Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:32

Rossiyadagi qurilishda o‘g‘li nobud bo‘lgan ota haqiqat izlamoqda


Jasur Mengliev.
Jasur Mengliev.

Krasnodardagi qurilishlardan birida havozadan qulab tushgan 20 yashar Jasur Mengliev voqeadan 4 oy o‘tib mahalliy shifoxonaga og‘ir ahvolda olib ketilganidan keyin 21 may kuni vafot etganini Ozodlikka kuni kecha uning otasi bildirdi.

Tojikistonlik etnik o‘zbek muhojirning otasi Turdali Mengliev nima sababdan qurilishda jarohat olgan o‘g‘liga 4 oy davomida yordam ko‘rsatilmagani va o‘lim sababi "noto‘g‘ri ko‘rsatilgani"ini tergov qilishni talab qilmoqda.

Tojikistonning Xatlon viloyati, Nosir Xusrav tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan Turdali Mengliev Rossiyaning Krasnodar shahrida o‘g‘li Jasur Mengliev o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlarni so‘zlab berdi.

Otasining aytishicha, uning o‘g‘li, 20 yashar Jasur Krasnodarda qurilishlardan birida shu yil boshida olgan jarohati oqibatida nobud bo‘lgan:

- 7 fevral kuni qurilish liftida tushayotganida qulagan. Hushimdan ketib yiqildim, dedi. Keyin bolalar kelib suv sepib hushiga keltirgan. Lekin bolani do‘xtirga olib bormagan, “Seni dokumenting yo‘q!”, deb. Men “Bolam, tez qaytasan, o‘zingga kelgin”, dedim. Oradan 10 kun o‘tib bolam ishga chiqqan. Nega ishga chiqding desam, “Ota, minusga ketyapti ishim. Menga bu yerda kim non beradi? Yashashim qiyinlashadi, qarz bo‘lib qolmayin, ota”, dedi? - deya ko‘ziga yosh oldi Turdali Mengliev.

Ota farzandiga Tojikistondan turib tashhis qo‘yishga harakat qilib ko‘radi. U uchragan shifokorlar Jasurning lat yegan joyida yiring yig‘ilib qolgan bo‘lishi mumkinligi va uni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash mumkinligini aytadi.

Turdali Mengliev Tojikistonda turib, telefon orqali o‘g‘lining Krasnodardagi brigadirlaridan uni shifoxonaga olib borishni talab qilgan.

Shundan so‘ng Jasurni yana kasalxonaga olib borishadi. Shundan so‘ng o‘g‘lining aytganlarini ota bunday esladi:

- Rentgenga tushirib, “Orqadagi nerv tomirim qisilgan ekan. Shunga ukol qildi. Shu ukol bilan og‘rig‘im to‘xtarkan, ertaga yaxshi bo‘lib ketaman. Telefonni o‘chiring - charchaganman”, dedi o‘g‘lim.

Otaning keyin bilishicha, og‘riq pasaymagan va brigadirlar ahvolini ko‘rib, “skoriy” chaqirtirgan.

"Keyin nima bo‘lgani menga qorong‘u. Men bolam nima kasaldan ketganini bilmoqchiman – bu oyoq deyapti, bular o‘pka shamollashidan ketdi deyapti!", dedi Turdali Mengliev.

Jasurning o‘limi yuzasidan berilgan hujjatlarda “o‘lim sababi” grafasida “infeksiya-toksik shok” deya yozilganini ko‘rish mumkin.

20 yashar Jasurning o‘limi yuzasidan berilgan ma’lumotnoma.
20 yashar Jasurning o‘limi yuzasidan berilgan ma’lumotnoma.

Turdali Mengliev o‘g‘lini keyingi yil uylantirish niyatida yurganini ham aytdi.

Suhbatdosh Jasurning jasadi o‘zi ishlagan maosh va qurilishda ishlayotgan boshqa muhojirlar yiqqan pul evaziga ona yurtiga keltirilganini ma’lum qildi.

Ozodlik 20 yoshli Jasur Mengliev jarohat olgan qurilish ob’ekti Krasnodar shahrining Uralskaya ko‘chasi, 71 manzili bo‘yicha joylashganini aniqladi. Olingan ma’lumotga ko‘ra, ko‘p qavatli turar-joy qurilishini mahalliy “Xoroshee delo” shirkati olib borgan. Shirkatda Ozodlik so‘roviga Jasur Mengliev masalasi bilan bog‘liq hodisa borasida ma’lumotga ega emasliklari – qurilish ishlari asosan mayda pudratchi shirkatlar tomonidan olib borilishini bildirishdi.

Jasur bilan birga ishlagan va hodisa guvohi bo‘lgan ishchilardan birining aytishicha, Jasur boshqa o‘nlab o‘zbek-tojik ishchilar kabi hujjatsiz ishlagan, unda na ishga ruxsatnoma va na tibbiy sug‘urta bo‘lgan:.

- Uni shifoxonaga birinchi marotaba olib borishganda na polisi, na hujjati bor deb, qabul qilishmadi, qarashmadi. Ikkinchi bor ham tezda ko‘rib, bitta og‘riq bosadigan ukol berib, chiqarvorishgandi. Bu yerda hammamiz shu ahvolda – kim kasal bo‘lsa, jarohat olsa o‘zini o‘zi eplab ketadi, Tepadan yiqilganda Jasurni puli bo‘lmaganmi, otasiga aytishga uyalganmi – ketmadi Tojikistonga, ishda qoldi. Bu vaziyatda brigadirlarning ham aybi yo‘q – shunday sharoitda ishlaydi hamma, dedi ismini aytmagan o‘zbek muhojiri.

Turdali Mengliev o‘g‘li Jasur Menglievning o‘limi bilan bog‘liq jumboqlarni yechishda mutasaddi idoralar va jamoatchilik tashkilotlaridan yordam so‘rab, Rossiya hukumati va Krasnodar shahar ma’muriyati tomonidan unga bu masalada ko‘mak berilishiga ishonib qolishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG