Surxondaryo viloyatida so‘nggi haftada avtomobillarga quyiladigan metan gaz narxi 200 so‘mga qimmatladi.
Tadbirkorlar metan gaz quyish shoxobchalariga ajratilgan limit “O‘ztransgaz” tomonidan qisqartirib qo‘yilgani va limitdan ortiq gaz qo‘shimcha koeffitsientda berilayotgani sabab, narxlar oshganini aytmoqda.
“O‘ztransgaz” rasmiysiga ko‘ra, surxondaryolik tadbirkorlar gazni shartnoma asosida olmoqda, limit qisqarishi bo‘lgani yo‘q.
“Termiz shahridagi metan zapravkalarda gazning narxi 2000 so‘m edi, birdaniga 2200 so‘m bo‘ldi. Zapravshiklardan so‘rasak, limit tugagan biz ham gazni qimmat narxda sotib olyapmiz, deyishyapti”
Termizlik oddiy haydovchining yozgan bu gaplarini Surxondaryo viloyatidagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbari tasdiqladi:
“Bu to‘g‘ri gap, biz so‘nggi haftada gaz narxini 200 so‘mga oshirishga majbur bo‘ldik. Biz narxni oshirgan bo‘lsak-da, bundan foyda ko‘rmaymiz”
Tadbirkorga ko‘ra, Surxondaryo viloyatiga beriladigan gaz miqdori kamaygan:
“Iyul-avgust oylari uchun "O‘ztransgaz" va Iqtisodiyot vazirligi bizning limitimizni 25 foizga qisib tashladi. Masalan, Surxondaryo viloyatiga qariyb 20 million kubometr gaz berishi kerak bo‘lsa, iyul oyiga 15,2 million berdi. O‘zbekistonda avtomobillar asosan gazda yurishini, iyul-avgust oylarida transportdan ko‘proq foydalanishini hisobga olsak, bu yetmay qolyapti. Shartnomaga ko‘ra, limitdan ortiq gazni esa “O‘ztransgaz” qo‘shimcha koeffitsient bilan sotadi, shuning uchun gaz narxi oshdi”
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa tadbirkorning aytishicha, uning metan gaz quyish shoxobchasi bu narx oshganidan foyda ko‘rmaydi:
“Hozir limitdan tashqari beriladigan gazga qo‘shimcha 1,4 koeffitsient to‘lab sotib olishimiz mumkin. Masalan bir kubometr gazning narxi 800 so‘m bo‘lsa, koeffitsient bilan 1120 so‘m bo‘ladi. 20 foiz aksiz solig‘i, 20 foiz NDS, 12 foiz foyda solig‘i, elektr energiyasi va kreditlar bilan biz 2200 so‘mdan sotib ham foyda olmayapmiz. Agar ishlamasdan, yangi oygacha zapravkani yopib qo‘ysak, mahalliy hokimiyat bosim o‘tkazib, ochtiradi va ishlashimizni talab qiladi. “O‘ztransgaz” shu yo‘l bilan katta foyda olyapti. Bir hisoblab ko‘ring, viloyatdan qisib qolgan besh million kubometr gazni 1,4 koeffitsient, ya’ni 320 so‘mdan qo‘shib sotsa, o‘rtacha 2 milliard so‘m foyda ko‘radi. Majburiy limitni qisib qo‘yib, qolganini qo‘shimcha koeffitsient bilan sotish. Buning ortidan tadbirkor ham jabr ko‘radi, iste’molchi ham. Buning tagida juda katta sir bor”.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Salohiddin (mulozim familiyasini atyishdan bosh tortdi – tahr.) ismli mulozimi Surxondaryo viloyatiga gaz limiti qisqartirilganini inkor qildi:
“Yil boshida limit qanday ajratilgan bo‘lsa, o‘shanday turibdi. Uni qisqartirish yoki o‘zgartirish transgazning ixtiyorida ham emas. Buni Iqtisodiyot vazirligi qiladi”.
O‘zbekiston iqtisodiyot vazirligining yoqilg‘i-energetika bo‘limi mulozimi Javdat Shamamedov surxondaryolik tadbirkorlar tilga olgan muammodan xabari borligini aytdi:
“Bizlarga Surxondaryodan AGNKS rahbarlari telefon qilishdi. Bizlar ularga yozma ravishda murojaat qilinglar, biz Energetika vazirligi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqamiz, deb aytdik. Hozir o‘sha xatlarini kutyapmiz, yozishsa ularga aniq va asosli javob beriladi”.
Mulozim avtomobillarga metan gazi quyish shoxobchalariga beriladigan limit qisqartirilganini inkor qilmadi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 30 iyuldagi №633 qarori bilan O‘zbekistonda 15 avgustdan metan gaz narxi yana 200 so‘mga qimmatlab, ishlab chiqaruvchidan chiqarilgan bir kubometr gaz qiymati 1000 so‘m bo‘ladi.
O‘zbekistonda so‘nggi oylarda metan gaz quyish shoxobchalariga beriladigan limitning qisqartirilgani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.
Jumladan, iyun oyining oxrida Farg‘ona shahridagi bir qancha shoxobchalar limit tugagani sababli yopib qo‘yilgan edi.