Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:33

Leningrad viloyatida 15 yashar bolakay o‘zbek muhojirini pichoqlab o‘ldirganlikda ayblandi (VIDEO)


Rossiyaning Leningrad viloyatida savdo do‘konida 49 yoshli o‘zbek muhojirini pichoqlab ketgan shaxs qo‘lga olindi. Dastlabki tergov xulosasiga ko‘ra, 15 yashar maktab o‘quvchisi o‘zbekistonlikni skuteriga yo‘l bermagani uchun chavaqlab tashlagan.

Rossiya tergov qo‘mitasining Vsevolojsk shahar tergov bo‘linmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 49 yashar muhojirni pichoqlab ketgan shaxsni aniqlagani va Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-1 moddasi, ya’ni qotillik asosida jinoiy javobgarlikka tortganini ma’lum qildi.

- Mazkur jinoyatda ayblanib, 15 yashar yigitcha qo‘lga olindi. Tergov qo‘mitasining shahar bo‘linmasi tergovchisi sud oldida ayblanuvchi shaxsni hibsga olish borasida qilgan da’vo arizasini rad etib, voyaga yetmagan shaxsni uy qamog‘ida qoldirish chorasini qo‘lladi, - deya xabar qildi Ozodlikka Leningrad viloyati Tergov qo‘mitasining navbatchi ofitseri.

Tergovchilar Ozodlik so‘roviga qo‘yidagi ma’lumotlarni bildirdi:

2019 yilning 28 iyun kuni Peterburgdan Vsevolojskka mehmonga kelgan 15 yashar Artyom motorollerda ko‘chani “zebra”da kesib o‘tayotgan 49 yoshli o‘zbekistonlik muhojirni turtib ketishiga sal qoladi. O‘zbek muhojiri bolaga tanbeh beradi va shu atrofdagi savdo do‘koniga kirib ketadi.

Biroq o‘zbek migranti so‘zlari yoqmagan Artyom uning ortidan do‘qonga kirib, mushtlasha boshlaydi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarida do‘kon ichkarisidagi videokameralardan janjal tasviri tushgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi.

Unda yosh yigitcha magazin ichkarisida turgan oq sochli shaxs yoniga kelib, yuziga musht tushirayotgani va shuning ortidan mushtlashuv boshlangani aks etgan.

Kuchi yetmasligini anglagan yigitcha birdan kissasidan pichoq olib, muhojir tanasiga bir necha marotaba uradi. Video yakunida qonga belanib ketgan shaxs kostyumini yechib, tashqariga chiqib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik o‘z manbalaridan chavaqlangan shaxs 49 yashar o‘zbekistonlik Hikmatullo Roziqov ekanini aniqladi.

U Leningrad viloyatida patent asosida ish faoliyatini olib borgani, O‘zbekistonda uning ikki farzandi va rafiqasi qolgani ma’lum bo‘ldi.

Qotillik sodir etilgan Leskolovo qishloq do‘qoni
Qotillik sodir etilgan Leskolovo qishloq do‘qoni

Tergovchilar pichoq bilan urilgan zarbalardan biri o‘zbek muhojiri yuragiga tekkani va Hikmatullo mahalliy shifoxonaning reanimatsiyasida jon berganini bildirishdi.

Qotillikda ayblanayotgan 15 yashar Artyom sevishgan qizi bilan uchrashish uchun kelgani, ijtimoiy sahifasida u o‘zlarini “bezorilar” deb atovchi guruhlarga mansubligi va Peterburg futbol fanatlaridan ekanini ko‘z-ko‘z qilib kelganini ko‘rish mumkin.

30 iyun kuni uy qamog‘iga olingan voyaga yetmagan ayblanuvchi himoyachisi huzurida so‘roqqa tutildi va qotillikni sodir etganini inkor etmadi.

Tergov qo‘mitasi mazkur jinoyatga aloqador boshqa tafsilotlar o‘rganilayotgani va tegishli sud-tibbiy ekspertizalari yakuniga qadar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri jasadi mahalliy morgda saqlanishini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG