Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:23

Tadbirkorlar “Surxon” futbol klubi uchun 50 million so‘mdan pul o‘tkazishga majburlanmoqda


"Surxon" futbol jamoasi. Championat.uz saytidan olindi
"Surxon" futbol jamoasi. Championat.uz saytidan olindi

Surxondaryo viloyatidagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalariga “Surxon” futbol jamoasi uchun 50 million so‘mdan pul o‘tkazish majburiyati qo‘yildi.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, viloyat hokimi To‘ra Bobolovning futbol jamoasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash haqidagi ixtiyoriy-majburiy topshirig‘i, qurilish tashkilotlari, tosh maydalash korxonalari, tijorat banklariga ham berilgan.

“Surxon” futbol jamoasiga xayriya qilishga bag‘ishlangan majlis 19 iyul kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan.

Viloyat hokimligi mulozimi, “viloyatning yuzi” bo‘lgan mahalliy jamoani qo‘llash uchun shunday topshiriq berilganini tasdiqlar ekan, bu tadbir ixtiyoriy tarzda amalga oshirilayotganini bildirdi.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni

​Termiz shahridagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalariga “Surxon” futbol jamoasi uchun 50 million so‘mdan pul o‘tkazish vazifasi yuklangani haqida tadbirkorlardan biri Ozodlikka ma’lum qildi:

“O‘tgan hafta viloyat hokimligidagi majlisda hokim “Surxon” futbol jamoasiga homiylik qilasizlar¸ bu prezidentning qarori dediyu, lekin qanaqa qaror ekanligini aytmadi. Xususiy qurilish tashkilotlari, MChJlar, banklar, karyerlar, zapravkalar pul o‘tkazishi lozimligini aytdi. Jumladan, biz metan gaz quyish zapravkalari ham 50 million so‘mdan o‘tkazishimiz shartligi aytildi”.

Ozodlikka yuborilgan viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi ilovasida viloyatdagi 51 ta siqilgan gaz quyish shoxobchasi nomi ko‘rsatilgan.

Metan gaz quyish shoxobchalari ro‘yxati
Metan gaz quyish shoxobchalari ro‘yxati

Ozodlik suhbatlashgan boshqa metan gaz quyish shoxobchasi rahbari ham ularga 50 million so‘mlik noqonuniy soliq solingani tasdiqladi.

“Dumini ham ko‘tara olmay sudraladigan jamoaga beradigan pulim yo‘q. Lekin bermasang, baribir keyin senga o‘chakishib, bir kamchiligingni topib, uni bo‘rttirib, jazolashadi. Shuning uchun, 50 million bo‘lmasa ham, imkonim boricha topib berishga majburman”.

Surxondaryo viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi o‘tgan haftada viloyat hokimi “Surxon” futbol jamoasini qo‘llash uchun tadbirkorlarga xayriya qilish topshirig‘i berganini tasdiqladi.

“Surxon” futbol jamoasi sobiq hokim Erkin Turdimov talabi bilan professional ligaga qo‘yilgan edi. Hozir u asosiy sostav, dublyorlar, xullas 50 kishiga yaqin jamoa. Ularning hisobida kamida 5-6 millard so‘m pul bo‘lishi kerak. Har bir o‘yinchi bilan 70-50 million so‘mlik shartnoma qildiriladi. Xarajati ko‘p. Lekin ularga buncha pulni topish imkoni bo‘lmayapti. Viloyat hokimi ham tadbirkorlarga ana shu jamoaga homiylik qilishga chaqiryapti. Masalan, Hayitali degan tadbirkorimiz 500 million so‘m homiylik qildi. Qolgan tadbirkorlarga ham aytildi. Majburiy emas, ixtiyoriy bo‘layapti”.

Korxona va tashkilotlar ro‘yxati
Korxona va tashkilotlar ro‘yxati

​Ozodlikka yuborilgan viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi ilovasida “Surxon” futbol jamoasiga xayriya qilish topshirilgan ro‘yxatda viloyatdagi salohiyatli davlat idoralari, tijorat banklari, yirik tadbirkorlik sub’ektlari, jami 226ta tashkilotning ro‘yxati keltirilgan.

"Surxon" futbol jamoasi vitse-prezidenti Sherdonaqul Xolboev Ozodlik bilan suhbatda jamoaning moliyaviy holatiga mas’ul emasligini aytdi.

- Men faqat administratorman, men moliyaviy ahvolni tushunmayman, Toshkent shug‘ullanadi moliyaviy ahvol bilan, dedi Sherdonaqul Xolboev.

O‘zbekistondagi futbol klublariga tadbirkorlarning pul o‘tkazishga majburlangani haqida ilgari ham Ozodlik xabar bergan edi.

Shu yil boshida Andijon viloyat hokimi viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga “Andijon” futbol klubi uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik yordami” yig‘ish talabini qo‘ygan edi.​

2018 yilning noyabrida Jizzax viloyatidagi maktablarning ishchi-xodimlari oyligidan bir kunlik ish haqi (o‘rtacha 70-100 ming so‘m oralig‘ida) “So‘g‘diyona” futbol klubi hisobiga o‘tkazilgan edi.

2017 yilning yanvarida esa o‘qituvchilar “Navbahor” futbol klubi uchun homiylikka majburlangan edi.

XS
SM
MD
LG