Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:25

Novaya gazeta: Checheniston politsiyasi yerto‘lasida kamida 27 shaxs sudsiz otib o‘ldirildi!


Ramzan Qodirov
Ramzan Qodirov

Checheniston prezidenti rezindensiyasida olib borilgan so‘roq paytida Ramzan Qodirov islomiy jangarilar bilan aloqada ekanlikda gumonlangan Imron Dasaev oyog‘iga pistoletdan o‘q otdi.

Qodirov jinoyatlariga oid jurnalistik surishtiruv o‘tkazgan “Novaya gazeta” shunday deb yozdi.

Gazeta shuningdek¸ Imron Dasaevdan tashqari Checheniston kuchishlatar tuzilmalari xodimlari tomonidan terrorizmga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan va sudsiz otib o‘ldirilgan yana 26 shaxs ro‘yxatini ham e’lon qildi.

2017 yilning 14 yanvarida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov islomiy jangarilarga aloqadorlikda gumonlangan Imron Dasaevga shaxsan o‘zi o‘q uzgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib xabar bergan “Novaya gazeta”ga ko‘ra, Qodirovga uning otasi Ahmat Qodirov to‘g‘risida aytgan gaplari yoqmagan.

“Ramzan qo‘riqchilardan pistoletni tortib olib, stvolini yerga qarata palapartish o‘q uza boshladi. O‘qlardan biri (rikoshet bilan bo‘lsa kerak) Dasaev oyog‘iga tegdi. U Dasaevning oyog‘ini davolash va unga tibbiy yordam ko‘rsatishni ham taqiqladi. Qiynoqlar paytida aynan yarador oyog‘iga urishardi. Oxir-oqibat¸ Imron Dasaev hatto hojatxonaga ham chiqolmaydigan bo‘lib qoldi”, deb yozadi nashr Dasaevning ismi sir tutilayotgan sheriklaridan biri so‘zlariga tayanib.

Bu ma’lumot¸ gazetaning yozishicha¸ bir nechta mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan.

“Novaya gazeta”ga ko‘ra¸ Imron Dasaev 2015 yildan boshlab Checheniston hududida yashirin faoliyat olib borgani iddao qilingan ekstremistik guruh a’zosi sifatida hibsga olingan.

2017 yil iyulida “Novaya gazeta” nashri maxsus xizmatlar o‘tkazgan reydlar paytida Checheniston tog‘li hududlarida qo‘lga olingan 27 nafar shaxs ro‘yxatini e’lon qilgan edi.

Qo‘lga olinganlar terrorchi guruhlar bilan aloqadorlikda gumonlangan. “Novaya gazeta”¸ Federal xavfsizlik xizmatining Checheniston boshqarmasi mulozimi bu ro‘yxatdagilarning hammasi ayovsiz qiynoqqa solingani va sudsiz otib o‘ldirilgani to‘g‘risida hujjat taqdim etganini ma’lum qildi.

Jurnalistik surishtiruv natijasida 27 nafar ayblanuvchi Grozniy shahar politsiyasining Ahmat Qodirov nomidagi 6-polk kazarmasi yerto‘lasida 2017 yilning 26 yanvariga o‘tar kechasi otib tashlangani yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgani aniqlangan.

Grozniy shahar politsiyasining Ahmat Qodirov nomidagi 6-polk kazarmasi.
Grozniy shahar politsiyasining Ahmat Qodirov nomidagi 6-polk kazarmasi.

“Hozirga kelib biz 27 odamning sudsiz o‘ldirilganini aniq bilamiz¸ ammo bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 56 nafar chechenistonlikning taqdiri ayni shu tarzda yakun topgan bo‘lishi mumkin. Bu odamlar har xil paytda ushlangan¸ ammo bu odamlarning o‘lim sanasi bir xil - 25 dan 26 yanvarga o‘tar kechasi”¸ deb yozdi Rossiya gazetasi.

Ro‘yxatdagi shaxslar 2016 yilning 17 dekabrida Grozniyda politsiyachi Ayub Dautmerzaevni o‘ldirganlikda gumonlanib ushlangan.

O‘sha qishda Checheniston maxsus xizmatlari va politsiya olib borgan ommaviy tekshiruvlar va reydlar natijasida jami 70 odam qo‘lga olingan va 6-polk kazarmasi yerto‘lasiga tashlangan. Gazeta manbalari¸ ushlanganlarning kishanda saqlangani, tinimsiz qiynoqlarga tutilgani va qotillikka iqror bo‘lishga majburlanganini aytgan.

2017 yil 17 dekabrida politsiya xodimi Ayub Dautmerzaevni o‘ldirib, uning xizmat mashinasini olib qochgan uch yigitning maxsus amaliyot paytida o‘ldirilgani to‘g‘risida rasmiy xabar berilgandi. Ammo “Kavkazskiy uzel” sayti bu shaxslarning ham Grozniy shahar shifoxonasida otib o‘ldirilganini e’lon qilgan¸ “Memorial” inson huquqlari markazi o‘z surishtiruvi yakunida ularning haqiqatan kasalxonada o‘ldirilganini tasdiqlagan edi.

Checheniston Milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Jambulat Umarov “Novaya gazeta” e’lon qilgan ma’lumotlarni “mutlaq fantaziya”, deb atadi.

- Ma’lumotlar biri-biriga yopishmayapti, yolg‘on ham ravon bo‘lishi kerakku axir! “Novaya gazeta” anchadan beri afsonalar yaratish fabrikasi nomini olgan, afsuski ijod ularni tark etgan ko‘rinadi. Shahar markazida yangi qurilgan kazarmada ommaviy qatllar va o‘ldirishlar kimga kerak?¸ deya jurnalistik surishtiruv xulosasini inkor qilishga urindi Qodirov vakili.

Bunday iddaoga qaramay¸ Grozniy politsiyasi yerto‘lasidagi ommaviy qotilliklar borasida o‘ldirilganlarning qarindoshlari bilan birga respublika Ichki ishlar va maxsus xizmatlardagi manbalar guvohlik bergan, jurnalistlar qo‘lida esa¸ jamoatchilikka e’lon qilinmagan qator hujjatlar saqlanmoqda.

Novaya gazeta keltirayotgan "qora ro‘yxat".
Novaya gazeta keltirayotgan "qora ro‘yxat".

“Novaya gazeta” ochiqlagan asosiy dalillar sifatida Checheniston UFSBsidan olingan ikkita hujjat keltirildi.

Birinchi hujjatda 2016 yilda politsiyachiga hujum qilib, qo‘lga olingan chechenistonliklarning fotosuratlari va shaxsiy ma’lumotlari aks etgan. Ikkinchi hujjat politsiya hisoboti bo‘lib, unda Kurchaloy va Shali tumanlaridagi reydlar paytida qo‘lga olingan 67 kishi surati va ma’lumotlari keltirilgan. Aynan shu ro‘yxatda keltirilganlardan 27 kishining Ramzan Qodirov jangarilari tomonidan otib o‘ldirilgani aytilmoqda.

Bu qama-qamalar borasida Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov o‘zining shaxsiy Instagram sahifasida xabar bergandi.Imron Dasaevning hibsga olinishi to‘g‘risida videolavha mahalliy “Grozniy” telekanali orqali uzatilgan edi.

“Novaya gazeta” otib tashlanganlar ro‘yxati yuzasidan Rossiya Tergov Qo‘mitasiga bundan uch oy oldin so‘rovnoma yuborgani, biroq unga javob berilmaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG