Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:29

Marhamatda "Obod mahalla" qurish uchun uyi buzilganlar vayronalar orasida yashamoqda


Marhamat tumani Mustaqillik ko‘chasidagi yuzga yaqin uy “Obod mahalla” dasturi doirasida aprel oyida buzib tashlangan.
Marhamat tumani Mustaqillik ko‘chasidagi yuzga yaqin uy “Obod mahalla” dasturi doirasida aprel oyida buzib tashlangan.

Andijon viloyat, Marhamat tuman markazidagi Mustaqillik ko‘chasi ahli "to‘rt oydirki vayronalar ichida yashayotganini" aytmoqda.

Tuman hokimligi rasmiylariga ko‘ra, uylarni buzish “Obod mahalla” loyihasi doirasida amalga oshirilayapti.

Loyiha bo‘yicha Mustaqillik ko‘chasida buzilgan uylar hisobidan yo‘llar kengaytiriladi, u yerda yashovchilarga "Obod mahalla" dasturi doirasida "ikki qavatli uylar" qurish mo‘ljallangan.

Hokimiyat uyi buzilgan xonadon egalariga tovon puli berilishini va’da qilgan edi.

Ammo aholi vakillariga ko‘ra, "tovon pulidan darak yo‘q, yangi uylarni qurish ham boshlanmagan".

32 yoshli Nodira Otaqulova turmush o‘rtog‘i, qaynotasi va uch farzandi bilan buzib tashlangan uyi vayronalari orasida yashayotganini aytarkan, dedi:

- Oldimizdagi yo‘lni kengaytirib, yo‘lning orqarog‘idan ikki qavatli uylar qurib beramiz yoki beriladigan tovon puliga o‘zlaringiz qurasizlar deyishgandi. To‘rt oy bo‘ldi, tovon puli ham yo‘q, yangi uy ham qurilmayapti, uch bolam bilan vayronalar ostida qolib ketdik. Qarindoshi borlar qarindoshinikiga ko‘chib o‘tyapti. Bizga o‘xshagan qarindoshi yo‘qlar ko‘chada qolyapti.

Marhamat tumanida buzilgan uylar.
Marhamat tumanida buzilgan uylar.

Mustaqillik ko‘chasida uylari buzilgan boshqa oilalar vakillarining aytishicha, ayrimlar uylarining buzilmay qolgan qismida, boshqalari chodir tikib yashamoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan bir oila vakiliga ko‘ra, vayronalar orasida yashash ularning farzandlari salomatligiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda:

- Bolalarimiz ahvolini bir ko‘rsangiz. Uyimizning orqasida buzilmay qolgan qismi qolgan, shu yerda ularga bir amallab boshpana qilib berganmiz. O‘zlarimiz tashqarida yotamiz. Antisanitariya, o‘zimizku mayli, bolalarimizga qayg‘uramiz, bunaqa ahvolda yashash ularning sog‘ligiga ta’sir qiladi-da. Sovuq tushsa nima qilamiz, chunki yangi uy hali qachon quriladiyu...

Marhamat tumanida uyning buzilmay qolgan qismi.
Marhamat tumanida uyning buzilmay qolgan qismi.

Marhamat tumanidagi buzilgan uylar
Marhamat tumanidagi buzilgan uylar

Ozodlikning aniqlashicha, Mustaqillik ko‘chasida jami 98ta uy buzilgan, to‘rt yuzdan ziyod odam boshpanasiz qolgan.

Nodira Otaqulova ​buzilgan hovlisining qiymati 200 million so‘mga baholanganini aytdi:

- Hozir hokimiyat yerimizning bir qismini yo‘lni kengaytirish uchun oldi. Uyni 200 million so‘m qilib baholashdi Hozir hokimiyatdan tovon pulini beringlar, o‘zimiz shu tovon puliga hokimiyat belgilagan standartda quramiz deyapmiz, pul yo‘q deyishadi. Tovon puli ham yo‘q, qurib ham bermayapti.

Uyi buzilgan aholi bir amallab kunini ko‘rayotganini aytadi.
Uyi buzilgan aholi bir amallab kunini ko‘rayotganini aytadi.

Marhamat tuman hokimligining qurilish masalalariga mas’ul bo‘lgan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Mustaqillik ko‘chasida uylar uch oy ichida qurib bitkazilishini aytdi.

- O‘ttiz yil oldin qurilgan eski uylar edi. Shu uylar buzildi, o‘rnida bir xilda ikki vaqtli uylar bo‘ladi. Ayrim oilalarniki bitay deb qoldi. U yerga borib ko‘rishingiz mumkin. Kelasi uch-to‘rt oyda bu mahalla to‘laligicha obod bo‘ladi.

O‘zbekistonning boshqa viloyat va tumanlarida ham aholi uylari buzilayotgani, evaziga tovon puli berilmagani haqida Ozodlik xabar bergan.

Aksar tuman hokimliklari katta mablag‘ sarflab barpo etilgan binolarga ekskavator solayotganini prezident Shavkat Mirziyoevning "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlari bilan tushuntirmoqdalar.

Prezident Mirziyoevning 2018 yil 29 martdagi "Obod qishloq" dasturi to‘g‘risida"gi farmonida chekka va olis qishloqlar aholisi turmush tarzi, ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash, mavjud infratuzilma, kommunikatsiya tarmoqlarini zamon talablariga moslashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

Prezident qarorida, "...yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi" ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG