Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni vazirlikka shikoyat qilgani uchun umumiy majlisda “iflos, hayvon, shakal, hezalak, karranda, maymun” deb haqorat qilgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu holatga munosabat bildirdi.
Vazirlik matbuot xizmatining xabar qilishicha, viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy buyumlar sotib olinishi uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari tibbiy sertifikati bo‘lmagan shprits va qo‘lqop sotib olishga majburan yo‘naltirilgan.
Vazirlik munosabati
"Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyat hokimligida 2019 yil 3 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni qarori bilan viloyat moliya boshqarmasiga pul mablag‘larini tibbiyot muassasalaridan yig‘ib olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga markazlashtirish hamda ushbu pul mablag‘lariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shprits, infuzion sistema va tibbiy qo‘lqoplar sotib olish topshirilgan.
Vaholanki, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ushbu tibbiy buyumlarni xarid qilish taqiqlangan. Yuqoridagi topshiriq asosida Andijon shahrida joylashgan ”MAKRO FARM ANDIJON” MChJ bilan yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jami 6,3 mlrd so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan shprits va sistemalar sotib olingan.
Xuddi shunday tartibda topshiriq asosida Andijon shahridagi “GOLD GROWN PHARMA” MChJdan noqonuniy ravishda jami 20,1 milliard so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan tibbiy qo‘lqop mahsulotlari xarid qilingan.
– Aslida ushbu mablag‘larga viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy buyumlar ham sotib olinishi lozim edi, - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muxammadiev. – Buning oqibatida, Andijon viloyatida 2018-2019 yillarda shprits, sistema va qo‘lqoplar bilan ta’minot darajasi zarur ehtiyojdan bir necha marotaba ortiqqa ta’minlangan, lekin shoshilinch yordam uchun kerakli bo‘lgan va boshqa dori vositalari ehtiyojga nisbatan bir necha marotaba kam xarid qilingan.
Oddiy qilib aytganda, pul mablag‘larining noto‘g‘ri taqsimlanishi
va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi buzilishi oqibatida o‘rganilgan tashkilotlarda viloyat aholisining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji 44,5 foizga (“Aktovegin” dori vositasiga bo‘lgan ehtiyoj hatto 5 foizga) ta’minlangan bir paytda, qo‘lqop 265 foizga, sistema 103 foizga hamda shprits 500 foizga ehtiyojdan ortiq sotib olingan.
– Amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, - deydi R.Muxammadiev, -yuqoridagi ko‘rsatilgan tibbiy buyumlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi, ya’ni sifati O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan standartlarga to‘liq javob berishi shart edi. Tabiiyki, bunday sertifikati bo‘lmagan mahsulotlarni sotish va ishlatish umuman mumkin emas. Lekin shunga qaramay,ko‘rsatilgan holatda bunday sertifikati bo‘lmagan (hattoki 47 ta holatda bunday sertifikat berish rad etilgan) sifatsiz tibbiy buyumlar sotib olingan".
Hokim nega viloyat bosh shifokorini haqorat qilgan edi?
Ozodlikka yuborilgan audioyozuvda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni "vazircha"siga shikoyat qilganlikda ayblab, uni inson shaxsini tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi:
“Nega menga bunaqa aql beryapsan, ey oblzdravning boshlig‘i, iflos, maraz, latta. Ey seni o‘zi nimadan xabaring bor, aytgin! Kasaldan xabaring bo‘lmasa, undan xabaring bo‘lmasa, anavu marazing, vazirchang iflos, kecha menga kevolib, ko‘timga paxta qo‘yib, Andijondan chiqqan, Genprokurorga xat kirgizibdi. Shpritsni unaqa qilib o‘tkazyapti, perchatkani munaqa qilib o‘tkazyapti tender qilmasdan. Sen marazsan, dudkasan sen, erta-indin boshingni yeyman, sen iflosni. Genprokuror menga aytyapti, Shuhrat aka borib vazir bilan gaplashivoling, mana bunday xat qilyapti, deb. Men shpritsni kirgizdirib, kattaxolamnikiga olib ketyapmanmi? Nimasiga e’tirozing bor, sifatsiz deganmishsan, iflos? Sen, kak medik tushunadigan bo‘lsang, nimasi sifatsiz uni?
(shu payt boshqarma boshlig‘i pastda turib nimadir deydi, lekin hokim tutoqib ketadi)
E’tiroz bildirmasang, nega unaqa qiladi. KRU sening uyingga kelganmi yoki meni uyimga? Qaerga qarading sen iflos, nega qo‘lidan yetaklab, yur hokimning oldiga, deb aytmading? Sifatsiz deysan, nimaga aytmading, it! Ikkita frontga o‘ynayapsan, sen iflos! Tilingni uzib, ko‘tingga tiqib yuboraman, sen marazni hali! Sen o‘ynashyapsan men bilan, hezalak! Lekin eshitib ol. Bugun mening qo‘limda vlast! Ikkovingni so‘yaman, sen ifloslarni hali!
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovning o‘zi 27 iyun kuni majlisda hokim uni haqorat qilganini eslolmayotganini aytgan edi:
- Unaqa holat bo‘lmagan. Men eslolmayapman. Uzr, oldimda odamlar bor edi, deb Avazbek Abdurahmonov aloqani uzdi.
Andijonning so‘kong‘ich hokimlari
Ozodlik ilgari ham andijonlik hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarni inson sha’nini tahqirlaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida bir necha bor xabar bergan edi.
Ozodlikning kuzatishicha, Andijon viloyati tuman hokimlarining haqoratli so‘zlar lug‘atida “iflos, shakal, haromi, tvar, eshak” kabi so‘zlar ko‘p uchragan.
Ozodlikka yuborilgan audio eshitilib, viloyat hokimining “so‘z boyligi” ham tuman hokimlarinikidan kam emasligi ma’lum bo‘ldi.
Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev 2017 yil kuzda paxta terimiga kam odam chiqargan tashkilot rahbarlarini “shakal”, “tvar”, “hayvon”, “eshshak” deb qattiq haqorat qilgan va bu haqoratlari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga 5 million so‘m jarima solingan edi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 2018 yil 17 aprel kuni o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, bir necha hokimga hayfsan e’lon qilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevni oxirgi marta ogohlantirayotganini aytgan edi.
Ammo, bu ogohlantirishdan keyin ham Dilmurod Rahmatullaev 15 may kuni obodonlashtirish ishlariga yetarli e’tibor bermagan mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini "iflos, xudo urgan, maraz, pes, moxov, harom va latta" kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.
Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov va Bo‘z tumani sobiq hokimi Abdurashid Mamirov hokimlikdagi yig‘ilishda bog‘cha, maktab va kollej rahbarlarini “nahs, tvar, itdan tarqagan, harom” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.