Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:37

Rishtonliklarga 1000 ta g‘isht berib, 2000 taga qo‘l qo‘ydirildi. Hokimlik xatoni o‘nglay boshladi


Rishton tumanida uyi buzilganlarga berilayotgan g‘isht. 2019, 14 iyul.
Rishton tumanida uyi buzilganlarga berilayotgan g‘isht. 2019, 14 iyul.

Farg‘ona viloyat, Rishton tuman markazida uyi buzilganlar uchun ajratilgan bepul g‘ishtni tarqatishda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilganini tuman hokimi muovini texnik sabablar bilan izohladi va "g‘isht to‘la yetkazib beriladi", dedi.

Rishtonlik bloger OzodNazarga bergan suhbatida uyi buzilganlar uchun viloyat hokimligi ajratgan 5 mingtadan g‘isht va 2 tonnadan sementni bepul tarqatish boshlanganini bildirgan edi.

Rishton markazini qayta qurish ishlari prezident Mirziyoevning Farg‘ona viloyatiga 6-7 may kunlari qilgan amaliy safaridan keyin boshlanib ketgan, shu kunda tuman markazi va Rishton-Farg‘ona avtoyo‘li 14 chaqirimli qismining ikki tarafi ulkan qurilish maydoniga aylangan.

Риштонликларга 1000 та ғишт бериб, 2000 тага қўл қўйдирилди. Ҳокимлик [хатони ўнглай бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:24 0:00
Бевосита линк

Rishtonlik faol Bahodir Eliboev 14 iyul kuni yiqqan ma’lumotlarini 16 iyul kuni Ozodlikka aytarkan, bunday dedi:

“Mashinada 2000 ta g‘isht keldi, deb qo‘l qo‘ydirishgan. Lekin aslida, Qozi Ahrordan Farg‘ona ko‘chasigacha hech bir xonadonda 2000 ta chiqmagan. Eng kami 980 ta, eng ko‘pi 1410 ta chiqqanini aytishdi”.

G‘isht tarqatishdagi bunday g‘irromlik to‘g‘risida Bahodir Eliboev o‘zining Feysbukida 14 iyul kuni batafsil yozgan.

Rishton tuman hokimi o‘rinbosari Abdusalom Siddiqov 15 iyul kuni Ozodlik savollariga javob berarkan, g‘isht uyi buzilganlar “oldim”, deb qo‘l qo‘yib berganidan kam yetkazib berilganini texnik sabablar bilan izohladi:

“Kunlar juda isib ketgani uchun g‘ishtni qo‘lda yuklashning imkoni bo‘lmayapti. 1 mln 200 mingtalik g‘isht uyumi bor. G‘isht texnika bilan yuklanayapti. Shuning uchun hisob to‘g‘ri chiqmay qolgan”.

Hokim o‘rinbosari vaziyatni izga solishning choralari ko‘rilganini bildirdi:

“Ishontirib aytaman, bu yerda hech qanday g‘irromlik yo‘q. Mahalla raislariga topshiriq bo‘ldi. Har bir xonadon olgan g‘ishtini sanab chiqadi, kamini aytadi, shundan so‘ng kami yetkazib beriladi”.

G‘isht tarqatish bilan bog‘liq vaziyatni mustaqil kuzatib turgan Bahodir Eliboevning 16 iyul kuni Ozodlikka aytishicha, vaziyat chindan ham o‘zgargan:

“Bugun yana odamlar bilan gaplashdim. Tunov kungiday, g‘ishtni olib kelgan odamning qo‘lidagi fakturaga imzo chektirish bekor qilinganini,mahalla raislari uyma-uy yurib, aslida nechta g‘isht olganining hisobini qilayotganini aytishdi”.

Rishton tuman hokimi o‘rinbosari Abdusalom Siddiqovning aytishicha, “tarqatilayotgan g‘ishtni viloyat hokimligi ajratgan va u tekinga berilmoqda, yana 1 millionta g‘isht 2-3 kunning ichida keladi va uyi buzilganlarga yana 5 mingtadan beriladi”.

G‘ishtdan tashqari 2 tonnadan sement ham berilishi aytilgan. Bahodir Eliboevning aytishicha, hozircha sementdan darak yo‘q:

“Sement Minordagi uyi buzilgan 21 xonadondan 4-5 tasiga berilgan xolos. Boshqa mahallalarga hali sement berilgani yo‘q. Bir otaxon “oldin sement ishlatiladi, keyin g‘isht, sementsiz g‘ishtni nima qilaman?!” dedi”.

Uyi buzilgan rishtonliklardan Ozodlik bog‘langanlari savollarga javob berishni istamadi. Bahodir Eliboev 14 iyul kuni Feysbukda e’lon qilgan postda ham konkret ism-familiyalar keltirilmagan.

Buning sababini Eliboevning o‘zi bunday izohladi:

“Uyi Minor oldida bo‘lgan bir ayol bilan gaplashdim. Ismini aytmay qo‘yaveray. O‘sha ayol “Kun.uzdagilar keldi, videosiga tushib qolibman, hozirgacha jensovetda so‘roq beryapman. Endi yana kelishsa, maqtab berasiz, deyishyapti”, dedi”.

Rishton markazidagi qayta qurish ishlarining ko‘lami, uyi buzilganlarga berilayotgan tovon puliyu yer uchastkalari, xususan, ushbu materialda o‘rganilayotgan g‘isht masalasi, qayta qurish tufayli mahalliy tadbirkorlar ustaxonasiz qolayotgani to‘g‘risida bloger Dima Qayum bilan 12 iyul kuni OzodNazarda batafsil suhbatlashgan edik.

OzodNazarнинг (12 июль сони) Риштонга бағишланган қисми
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:50 0:00
Бевосита линк

Rishton markazida qayta qurish ishlari prezident Mirziyoevning Farg‘ona viloyatiga 6-7 may kunlari qilgan amaliy safaridan keyin jadal boshlab yuborilgani to‘g‘risida Ozodlik 23 may kungi fotoreportajida hikoya qilgan edi.

Ishlar may oyida boshlab yuborilgan, lekin Ozodlikka kelib tushgan hujjatda Rishton tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihasi Vazirlar Mahkamasiga 7 iyungacha taqdim etilishi aytilgan.

Loyiha shu kungacha qabul qilindimi-yo‘qmi – Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati 23 may kuni o‘zining Feysbukdagi sahifasida Rishtonda boshlangan ishlar to‘g‘risida xabar berar ekan, jumladan, bunday yozgan edi:

“Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, avvaldan rekonstruksiya qilinishi kerak bo‘lgan dehqon bozoridagi do‘konlarni buzish uchun kompensatsiya mablag‘lari hal bo‘lmaganligi uchun buzish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan edi. Endilikda kompensatsiya to‘lash imkoniyati paydo bo‘lganligi uchun bu ishlar qaytadan boshlangan. Bozor hududi 21 ta buziladigan hovlilar hisobiga kengayishi aytildi”.

Bahodir Eliboevning 15 iyul kuni o‘z Feysbukida xabar qilishicha, Rishtonning buzilgan bozori o‘rnida yangi bozor emas, ko‘pqavatli uylar quriladigan bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG