Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:32

Shovotlik mulozimlar: Hokim "Obod mahalla" doirasidagi buyruqni bajarolmagan rahbarlarni kaltakladi


O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgani aytiladi
O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgani aytiladi

Xorazm viloyati Shovot tuman hokimi Hakimboy Otaxonov 18 iyul kuni “Obod mahalla” dasturi ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda "Agrobank" rahbaridan tortib tuman suv xo‘jaligi va yo‘l qurilishi idorasi boshlig‘iga qadar haqoratlab¸ kaltaklagan.

Bu haqda majlisda bevosita qatnashganlar¸ ayni paytda¸ hokimdan kaltak yegan mulozimlar bir-biridan mustaqil ravishda Ozodlikka xabar berdi.

Ozodlik Shovot tumani hokimi Otaxonovning o‘zidan mazkur iddaolar yuzasidan izoh ololmadi.

Shovot tuman hokimi muovini Bahrom Otajanov Ozodlik bilan suhbatda hokimning mahalliy mulozimlarni urib-so‘kkanini inkor qilishga urindi.

Otajonov iddaosicha¸18 iyul kuni “Obod mahalla” dasturining qanday bajarilayotgani bo‘yicha majlis o‘tkazgan hokim¸ ishi qoniqarsiz deb topilgan ayrim amaldorlarga tanbeh bergan¸ xolos.

18 iyul kuni Shovot tumanidagi "Do‘stlik" kasb-hunar kolleji oldida kechki soat 8 lar atrofida bo‘lgan majlis qatnashchilarining Ozodlikka aytishicha, “Obod mahalla” dasturiga kirgan Shovot tumani markazidagi 72 xonadonning shifer qilinmagani va fasadi bo‘yalmagani hokimning jahlini chiqargan.

Bu xabarni matbuotga chiqargani uchun jazolanishidan cho‘chib¸ ismi ochiqlanmasligini so‘ragan shovotlik mulozim¸ o‘zining hokim qahriga uchrab¸ kaltak yeganini aytdi:

- Men "Obod mahalla" bo‘yicha tuman markazidagi mahallalardan biriga mas’ul qilib biriktirilganman. O‘z vazifamni sitqidildan bajardim. Lekin tuman hokimi, hurmatli Otaxanov Hakimboy “Obod mahalla”ning 18 iyul kechki razborida hammaning oldida meni va yana olti kishini “nega uylar shifer qilinmagan” deb do‘pposladi, xaqoratli so‘zlar aytdi. Men shu darajada xo‘rlandimki, meni himoyalaydigan hech kimim yo‘q. Ichki ishlar bo‘limiga borib¸ hokim urdi desam¸ baribir e’tibor ham bermaydi, - dedi Shovot tuman idoralaridan biri rahbari.

Suhbatdosh¸ hokimning bu qadar zo‘ravonlikka borishini kutmagani uchun¸ kaltaklanish voqeasini videoga yozib olishga ulgurmaganini bildirdi.

Ozodlik bilan bir-biridan mustaqil ravishda gaplashgan ayni majlis ishtirokchilaridan yana to‘rttasi hokimning majlisga chaqiritilganlarni kaltaklaganini tasdiqladi.

Hokim ta’qibidan qo‘rqib¸ ismi sir qolishini so‘ragan shovotlik amaldorlardan yana biri Ozodlikka hokimdan kaltak yeganlar orasida o‘zidan tashqari “Agrobank”ning tuman bo‘limi mas’ullari, tuman suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi bo‘limi mutasaddilari va ayrim mahallalar raislari bo‘lganini bildirdi.

- “Obod mahalla”ning razborida hokim hammamizni do‘pposladi. “Agrobank” tuman bo‘limining ikki xodimini "nega shiferga kredit bermaysan”, deb urdi. Tuman yo‘l qurilishi bo‘limi va suv xo‘jaligi rahbarlari hammadan ko‘p tayoq yedi, - dedi shovotlik bu amaldor.

Shovot tuman hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimlardan biriga ko‘ra, 18 iyul kuni ertalab Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari “Obod mahalla” dasturi qanday borayotganini ko‘rish uchun Shovot tumaniga kelgan. Viloyat mutasaddisi uylar shifer qilinmaganini ko‘rib, tuman hokimiga qattiq tanbeh bergan.

