O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 27 iyul kuni soat 17 da Urganch tumanida buzilgan uylari uchun tovon puli ololmaganidan norozilik bildirib, 27 iyulga o‘tar kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini ikki soatga to‘sib qo‘ygan aholi bilan uchrashdi.
27 iyulga o‘tar tunda bo‘lgan voqea to‘g‘risida Ozodlik "Urganchda uyi buzilib, tovon puli ololmagan minglab odam norozilik bildirib avtomobil yo‘lini to‘sdi" maqolasida xabar bergan edi.
26 iyul kungi norozilik namoyishida ishtirok etgan urganchiliklardan birining aytishicha, Bosh vazir 27 iyul kuni bir qancha rahbarlar bilan kelgan:
"Abdulla Aripov boshchiligidagi rahbarlar bir necha mashinada kelishdi. Xalq bilan ochiq muloqot bo‘ldi. Odamlar tovon pulini to‘la ololmayotgani, yoz o‘tib ketayotgani, qurilishlari bitmay yomg‘irli kunlarga qolishini, eski uylarining qurilish materillarini o‘zlari bilan olib ketishgani uchun tovon pulining 10 foizi ushlab qolinayotgani haqida shikoyat qilishdi. Bosh vazir hammani diqqat bilan tinglab, bugun ertalabgacha hammaning hisob raqamiga tovon puli 100 foiz tushishini, bir foiz ham ushlab qolinmasligi haqida va’da berdi. Uchrashuv yarim soatcha davom etdi. Keyin Bosh vazir ketdi".
Urganchlikning aytishicha, Bosh vazirning atrofida qo‘riqchilari ko‘p bo‘lgani bois, uni videoga olish imkoni bo‘lmagan:
"Bosh vazir va’dasiga ishondik, shuncha katta odam Toshkentdan uchib kelib, bizdan hol so‘raganiga xursand bo‘ldik. Hokimlar xalqni so‘nggi sabri qolguncha qiynashni yaxshi ko‘radi, shekilli. Qop-qop va’dalarni berib, tinch yashayotgan uyimizdan ko‘chirdi. Keyin nima bo‘lsang bo‘l, deb o‘z holimizga tashlab qo‘ydi. Qani ko‘ramiz bu yog‘i nima bo‘ladi ekan?"
Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan minglab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, odamlar hokimlik uyi buzilganlarga tovon pulini bermayotganiga, qurilish materiallari narxi haddan ortiq oshib ketganiga norozilik bildirgan.