq yillik azob va kutishlardan so‘ng adolat quyoshi ko‘rinib qolgan:
- Oliy Sudda nazorat tartibida sud bo‘lib o‘tdi. Oliy Sud avvalgi sud chiqargan barcha hukmlarini bekor qildi. Bizga 13ta og‘ir modda qo‘ygan edi. Biz bu ayblovlarning to‘qima ekanligini, uch million dollarlik mol-mulkimizni qaytarib berilishini so‘ragan edik. Menga 12 yil, ikki akamga 11 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan edi. Men 4 yilu 3 oy, akalarim 3 yildan o‘tirib chiqdik. Juda og‘ir kunlarni boshimizga solishdi. Yaxshiyam, zamon o‘zgarib, el boshiga adolatli prezident keldi. Xudo xohlasa, to‘la oqlanib olamiz, degan niyatdamiz.
Abdushukur Islomovga ko‘ra, ularga qarshi guvohlik berganlar kuchli tazyiq va qo‘rqitishlar ostida shu ishni qilishga majbur bo‘lganini aytgan:
- O‘sha yolg‘on guvohlik berganlar, "meni urgan, seni ham qamaymiz deb qo‘rqitgan", deb aytishyapti. Kimlargadir bizning biznesimiz kerak bo‘lib qolgan, shu biznesni olish uchun bizni shu ko‘yga solishdi.
1990 yillar boshlarida Toshkentda ochilgan xususiy "MUVAD VIDEO" studiyasi O‘zbekistonda audio va video yozib olish faoliyatini boshlagan ilk xususiy studiya bo‘lgan.
O‘zbekistonlik mashhur san’at yulduzlarining konsert dasturlarini ilk bor shu studiya yozib olib, tarqatgan edi.
"MUVAD VIDEO" studiyasi faoliyatini kuzatib kelayotgan Ozodlik manbasining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning eri Rustam Madumarov "PanTerra Studio"ni tashkil qilganidan so‘ng, u bilan raqobatchi bo‘lgan studiyalarga nisbatan siquv boshlangan edi.
"MUVAD VIDEO" studiyasi ham ana shu zarbaga uchraganlardan biri bo‘lgan.
PanTerra esa Gulnora Karimovaga tegishli Terra Group media shirkatiga kirgan.