Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:33

Andijonlik fermerlar topshirgan g‘allasi pulini ololmayapti


Andijonda bu yilgi g‘alla hosili yig‘ishtirilib, topshirilganiga bir oy bo‘ldi, biroq fermerlarga puli hanuz to‘lanmadi.

Ozodlikka andijonlik fermerlardan kelgan bu xabarni g‘allani qabul qilib olgan korxona - “Andijondonmahsulot” vakili tasdiqladi.

Bu yilgi g‘alla uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pul bankdagi hisoblariga tushmayotgani to‘g‘risida, bir-biridan mustaqil ravishda, andijonlik ikki fermerdan mazmuni bir xil ikki xabar keldi.

Aybsiz aybdor bank

Fermerlardan birining Andijon tumanidan ekanligi aniq. Ikkinchisi qaysi tumandanligini yozmagan. Lekin ikkalasi ham topshirgan doni evaziga pul tushmayotgani uchun “Agrobank”ni aybladi.

Andijonning qaysi tumanidan ekanligini yozmagan fermerning xati mana bunday boshlnadi:

“Men Andijondanman, fermerman. Fermerlar tomonidan davlatga sotilgan bug‘doyning pullari davlat tomonidan viloyatdagi don korxonalariga fermerlarga berish uchun yetkazib berilgan, deb eshitdim. Lekin bu pullar fermerlarga berilmayapti. Buning sababi - “Agrobank” ruxsat bermayapti”.

Andijonning shu nomdagi tumanilik boshqa fermer ham g‘allasi pulini ololmayotgani uchun “Agrobank”ni aybladi, hatto bankning o‘zi yashaydigan tuman filialining konkret xodimlari ismlarini, ularning telefonlarini aytdi.

Ozodlikning bu xabarlardan paydo bo‘lgan savoliga “Agrobank”ning Toshkentdagi markaziy idorasi mutasaddisi bunday javob berdi:

“Agar fermerga don uchun pul tushmayotgan bo‘lsa, bunda bizning aybimiz yo‘q. Pulini g‘allasini sotib olgan tashkilotdan so‘rashsin. Fermer hisob raqamiga kelib tushgan pulni boshqa yo‘nalishga chiqarmoqchi bo‘lsayu shu holatda muammo paydo bo‘lsa, ayb bizda bo‘lib qolishi mumkin. Lekin Siz aytayotgan holatda bizning aybimiz yo‘q”.

(“Agrobank” bilan bu tushunmovchilikni ushbu materialga kiritmay qo‘ysak ham bo‘laverardi, lekin fermerlar bilan bugungi suhbatlardan ular o‘zlari imzolagan shartnomani kim, qaysi tashkilot bilan tuzganini ham yaxshi bilavermasliklari ma’lum bo‘ldi)

Pul to‘lanmayotgani tan olindi

Ozodlik fermerlarning g‘allasi “pulini izlab” “Andijondonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan bog‘landi. Korxonaning o‘zini tanishtirmagan vakili g‘alla uchun pul to‘lanmayotganini tan oldi:

"Biz o‘z mablag‘imizdan pul bera olmaymiz. Bizga g‘alla uchun pulni Moliya vazirligi beradi. Zayavkalar berganmiz pul uchun. Moliya vazirligi bizga tushiradi. Shundan keyin pulni o‘tkazib beramiz. Bizga resurs kelmasa, pul o‘tkaza olmaymiz".

“Andijondonmahsulot” rasmiy vakilining aytishicha, g‘alla pulini Andijon tumani fermerlarigina emas, butun viloyat fermerlari kutmoqda. Vakil shu kungacha pulning qancha qismi to‘langanini, qarz necha pul ekanligini aytishdan bosh tortdi.

"Ishchilarga haq to‘la olmayapman"

Andijon tumanilik fermer Ozodlik bilan suhbatda bu yil 35 gektar yerga don sepganini, har gektardan 40 sentnerdan ortiq, hammasi bo‘lib 140 tonna bug‘doy topshirganini aytdi.

Shartnomaga binoan u topshirgan har tonna bug‘doyi uchun 1 mln 200 ming so‘mdan pul olishi kerak. Lekin puldan darak yo‘q.

“Natijada ishchilarimga ish haqi to‘lay olmayapman. Ular bir necha o‘n kishi, har birining 4-5 tadan bolasi bor, axir! Bundan tashqari g‘alla yetishtirish uchun ishlatgan texnikamni kapital remont qilishim kerak”, - deb zorlandi fermer.

Kutilmaganda...

Mavzuni o‘rganar ekan, Ozodlik andijonlik fermerlardan biri va “Andijondonmahsulot” o‘rtasida tuzilgan shartnomani o‘rgandi. Hujjatning 3.5 bandida bunday deyilgan:

“Tayyorlovchi (“Andijondonmahsulot”) mahsulotni belgilangan tartibda qabul qilib olgan vaqtdan boshlab 60 kundan kechiktirmasdan Moliya vazirligi tasdiqlaydigan Narxnoma asosida uning yagona xarid narxdagi haqini to‘liq to‘lab beradi”.

Fermer bilan tuzilgan shartnoma fragmenti
Fermer bilan tuzilgan shartnoma fragmenti

Demak, fermerlarning “pul tushmayapti” deb arz qilishiga erta ekanda? Bu savolni o‘rganganimiz shartnomani imzolagan fermerning o‘ziga berdik.

“Ie, 60 kun ekanmi, o‘qimagan ekanman, har yili bir-ikki haftaning ichidayoq tushirib berishayotgandida pulni”, dedi andijonlik fermer.

XS
SM
MD
LG