Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:22

Yangiyo‘l hokimligi rejani bajargan fermerlar g‘allasini ham tortib olmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar davlatga bug‘doy topshirish kontraktatsiya shartnomasini bajarganiga qaramay¸ hokimlik rejadan ortiq bug‘doyni ham o‘rib olib ketayotganini bildirdi.

Fermerlarga ko‘ra, militsiya xodimlari nazoratida o‘rimga tushirilgan kombaynlar, daladagi so‘nggi boshoqni o‘rib olmaguncha chiqarilmayapti.

Tuman hokimligining mulozimi shunday holat bo‘lganini tasdiqlar ekan, bu tadbir gektar hosildorligi past bo‘lgan fermerlarga nisbatan qo‘llanilayotganini aytdi.

Hokimlik tomonidan tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan fermer Ozodlikka davlatga bug‘doy topshirish kontraktatsiya shartnomasini qariyb 140 foiz qilib bajargan bo‘lsa-da, o‘ziga bir kilo ham bug‘doy qoldirilmaganini aytadi.

“Bug‘doy o‘rimi boshlanishi bilan har bir kombaynga ikkitadan organ xodimi biriktirib qo‘yildi. Masalan, kombayn mening dalamga kirib kelganidan to chiqib ketguncha ana shu xodimlar nazorat qilib turdi. Kombayn to‘kkan bug‘doyni topshirib kelayapmiz, reja 130 foizdan ham oshdi, lekin o‘rim to‘xtatilmadi. Eng so‘nggi boshoqni ham o‘rib olib ketishdi. Menga bir kilo ham bug‘doy qoldirilmadi. Hokimlikdan mas’ul qilib qo‘yilgan odamga arz qilsak, hech gap emas, davlat plandan ortiq bug‘doyingga ortiqcha narx beradi, deb ruxsat bermadi”.

Fermer¸ Bosh vazir qaroriga ko‘ra, gektar hisobiga ko‘p yetishtirilgan bug‘doyga davlat berayotgan qo‘shimcha haqning bozor narxidan pastligini aytadi.

“Bir kilo bug‘doyning davlat xarid narxi 1200 so‘m. Masalan, gektariga 41-50 sentnerdan topshirsangiz, sizga davlat kilosiga 1320 so‘mdan beradi. Lekin g‘alla ko‘paygan hozirgi paytdagi bozor narxi 1500 so‘m. Hisob-kitob qilib ko‘rsam hozir kilosiga 200 so‘mdan yutqazayapman ekan. Bu qariyb 10 million so‘m degani. Agar shu bug‘doy o‘zimda qolganida edi, men uni ishchilarimga ish haqi sifatida bo‘lib berishim yoki o‘z ixtiyorimga ko‘ra bozorda keyinroq, qimmatroq narxga sotishim mumkin edi. Lekin bizning gapimizni hokimlik umuman inobatga olmaydi”.

Yangiyo‘l tumani hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Elshod Mirahmedov fermerlarning bug‘doyi majburan o‘rib olinish holatlari bo‘lganini tasdiqlar ekan, bu tadbir davlatdan imtiyozli kredit olib ishlagan va gektaridan past ko‘rsatkich olgan fermerlarga nisbatan qo‘llanilayotganini aytdi.

“Masalan, fermer davlatga 10 tonna bug‘doyni 1200 so‘mdan topshirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi imzolagan. Shunga yarasha bunga davlat 100 foiz imtiyozli kredit bergan. Agar fermer bu 10 tonna bug‘doyni gektar boshiga 41 sentnerdan kam topshirsa, Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, davlat xarid narxi 980 so‘mga aylanayapti. Demak¸ 10 tonna bug‘doy 9 million 800 ming so‘m bo‘layapti. Natijada olgan kreditini qoplay olmay qoladi. Buni tushunmagan fermerlar davlat bizning hamma g‘allamizni olib qo‘yayapti, deb shikoyat qilmoqda. Faqat g‘allaning davlat xarid narxiga yetkazolmagan fermerlarning bug‘doyi o‘rib olindi. Biz Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ish olib borayapmiz”

Ozodlik bilan ismi sir qolishini so‘arb gaplashgan yangiyo‘llik boshqa fermer hokimlik mulozimining bu izohiga munosabat bildirar ekan, yoppasiga hamma fermerning bug‘doyi o‘rib olinayotganini iddao qildi.

“Agar fermer Bosh vazir qarorida ko‘rsatilganidek, gektariga 40 sentnerdan kam hosil olsa¸ o‘zi jarima to‘laydi. Buni u biladi. Shuning uchun rejani to‘ldirishga, hosildorlikni 41 sentnerdan oshirishga harakat qiladi. Uning boshida organ xodimi qorovul bo‘lib turishi shart emas. Lekin bizda bunday bo‘lmayapti. Hammaning bug‘doyi bir dona qoldirilmasdan o‘rib ketilayapti. Avvalgi yillari ham shunday bo‘lgan”.

O‘zbekiston Bosh Vaziri Abdulla Aripovning o‘tgan yilning 27 noyabrida imzolagan “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 2019 yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan sug‘oriladigan maydonlarda yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi.

Bunda, boshoqli don hosildorligi har gektaridan 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo‘lganida – 10 foiz, 51- 60 sentnergacha bo‘lganida – 20 foiz, 61 sentnerdan yuqori bo‘lganida – 25 foiz xarid narxiga ustama narx to‘lanadi.

Agar fermerning g‘allasi 30 sentnerdan kam bo‘lganida – 25 foiz, 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida – 15 foiz xarid narxiga chegirma bilan davlat xaridi uchun qabul qilingan donning umumiy hajmi hisob-kitob qilinadi.

XS
SM
MD
LG