Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:29

Chet elliklar oldida o‘zini kamsitilgan hisoblayotgan aviachipta sotuvchilar hukumatdan javob kutmoqda


Biz, aviachipta sotuvchi mahalliy agentliklar “O‘zbekiston havo yo‘llari”, Bosh prokuratura va DXX rahbariyati hamda Prezident xalq qabulxonasiga yozgan xatlar qabul qilib olganiga bir oy bo‘ldi, lekin hech qaysi idoradan javob kelmadi.

Bu haqda Ozodlikka javobni kutayotgan 14 tadbirkorning Toshkent va Andijondagi ikki vakili bildirdi. Qonunga binoan davlat organiga shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.

Mualliflar o‘z maktubida Milliy aviakompaniya aviachiptalarini sotuvchi mahalliy va chet ellik agentlar o‘rtasida tengsizlik mavjudligidan shikoyat qilgan.

Mahalliy agentlarning muammolari aks etgan xat to‘g‘risida Ozodlik 19 iyulda xabar qilgan edi.

Ozodlik 19 iyul kungi maqolani tayyorlar ekan, asl nusxasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Bosh direktori Baxtiyor Hakimovga, nusxalari Bosh prokuratura va DXX rahbariyati hamda Prezident xalq qabulxonasiga jo‘natilgan xat matniga tayangan edi.

14 imzo chekilib, 14 ta muhr bosilgan xat

6 avgust kuni Ozodlikka 4 ta idoraga jo‘natilgan bir xil mazmundagi 4 ta xatning asl nusxalari fotosuratlari keldi. Ikki yarim betli xatni aviachipta sotuvchi 14 ta agentlik rahbari imzolagan, ularning 14 ta muhri bosilgan.

Xatlar unvonining chap tomonida ularning 8 iyulda qabul qilib olingani, qabul qilib olgan xodimning imzosi chekilgani aks etgan.

O‘zbekistonlik aviachipta sotuvchilar yozgan xat
O‘zbekistonlik aviachipta sotuvchilar yozgan xat

Xat mazmuni

Ushbu mavzuni Ozodlik 19 iyul kungi materialida yoritar ekan, masalaning mag‘zi sifatida mana bu gapni keltirgan edi:

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviachiptalarni sotgani uchun tarif miqdoridan kelib chiqadigan haqni har xil belgilamoqda. Chet ellik agentlarga tarifning 12 foizi va undan yuqori miqdorda haq to‘lanadi, “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasining mahalliy agentlari esa, 5% gina haq oladi".

Bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelishini “O‘zbekiston havo yo‘llari” faoliyatidan bevosita xabardor Transport vazirligi mulozimi tasdiqlagan edi.

Lekin Ozodlik mavzuni o‘rganar ekan, Pragadagi aviachipta sotuvchi agentliklardan biri bilan gaplashgan, u Internet savdolar rivojlanishi ortidan “Agentga aviakompaniya sotgan bileti uchun falon foiz ajratadi, degan gaplar yo‘qolib ketganiga ancha bo‘lib qoldi” degan edi.

Shubhaga o‘rin yo‘q

Murojaatlariga tegishli idoralardan javob kutayotgan 14 tadbirkorning Toshkent va Andijondagi ikki vakili 6 avgust kuni Ozodlikka “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasi bilan aviachipta sotuvchi MChJlar o‘rtasida tuzilgan Agentlik shartnomasi fotonusxasini jo‘natdi.

Shartnomaning 5.1- moddasida agent “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning aviatashuvlar bo‘yicha xizmatlarini realizatsiya qilgani uchun (sodda aytganda: chipta sotgani uchun) tarifning 5% miqdorida komission to‘lov olishi belgilab qo‘yilgan.

Aviachipta sotuvchi mahalliy agentlik bilan tuzilgan shartnoma
Aviachipta sotuvchi mahalliy agentlik bilan tuzilgan shartnoma

Mahalliy agentlar nimadan norozi?

Toshkent va Andijondagi ikki agent bilan 6 avgust kuni mana bularni aytdi:

biz - mahalliy agentlar chet davlatlardagi hamkasblarimiz ishtirok etayotgani kabi Internet savdoda ishtirok etolmaymiz, faqat “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasi timsolida “O‘zbekiston havo yo‘llari” bilan tuzilgan shartnoma doirasida ishlay olamiz;

qariyb ikki oydan buyon “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviachiptaning tarifini pasaytirib, soliqlarni ko‘paytirib qo‘ydi. Masalan, bitta chiptaning jami narxi $200 deylik, ilgari bu pulning $140 tarif, $60 soliqlar edi. Endilikda tarif $100 ga tushirildi, soliqlar esa, $100 ga ko‘tarildi. Xaridor bu farqni sezmaydi – unga baribir. Lekin bundan biz yutqazayapmiz, chunki 5 foizimizni chiptaning umumiy narxidan emas, tarifdan olamiz;

chet ellik agentlarga “O‘zbekiston havo yo‘llari” to‘laydigan komissiya 12 foizdan boshlanadi va so‘nggi paytlarda ular sekin-asta mamlakat ichiga ham kirib kelmoqda va oqibatda mahalliy agentga ish qolmayapti;

Xatlarga rasmiy javob yo‘q, lekin bitta o‘zgarish borday

Toshkentlik agentning aytishicha, Ozodlik bu mavzuni yoritganidan so‘ng chet ellik agentlarga ham, agar ular chiptani Toshkentdan boshlanadigan reysga sotsa, komissiya 5 foiz miqdorida to‘lanmoqda. Biroq Toshkentlik agent bu gapini dalillay olmadi.

Xuddi shu masalada “Siz buni qaerdan bilasiz?” degan savolga andijonlik agent bunday javob berdi:

- Chet eldagi aviakassalar o‘zbekistonlik passajirlarga chegirmalar berishni to‘xtatdi. Men ulardan bir-ikkitasi bilan gaplashdim. Oladigan komissionniy voznagrajdeniyesi pasayganini, 1 avgustda “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan xat kelganini, unda agar parvoz O‘zbekistondan boshlansa, komissiya 5 foiz bo‘lishi aytilganini aytishdi. Lekin buning bizga issig‘iyam-sovug‘iyam yo‘q, biz komissiyaning ko‘tarilishini, chet ellik hamkasblarimiz bilan teng huquqli bo‘lishni istaymiz.

Toshkentlik va andijonlik agentlarning aytishicha, ularning xatiga “O‘zbekiston havo yo‘llari” va boshqa adresatlardan rasmiy javob hanuz yo‘q. Lekin Milliy aviakompaniya rasmiylari xatni imzolaganlarning ba’zilari bilan bog‘lanib, tahdid qilgan, (shuning uchun ham toshkentlik va andijonlik suhbatdoshlarimiz ismlari aytilishini, xatga chekilgan imzolar va bosilgan muhrlar suratini e’lon qilmaslikni iltimos qildi) yolg‘iz suhbatga chorlagan. “Lekin biz hammamiz bilan, matbuot ishtirokida uchrashuv bo‘lsa boramiz, dedik” dedi toshkentlik agent.

Mahalliy agentlar nimani istamoqda?

Nimani istayotgani ular javobini kutayotgan xatda bitilgan. Faqat agentlarning o‘ziga va “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga tushanarli bo‘lgan xos talablarga to‘xtalmay, bittaginasini keltiramiz:

"Sotiladigan aviachipta uchun to‘lanadigan mukofotning foiz stavkasini 5 dan 12 foizga ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilsin".

O‘zbekistonlik aviachipta sotuvchilarning shikoyatiga yana bir bor qaytar ekanmiz, “O‘zbekiston havo yo‘llari” matbuot xizmati yoki boshqa rasmiylaridan bu gal ham munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Boshqa uch idoradan faqat bittasi – Bosh prokuratura matbuot xizmati telefonini ko‘tardi va savolni eshitib-eshitmayoq u tomonda eshitilmay yoki “eshitilmay" qoldi.

Davlat idoralari qonun talablariga rioya qilayaptimi?

Maqolamiz boshida “O‘zbekiston havo yo‘llari”, Bosh prokuratura va DXX rahbariyati hamda Prezident xalq qabulxonasiga mahalliy agentlar yozgan xatlar qabul qilib olinganiga bir oy bo‘lgani, lekin hech qaysi idoradan javob kelmagani haqida aytilgan edi.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasida (Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari) bunday deyilgan:

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

XS
SM
MD
LG