Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:32

Urganchda uyi buzilib, tovon puli ololmagan minglab odam norozilik bildirib avtomobil yo‘lini to‘sdi (VIDEO)


Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov uyi buzilgan odamlar bilan muzokara olib bormoqda, 27 iyul 2019y.
Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov uyi buzilgan odamlar bilan muzokara olib bormoqda, 27 iyul 2019y.

Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan minglab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aytildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, odamlar hokimlik uyi buzilganlarga tovon pulini bermayotganiga, qurilish materiallari narxi haddan ortiq oshib ketganiga norozilik bildirgan.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 27 iyul tushdan keyin voqea sodir bo‘lgan joyga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kelgan.

Урганчда минглаб одам норозилик намойишига чиқди. Улар уйлари бузилишидан норози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:27 0:00

​Bu haqda Ozodlikka 27 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan norozilik namoyishida qatnashganlar xabar qildi.

Suhbatdoshlar tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismlari sir qolishini iltimos qildi.

Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi
Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi

Namoyish qatnashchilaridan birining aytishicha, Urganch tumanining Ashxobod ko‘chasidagi buzilgan 400 ta uydan Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lining yoqasidagi dalaga ko‘chirilgan aholi tovon puli to‘la berilmayotganidan va qurilish materiallari narxi oshib ketganidan arz qilib, 26 iyul kuni viloyat hokimi qabuliga borgan.

Viloyat hokimi ularni qabul qilmagan va yordamchisi orqali o‘zi kechqurun mahallaga borishini aytgan.

Nega odamlar hokim kirgan palatkani yiqitdi?

Urganchlikka ko‘ra, viloyat hokimi kechqurun odamlar palatkalarda yashab turgan joyga kelib, norozilik bildirayotganlar bilan gaplashmay, anchayin sharoit yaratilgan ko‘rgazmali palatkaga kirgan:

“Mahallada odatda "shukronachilar" bo‘ladiku, hokim xalq bilan gaplashmay o‘shalarning palatkasiga kirdi. Buni ko‘rib xalqning jahli chiqdi. Nega biz bilan gaplashmay, u palatkaga kirib ketdi deb, odamlar palatkani ushlab turgan arqonlarni kesib tashladi. Palatka hokim va uning mulozimlari boshiga yiqildi. Bir amallab palatkadan chiqqan hokim mashinasiga o‘tirib qochib ketdi. Odamlar uning mashinasini quvib, katta magistral yo‘lgacha borishdi va yo‘lni yopib olishdi. Bu taxminan soat 11 larda bo‘ldi. Minglab yoshu-qari, erkagu ayol avtomobil yo‘liga o‘tirib oldi. Kelgan mashinalar to‘xtab qoldi. Bir-ikkitasi yo‘lni ochinglar deb janjal qilgan edi, odamlar ularga tosh otib derazalarini sindirib tashladi”

Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi
Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi

Milliy gvardiya va organ xodimlari xalqni zanjir qilib o‘rab oldi

​Boshqa bir urganchlikning aytishicha, shundan so‘ng Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning yuzlab xodimlari, o‘t o‘chiruvchi mashinalar yetib kelgan:

“Milliy gvardiya faol yigitlardan bir-ikkisini ushlab olib ketmoqchi edi. Xalq yopishib qo‘lidan ajratib oldi. Keyin ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hech kimga tegma deb buyruq berdi. 27 iyul soat 1 gacha odamlar yo‘lni to‘sib turdi. Keyin milliy gvardiya va militsiyaning bosimi bilan avvalgi joyi, qurilish bo‘ladigan joyga qaytishdi. Xalqning atrofini milliy gvardiya va militsiya qo‘lini qo‘lga berib o‘rab oldi. Hech kimni tashqariga chiqartirmadi, kirgizmadi ham”.

Xalqning sabri tugadi

Norozilik namoyishida qatnashgan boshqa bir urganchlikning aytishicha, kompensatsiya pullarining to‘xtatib qo‘yilgani, qurilish materiallarining narxi oshib ketgani, aholining xoru-zorlikda yashayotgani ularning sabr kosasini to‘ldirib yuborgan:

“400dan ortiq oilaga qop-qop va’dalar berib, uylarini buzib, Chandirqiyot qishlog‘idagi dalaga ko‘chirib tashlashdi. Suv yo‘q, changu tuproqda aholi bir necha oydan buyon azob bilan yashayapti. Bir oy avval xom g‘isht 180 so‘m edi hozir 250 so‘mga chiqib ketdi, pishgan g‘isht 650 so‘m edi, endi 850-900 so‘mga chiqdi. Ustalarning ish haqi ikki baravarga oshdi. Uylarni buzishdan oldin 50 foiz pulini berib, chaylaga borsang qolgan 50 foizini beraman, dedi. Xalq bunga ham rozi bo‘ldi. Hammani chaylaga 100 foiz chiqarib olganidan so‘ng, pul berish to‘xtatildi”

Uning aytishicha, tovon pulini to‘lig‘icha, uyi buzilganlarning bor-yo‘g‘i 10 foizi olgan xolos:

“O‘zi baholashda bular g‘irromlik qildi. Masalan shahardagi mening uyim narxi 500 million so‘mlik edi. Bular esa 200 million so‘mga baholadi. Baholovchiga nega haqiqiy qiymatini baholamayapsan desam, men agar seni uyingni shunday baholasam, qolganlar ham talab qiladi. Kam qilib baholash haqida yuqoridan topshiriq bo‘lgan, bo‘lmasa meni ishdan bo‘shatishadi, dedi. Xalq arosatda qoldi. Bu yoqdan kuz kelyapti, hademay yog‘ingarchilik boshlanadi. Ba’zi odamlar hali uylarining fundamentini quyib tugatgani yo‘q”

Viloyat hokimi Farhod Ermonov uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyini ko‘zdan kechirmoqda 27 iyul
Viloyat hokimi Farhod Ermonov uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyini ko‘zdan kechirmoqda 27 iyul

Viloyat hokimi xalqni tinchlantirishga harakat qilib, va’da beryapti

Voqea guvohlaridan birining aytishicha, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining yuzlab xodimlari 27 iyul kuni ham norozilik namoyishida qatnashgan aholini hali ham o‘rab turibdi:

"Odamdan milisa ko‘p, mahbus tashiydigan mashinalarni, avtobuslarni, o‘t o‘chiruvchi mashinalarni olib kelib qo‘yishgan. Hozir ham qorovullik qilib turishibdi. Bugun ertalab viloyat hokimi bir necha muovinlari bilan birga keldi. Har bir palatkaga kirib, odamlar bilan gaplashdi. Milisalar bir joyga to‘planib gaplashishga qo‘ymadi. Hokim har bir oilaga bir moshinadan qum beradigan bo‘ldi tekinga, toshni arzonlatadigan bo‘ldi. Gaz yo‘qligi uchun xumdonlar ishlamay ohak qimmatlab ketgan edi, ohakni ham narxini tushiramiz dedi. G‘ishtni narxini 10 foiz arzonlab beramiz, dedi. Xullas, shunaqa va’dalar berdi, xalqni tinchlantirishga harakat qilyapti. Qani ko‘ramiz, bu ham va’dasiligicha qolib ketsa, yana yo‘lni to‘samiz"

Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi
Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi

Хоразм вилоят ҳокими халқни тинчлантиришга ҳаракат қилиб, ваъда беряпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:32 0:00
Бевосита линк

Ozodlik Xorazm viloyati hokimligidan hozircha bu voqeaga munosabat ololmadi.

XS
SM
MD
LG