Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:25

Namanganda qabriston hududi toraygani bois yuzlab kishi norozilik namoyishiga chiqdi (Video)


Namanganda 8 avgust kungi namoyish payti
Namanganda 8 avgust kungi namoyish payti

8 avgust kuni Namangan shahar, Gulobod mahallasida uch yuzga yaqin odam qabriston uchun ajratilgan yer qariyb 4 marta torayib ketganidan norozilik aksiyasi o‘tkazdi.

Mahalla vakillarining aytishicha, qabriston uchun 1994 yili 8,5 gektar ajratilgan edi. Bugungi kunda mozor maydoni 2,5 gektardangina iborat bo‘lib qolgan.

2017 yildan buyon qabristonga ajratilgan yerning qolgan 6 gektariga issiqxonalar, tovuqxonalar va ma’muriy binolar qurilgan.

Namangan shahar hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ qabriston hududidan yer uchastkalari tadbirkorlarga qonuniy asosda ajratilgan.

Mulozimning aytishicha, qabriston maydonini qayta kengaytirish imkoni mavjud.

8 avgust kuni voqea joyiga yetib borgan Ozodlik mobil muxbiri norozilik namoyishini videotasvirga oldi.

Наманганда қабристон ҳудуди торайгани боис 300 киши норозилик намойишига чиқди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:51 0:00

Mobil muxbirning aytishicha¸ tadbir qatnashchilari qabriston hududida qurilayotgan ma’muriy bino fundamentini buzib tashlashga uringan, ammo zudlik bilan yetib kelgan IIB xodimlari bunga to‘sqinlik qilgan:

- Voqea joyiga Namangan shahar IIB va viloyat DXX rahbari yetib kelib odamlarni tinchlantirdi. Odamlar uchta mahalla aholisi o‘z hisobidan obod qilib, atrofini devor bilan o‘ragan qabriston hududida teplitsa va tovuqxonalar qurilishidan norozi. Qabriston hududida o‘tgan hafta tagi garaj usti ma’muriy bino bo‘lgan inshootlar qurilishining boshlangani odamlar g‘azabini qo‘zg‘atgan so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Uning yana aytishicha¸ norozilar bilan uchrashgan shahar IIB boshlig‘i, boshlangan qurilishni to‘xtatib, masalani atroflicha o‘rganishga va’da bergan.

"O‘ligimizni qaerga qo‘yamiz?"

Qabristonga yaqin Fayzobod ko‘chada yashaydigan 67 yashar mahalla faoli Muhammadamin Rajabboevning Ozodlikka aytishicha¸ uning qo‘lida qabriston uchun 8,5 gektar yer maydoni ajratilgani haqidagi agrofirma chiqargan qaror va yig‘ilish bayonnomasi bor.

- 1994 yil, 6 martda ”Ijodkor” agrofirmasi bizga mana shu qabristonni ajratish uchun qaror chiqardi. Mana hujjati qo‘limda. O‘shanda biz o‘z kuchimiz bilan buning atrofini beton va xom g‘ishtli devor bilan aylantirib olgan edik. 2017 yil shaharga qo‘shilganimizda qabriston 2,5 gektarga aylanib qoldi. Tovuq ferma¸ teplitsa¸ omborxona va yana nimalarnidir qurib tashlashdi. Kechadan oldingi kun bitta tadbirkor fundament qurib boshlaganini ko‘rgan odamlar ko‘chaga chiqdi¸ - dedi Muhammadamin Rajabboev.

Uning aytishicha¸ bu qabriston uchta mahalla va mikrorayon aholisi uchun mo‘ljallangan:

- 30 mingga yaqin aholi uchun shu bitta qabriston. Bu to‘lsa xalq o‘ligini qaerga qo‘yadi? Bizdan 40 km narida qabriston bor. Xalq shuncha uzoqqa borsinmi?

Norozilik ishtirokchilaridan biri¸ Gulobod mahalla faoli Abdumalik Ergashevning Ozodlikkka aytishicha¸ talab bitta:

- Qabristonimizni qaytib bersin. Milisa boshlig‘i kelib, tarqaling, ijobiy hal qilib beraman, deyishdan nariga o‘tmadi. Qani hokim yoki uning o‘rinbosari? Ota-bobolarimiz qo‘nim topgan yerni sotgan hokim xalq g‘azabidan qo‘rqib norozilar oldiga chiqmay ustimizga milisa yubordi.

Hokimlik mulozimi izohi

O‘zini "Namangan shahar hokimligining kapital qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha mutaxassisi" deb tanishtirgan mulozimning Ozodlika aytishicha, “Gulobod mahallasi shaharga qo‘shilgan 2017 yilda qabriston hududi kadastr hujjatlarida 2,5 gektar qilib berilgan”.

Mulozimning aytishicha¸ qabriston hududidagi yer uchastkalari tadbirkorlarga qonuniy asosda ajratilgan.

"Qabriston maydoni yana kengayish ehtimoli bor"

8 avgust kuni voqealarni kuzatgan Ozodlik mobil muxbiriga ko‘ra¸ mahalliy hokimlik xalq talabini qisman qondirib muammoli vaziyatdan chiqish yo‘lini izlamoqda:

- Yangi fundamenti qurilgan inshootni buzib o‘rnini qaytarishni shahar IIB boshlig‘i norozilarga va’da qildi.

Shahar hokimligining kapital qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha mutaxassisining Ozodlikka aytishicha, muqaddam qabristonga ajratilgan hududda qurilgan ba’zi inshootlarning mavjud normalarga zid ekanligi aniqlangan, shu holat aholining qabristonni kengaytirish talabini qondirishga imkon berishi mumkin:

- Qonunga ko‘ra, qabristonga tutash qilib bino qurish mumkin emas. 20 gektardan katta qabriston bo‘lsa 500 metr undan kichik bo‘lsa 300 metr oraliq masofa qolishi kerak. Masalaga shu tarafdan qarab xalqning talabini qondirish mumkin.

Mulozim aytgan normalar 2011 yilning 4 aprelida qabul qilingan «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida aks etgan.

Lekin shahar hokimligi mulozimi Ozodlikning nega bu qonun normalari xalq namoyishga chiqqanidan keyin esga tushdi, degan savoliga javob bermadi.

8 avgust kungi norozilik tadbirida qatnashgan Ozodlik mobil muxbirini Namangan shahar hokimi qabul qildi.

Mobil muxbirning aytishicha¸ "hokim qabriston masalasini xalq talabi asosida “ijobiy ko‘rib chiqishga va’da bergan”.

XS
SM
MD
LG