Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:32

Fransiya O‘zbekistonga Gulnora Karimovaning pullarini qaytaradigan bo‘ldi


Fransiya Parijda Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan mulklarni sotishdan tushgan pullarni O‘zbekiston hukumatiga topshiradi. Bu haqda Fransiya yangiliklar radiosi – RFI prokuror Nikolya Bayetoga tayangan holda 9 iyul kuni xabar berdi.

Qanday mulklar sotiladi?

Prokurorning bildirishicha, gap Gulnora Karimovaning Parijdagi kvartirasi, Sen-Trope shahri yaqinidagi Gassene aholi punktidagi villasi va de Grussedagi qasri haqida bormoqda.

Bu mulklar SCI mulkni boshqarish shirkati nomiga rasmiylashtirilgan. Fransuz tergovchilari bu ob’ektlar xorij telekommunikatsiya shirkatlari O‘zbekiston bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga bergan poralar hisobiga sotib olinganini aniqlagan.

SCI shirkati 26 iyun kuni tergov bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan va “avvaldan aybdor ekanligini tan olgan holda” prokuraturaga kelgan. SCI shirkati 9 iyulgacha tergov ustidan apellyatsiya kiritish huquqiga ega bo‘lgan, biroq bu huquqdan foydalanmagan. Shundan kelib chiqqan holda, Gulnora Karimovaga tegishli bu uch ob’ekt musodara qilingan hisoblanadi.

O‘zbekiston bilan muzokaralar

Prokuror Nikolya Bayetoga ko‘ra, Karimovaning Parijdagi mulki bo‘yicha yakuniy qarorni Toshkent joriy yilda qabul qildi. Buning uchun O‘zbekiston hukumati bilan 18 oy mobaynida muzokaralar olib borildi.

Bayeto sud tergovchisi Serj Turner bilan Toshkentga kelib, pullarni qaytarish yo‘nalishida qanday yuridik yo‘lni tanlash masalasini muhokama qilganlaridan so‘ng, o‘zbek hukumati yakuniy qarorni qabul qilgan.

“O‘zbekistonda qabul qilingan sud hukmlarini Fransiyada tan olinishi yo‘lini ham tanlash mumkin edi. Biroq bu yo‘l juda murakkab. O‘zbekiston hukumati Fransiyada o‘zini jabrlangan shaxs sifatida taqdim etishiga rozilik berishi va fuqaroviy davogar bo‘lishi yengilroq yo‘l edi. O‘zbekiston hukumati ikkinchi yo‘lni tanladi”, dedi O‘zbekiston hukumati manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Stefan Sekkaldi.

O‘zbekistonga qancha pul qaytariladi?

Hozircha bu savolga aniq javob yo‘q. Sekkaldining Fransiya yangiliklar radiosiga aytishicha: “Fransiyada musodara qilingan mulklar boshqa bir davlatga tovon sifatida berilmaydi. Shuning uchun O‘zbekistonga mulklarni sotishdan tushgan pullargina qaytariladi. Gulnora Karimovaning mulklarini kim oshdi savdosida sotish Fransiya Musodara qilingan mulklarni qaytarish agentligi nazorati ostida o‘tkaziladi".

Gulnora Karimovaning Parijdagi kvartirasi 2019 yilning bahorida 14 million yevroga sotilgan. Bu sotib olingan bahodan ikki barobarga arzondir. Sotilgan mulklardan tushgan pulning 2 million yevrosi tergov harajatlarini qoplash uchun tovon puli sifatida ushlab qolinadi.

Fransiya matbuotining yozishicha, Gulnora Karimova Parijdagi kvartirani 31 million yevroga, villani 2 million 400 ming yevroga, qasrni 28 million yevroga sotib olingan.

Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishlarining tarixi

Fransiyada Gulnora Karimovaga qarshi tergov 2014 yilda Shveysariya prokuraturasi Parijga “jinoiy guruh tarkibida pul yuvish” bo‘yicha jinoyat ishi doirasida so‘rov yuborgani ortidan boshlangan.

2014 yilning 5 sentabrida sud tergovchisi Turner Karimovaning Fransiyadagi uchta mulkini hibsga olish haqida qaror chiqargan edi.

2015 yilning avgustida AQSh qator mamlakatlardan Gulnora Karimovaning 1 milliard dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘yishni iltimos qildi.

2016 yilning yanvarida O‘zbekiston Nyu-York sudiga Karimova ishi doirasida muzlatilgan pullarni Toshkentga qaytariliish yuzasidan so‘rov kiritdi.

24 iyun kuni Shveysariya federal prokuraturasi Karimovaning 2012 yili muzlatilgan 850 million dollar pulining 133 millionini O‘zbekistonga qaytarish haqida dastlabki kelishuvga erishilganini bildirgan edi.

Ammo 1 iyul kuni Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokati Greguar Manja Shveysariya federal jinoyat sudi 555 million dollarning qaytarilishni “zudlik bilan to‘xtat”gani to‘g‘risida ma’lum qildi.

Karimova advokati 4 iyul kuni mijoziga nisbatan “zo‘ravonlik bilan hibsda saqlanishi to‘xtatilmas ekan”¸ muzlatilgan pullarni qaytarish borasida O‘zbekiston hukumati bilan hech qanday hamkorlik bo‘lmasligi haqida bayonot berdi.

Gulnora Karimova Toshkent viloyatidagi Zangiota ayollar qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda.

XS
SM
MD
LG