Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:19

O‘zbek askarlari bir oydan beri Buxoroda qabriston tozalamoqda


Byudjet ishchilari Buxorodagi Xazrati Imom qabristonini tozalashga chiqarildi
Byudjet ishchilari Buxorodagi Xazrati Imom qabristonini tozalashga chiqarildi

O‘zbekiston mudofaa vazirligi xodimlari¸ xarbiy xizmatchi¸ o‘qituvchi¸ bog‘cha tarbiyachilari¸ hamshira va byudjetdan oylik oluvchi boshqa yuzlab xodimlar bir oydan beri Buxoro shahridagi Xazrati Imom qabristonini tozalashga safarbar qilingan.

Matbuotga gapirish vakolati bo‘lmagani uchun ismi sir qolishini so‘ragan Buxoro viloyat hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ joriy yil sentabr oyida Buxoroda xalqaro musulmonlar forumi o‘tkazilayotgani bois Hazrati Imom qabristonida obodonchilik ishlari olib borilmoqda.

Buxoroda majburiy mehnat
Buxoroda majburiy mehnat

Bloger faryodi

Asli Buxorodan bo‘lgan bloger Umid G‘afurovning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatiga ko‘ra¸ ushbu “obodonchilik” ishlari har kuni soat yettidan boshlanmoqda:

-Hokimlik byudjet xodimlarini majburlamoqda. Maktab o‘qituvchilari va soldatlar ertalab kelishadi. Tonggi yettida hokimlik odam yo‘qlama qiladi. Bu holat mana bir oydirki davom etmoqda. Qabristonni obod qilish kerak. Lekin nega qabriston tekin majburiy mehnat hisobiga obod qilinishi kerak? - deydi o‘zining videomurojaatida Umid G‘afurov.

Ozodlik bilan suhbatda Umid G‘afurov qabristonni obod qilishga Buxoroda istiqomat qiladigan onasi ham majburlanganidan tashvish bildirdi.

G‘afurovning chiqishi ortidan uning onasi 2 avgust kuni shahar hokimiyatiga chaqirtirilgan va obodonlashtirish ishlariga ixtiyoriy ravishda chiqqani haqidagi tilxatga imzo qo‘yishga majburlangan.

Xazrati Imom qabristoni
Xazrati Imom qabristoni

Mulozim qisman tasdiqladi

Ozodlik Buxoro viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Zokirjon Hidoyatovga qo‘ng‘iroq qildi.

Telefonni ko‘targan mulozim o‘zini tanishtirmagan holda majburiy mehnatga Buxoroda yuz foiz chek qo‘yilganini iddao qildi.

Hokimlik mulozimi iddaosiga ko‘ra¸ “qabristondagi obodonchilik ishlarida byudjet xodimlari o‘z istagi bilan qatnashmoqda”.

Mulozim bu obodonchilik ishlarida tibbiyot xodimlari ham qatnashayotganini inkor qilmadi:

- Asosan shahar hokimligi obodonchilik boshqarmasi xodimlari shug‘ullanmoqda. Issiqda bu xodimlarga bir kori hol bo‘lmasin, deya vrach va hamshiralar ham qabristonga kelgan. Ya’ni har kim o‘z vazifasi bilan shug‘ullanmoqda¸ - deydi mulozim.

Ozodlik muxbirining “qabristonda soldatlar nima qilib yuribdi?” degan savoliga javob bergan mulozim "obodonchilikda qatnashish askarlar nizomida belgilab qo‘yilgan" deya ta’kidladi.

Buxoroda majburiy mehnat
Buxoroda majburiy mehnat

Askar - qabriston farroshi emas

O‘zbekiston Mudofaa vazirligining yuqori maqomdagi mulozimining Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan aytishicha, “askarlarning hokim buyrug‘i bilan bir oy davomida obodonchilik ishlariga jalb qilinishi nizomda ko‘rsatilmagan"

- Bir kun hasharga chiqishi mumkin. Mayli, qabristonni obod qilish - bu savob. Ammo bir oy davomida Mudofaa vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilarning farroshlik qilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Hokim o‘zini mudofaa vaziridan ham katta deb bilib, muntazam armiyani qabriston tozalashga safarbar qilibdi. Konflikt chiqmasin deb, indaganimiz yo‘q. Lekin hokimning harbiy hizmatchilarni ishlatishga haqi yo‘q¸ - deydi Mudofaa vazirligi mulozimi.

Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlari ortidan O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatni taqiqlagan edi.

Ota va qiz majburiy mehnatni qoraladi¸ hokimlar o‘z bilganidan qolmadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida qilgan chiqishida, byudjet xodimlarini obodonchilik ishlariga jalb qilinishini qoralagan edi:

- Ochiq gap, bu menda nafrat paydo qiladigan narsa. Bir paytlar o‘zim shunga qarshilik qilgan ishlarga bugun ko‘zbo‘yamachilik qilish, odamlarni, ayniqsa, ijtimoiy soha odamlarini, maktab, o‘quvchilarni majburlab obodonlashtirishga chiqarib, qo‘yishlaring bu faqat menga emas, balki siyosatga xiyonat. Agar bundan buyon birorta hududda vrach, o‘qituvchi, talabani obodonlashtrishga jalb qilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Qonun oldida men sizlarni hammalaringni jazolayman¸ - deya ogohlantirgan edi prezident Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari, O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva 16 may kuni Facebook sahifasida qilgan bayonotida tibbiyot xodimlari, o‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishini "barkamol avlodni tarbiyalashda eng ko‘p tashvishga solayotgan besh muammoning biri" sifatida tilga olgan edi.

XS
SM
MD
LG