Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:22

Soxta diplom bilan ishlagan 140 o‘zbek quruvchisi Finlyandiyadan deportatsiya qilinadigan bo‘ldi


Yle finn teleradiokompaniyasi e’lon qilgan qalbaki hujjatlardan biri
Yle finn teleradiokompaniyasi e’lon qilgan qalbaki hujjatlardan biri

11 iyul kuni Finlyandiya Migri immigratsiya xizmati ​O‘zbekistondan kelib Finlyandiyada ishlayotgan jami 139 ishchiga deportatsiya to‘g‘risida hujjat taqdim etganini e’lon qildi.O‘zbekistonlar Finlyandiyada soxta diplomlar bilan ishlaganlikda ayblanmoqda.

Ammo ular o‘z diplomini 3 oylik o‘quv kurslarini bitirib olganini aytmoqda. Migrantlar mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror ustidan Helsinki sudiga murojaat qildi.

Finlyandiya migratsiya idorasi o‘zbekistonlik grajdanlarni qalbaki diplomlar bilan ishlayotganlikda ayblab, mamlakatdan badarg‘a qilish to‘g‘risida may oyida qaror qabul qilgan edi.

Migratsiya xizmatining mahalliy matbuot orqali e’lon qilingan hujjatlariga ko‘ra, deportatsiya qilinayotganlarning deyarli hammasi “Tuyamo‘yingidrostroy” trestining O‘quv kombinatida quruvchilikning turli yo‘nalishlarida tahsil olgani to‘g‘risida diplom taqdim etgan.

Diplomga qo‘yilgan muhrda “O‘zbekiston Suv xo‘jaligi qurilishi davlat qo‘mitasi; “Tuyamo‘yingidrostroy” qurilish-montaj trestining O‘quv kombinati” deb yozilganini, diplom 1999 yilda berilganini ko‘rish mumkin.

Diplomlar 1993 yilda yopilib ketgan o‘quv kombinati nomidan berilgan
Diplomlar 1993 yilda yopilib ketgan o‘quv kombinati nomidan berilgan

Tekshiruvchilar hujjatlar juda yomon sifatda, oddiy printerda chop etilgani, sertifikatlar raqamlari bir xilda chiqarilganini e’lon qilishdi.

Bu ish tafsilotlarini Ozodlikka so‘zlab bergan Helsinkidagi o‘zbeklar jamiyati rahbari Mavluda Peyponen diplomlarning soxtaligi o‘tgan yilning oktabrida Finlyandiya chegarachilari tomonidan aniqlanibdi, deydi:

- Muammo aynan diplomlarda. Deport berilayotgan mana shu 140 kishining diplom raqamlari bir xil ekani ma’lum bo‘libdi. Keyin, bu diplom 1993 yilda yopilib ketgan o‘quv markazi tomonidan yozib berilgan ekan. Diplomlar xatolar bilan yozilganini ko‘rish mumkin. Gap shundaki, ular hujjat topshirganida diplomning faqat nusxasini so‘rashadi, shu bois “qalbakisi ham bo‘laveradi”, deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak. Diplom ilgari so‘ralmas edi – oxirgi 4-5 yilda bunday talab joriy qilindi. Chunki o‘zbeklarimizdan tashqari Sharqiy Yevropa, Suriya va Yaqin Sharqdan kelgan muhojirlar ko‘payib ketdi. Masalan, 2015 yillarda Finlyandiya 10 ming qochqinni qabul qildi. O‘zbekistonliklar Rossiyada ham hech qanday diplomsiz ishlashadiku?! Qalbaki diplom chegarada aniqlanib, qolganlarga chiqishibdi. Ular hammasi Xorazmdan, qarindoshlar. Bu hujjatlar Rossiyada, O‘zbekistonda – pulga istagan joyingizda tayyorlash mumkin O‘zbeklarimiz finlarning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalanishgan, - dedi o‘zbek diasporasi rahbari.

Suhbatdoshning aytishicha, quruvchilarni deport qilish to‘g‘risida qaror shu yilning may oyida qabul qilingan. U 10 yilcha ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik bu quruvchilar orasida janjallar ham bo‘lib turganini esladi. U 2015 yildan oldin kelgan o‘zbek muhojirlarining ayrimlari uy-joyli, oilali bo‘lgan, dedi.

Ma’lum qilinishicha, bugungacha Finlyandiyaning bir nechta sanoat markazlari qurilish ishlariga 800 ga yaqin o‘zbek vatandoshi jalb qilingan.