Mulozim izohiga ko‘ra¸ prezidentning 2018 yil 27 iyun kungi qarori “Obod mahalla” dasturiga tushgan uy egalariga ta’mir ishlari uchun "moliyaviy yordam" ajratishni ko‘zda tutadi. Shu qaror asosida Shovot “Agrobank”iga yordamga muhtoj oilalarga 20 foizlik kredit ajratish topshirilgan. Kredit olganlarga esa bu pulga o‘z uyi tomini o‘zlari shifer qilish va uy oldini hokimiyat tanlagan rangga bo‘yash buyurilgan.

Aytilishicha¸ bu buyruqni bajara olmagan muhtoj oilalar hokimlik mas’ullariga tom va devorlari bo‘lmagani uchun bank kredit bermaganini vaj qilib ko‘rsatgan.

“Agrobank” ning Shovot tumani xodimlaridan biri Ozodlikka “Obod mahalla” dasturiga tushgan uylarda yashovchilarning aksari ishsiz bo‘lgani uchun ularga kredit berish cho‘zilayotganini aytdi.

- Hammasi ishsiz. Ishsiz bo‘lsa¸ kreditni qanday uzadi? O‘zlarida esa remontga pul yo‘q. Hokimlik "kredit berasan", deb yoqamizdan olayapti, - dedi “Agrobank” ning Shovot tumani xodimi.

Bu iddaolar yuzasidan Ozodlik Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonovdan izoh ololmadi.

Shovot tumani hokimining Ozodlik bog‘langan muovini Bahrom Otajanov 18 iyul kuni “Obod mahalla” dasturi qanday bajarilayotgani bo‘yicha majlis o‘tkazilgani va ayrim amaldorlarga tanbeh berilganini tasdiqladi.

Lekin, Otajonovga ko‘ra, Shovot tuman hokimi majlisda hech kimga qo‘l ko‘tarmagan va haqorat ham qilmagan.

- Qattiq gap ham aytilmadi. "O‘zlaringizga biriktirilgan ko‘cha bor", "shu, shu ishlar qilinmagan", dedi. Ko‘chada birma-bir gaplashildi. Shifer qilinmagan, fasad bo‘yalmagan, bu haqda aytildi. Lekin, urish, so‘kish bo‘lmadi. Hokimimiz unday birovga qo‘l ko‘taradigan odam emas, - dedi Otajonov.

O‘zbekistonda hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlash va kaltaklash holatlari tez-tez uchrab turadi.

O‘tgan yili Oqqo‘rg‘on tumanida 6 mulozim va fermerning suvga bo‘ktirilishi va mashina oldiga solib choptirilishi voqeasidan keyin bu harakatni sodir etgan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ishdan olingan edi.

2017 yilning sentabrida Sayxunobod tumani hokimi paxta terimiga kam odam chiqargan maktab va kollej direktorlarini kaltaklagan edi.

Voqeadan olti oy o‘tib hokim lavozimidan olingandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mushtumzo‘rlik davlat siyosatiga qarshi ekani, o‘z xodimlariga qo‘l ko‘taradigan rahbarlar jazosiz qolmasligi haqida ko‘p gapirgan.

Prezident Mirziyoev 2017 yilning noyabr oyida o‘tkazgan hukumat majlisida amaldorlarning mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanishini aytgandi:

- Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek¸ o‘z mas’uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, men rahbarman¸ nima qilsam ham meniki to‘g‘ri¸ degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas. Ularning o‘z xizmat lavozimlarini suiste’mol qilib, qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida bizga ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda. Bu bizga umuman noma’qul narsa. Bu illatni yo‘q qilish kerak, - degandi Mirziyoev.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov ham mushtumzo‘rlik bilan boshqaruv usulidan voz kechish kerakligi haqida tez-tez gapirib turardi:

- Mushtumzo‘r rahbarlardan, musht bilan boshqaradigan rahbarlardan voz kechamiz endi baraka topgurlar. Kuchli, musht ko‘taradigan, zo‘ravonlik qiladigan, o‘zini savlati bilan hammani qo‘rqitadigan endi bo‘lmaydi O‘zbekistonda, - degan edi Karimov 2009 yildagi chiqishida.

XS
SM
MD
LG