Finlyandiyaning Migri immigratsiya xizmati “Tuyamo‘yingidrostroy” qurilish-montaj trestining O‘quv kombinati borasida O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasiga so‘rovnoma yuborib, bunday tashkilot haqiqatan 1993 yilda yopilib ketganini tasdiqlaganini e’lon qildi.

O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasida Ozodlik so‘roviga Finlyandiyadagi o‘zbek quruvchilari borasida "hech qanday hujjat taqdim etilmaganini" bildirish bilan kifoyalanishdi.

Buning ortidan boshlangan ommaviy tekshiruvlar yana 240 nafar o‘zbekistonlik qalbaki hujjatlarni taqdim etganini aniqladi va ular ham “doimiy yashashga ruxsatnoma”lardan mahrum etilgani aytildi. Migri jami soxta hujjatlar egalari 400 kishiga yaqinlashganini bildirdi.

Helsinkida yashab kelayotgan yana bir sobiq vatandosh – shoir va muharrir Hamdam Zokirov o‘zbekistonlik ishchilar Rossiyadan ko‘ra ko‘proq haq olsalarda, hatto Finlyandiyada og‘ir sharoitlarda yashab kelishlarini aytadi.

- Ularning ayrimlari qandaydir yo‘llar bilan Estoniyadagi dallollar yordamida Finlyandiya ishchi vizasini olishgan ekan. Ularning aksari juda ayanchli ahvolda ham ishlab kelishgani, ish beruvchisi qo‘lida deyarli quldek ishlatilganini bilaman. Ularga biz o‘z huquqlari uchun kurashishni ham tavsiya qilganmiz, ammo ko‘pchilik qo‘rqardi qarshi chiqishga. Aytishlaricha, bu tekshiruvlar bir nechta muhojir o'zaro janjallashib qolgani va bittasi boshqasi ustidan politsiyaga xabar berganidan keyin boshlangan, dedi Hamdam Zokirov.

Hamdam Zokirov, shunga qaramasdan, o‘zbekistonlik ishchilar mehnatkashligi va mahoratli ustachiligi uchun fin ish beruvchilari tomonidan qadrlanib kelganini ham ma’lum qildi.

Ayni paytda, Migratsiya xizmati qarori ortidan Finlyandiya Qurilish sanoati konfederatsiyasi (RT) quruvchi o‘zbeklarning deportatsiyasi mamlakat qurilish sektorini falaj holatga keltirishi mumkinligidan ogohlantirdi. Konfederatsiya rahbariyati o‘zbekistonlik ishchilar asosan sanoat komplekslarida bo‘yash va suvoq qilish ishlariga jalb qilinganini bildirdi.

2018 yilda Finlyandiyadan 18 nafar O‘zbekiston vatandoshi migratsiya qoidalarini buzgani uchun chiqarib yuborilgan bo‘lsa, 2017 yilda birorta ham o‘zbek deport qilinmagan.

Ozodlik deportatsiya bo‘lganlarning bir qismi O‘zbekistonga yoki boshqa mamlakatlarga chiqib ketganini aniqladi.

Qo‘lida deport qog‘ozi bo‘lgan xorazmlik Tohirbek shular jumlasidandir. U O‘zbekistonda bu diplomni olish uchun haqiqatan o‘quv mashqlariga 3 oy qatnagani va fin migratsiya hukumati qarori ustidan sudga shikoyat qilganini Ozodlikka so‘zlab berdi.

- 100 dan ko‘p odamga deport e’lon qildi. Diplomingiz falshiviy ekan -chiqib ketishingiz kerak ekan”, deb may oyida aytishdi. Lekin biz bilmagan edik uni falshiviy ekanini. Sen 30 kun ichida chiqib ketishing yo sudga oshirishing kerak, deyishdi. Ko‘pchilik ketishni boshladi. Dekabr oyida 10 bolani deport qilishgandi.

2005-2006 yillarda Xorazmdan bir nechta bolalar kelgan va bizlarni Moskva orqali firmadan chaqirtirib olgan ishga, o‘zlari hujjatlarni tayyorlab. O‘zbeklar asosan Espo, Esmiki va Vanta shaharlarida ishlaydi Lekin, biz 3 oy o‘qiganmiz, qurilishga borganmiz: qanday qilib diplomlar falshifiy chiqqanini bilmadim. Biz bu yerda suvoq, kraska ishlaridamiz. Hozir ishimizni sudga oshirdik, dedi deportatsiyaga tushgan o‘zbek muhojiri.

Finlyandiya Immigratsiya xizmati soxta hujjatlar bilan mamlakatga kirib kelgan o‘zbek muhojirlariga 2 yilga Shengen hududiga kirish taqiqini qo‘yganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG