Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani kasalxonasida terapevt vrach bo‘lib ishlovchi 24 yoshli Otabek Sirliboyev bemor qarindoshlarining hujumiga uchradi.
Voqea 7 avgust kuni shifoxona hududida ro‘y berdi. Kaltaklangan shifokor og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.
Qo‘shrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi Ozodlikka shunday hodisa bo‘lganini tasdiqladi va bu holat bo‘yicha tergov olib borayotganini ma’lum qildi.
Otabek Sirliboyevning Ozodlikka aytishicha, 7 avgust kuni navbatchilik qilayotgan payti bemorni olib kelgan ikki erkak uni haqoratlab, kaltaklagan.
- Travmatologik kasal ekan, o‘zim nosilkani ko‘tarishib olib kelayotgan edik, olib kelganlardan bittasi "vrachlar chmo bo‘ladi", dedi. Men "so‘kinmanglar qarayapmiz", dedim. Keyin "onangni..." deb so‘kdi. Nosilkani ko‘tarib ketyapman, orqaga qarasam yuzimga tushirdi. Kaltaklashdi. Hozir boshim va ko‘z qismim gematoma bo‘lib kasalxonada yotibman, - dedi Sirliboyev.
Qo‘shrabot tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlikka shunday hodisa bo‘lganini tasdiqladi va bu bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.
Mulozim shifokorlarni kaltaklaganlar taqdiri haqida ma’lumot olib bermadi.
Otabek Sirliboyev tuman Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilgani, lekin natija bo‘lmayotganini aytdi.
- O‘shandan beri uch kun o‘tdi, militsiyadagilar qiziqib ham ko‘rgani yo‘q. Meni kaltaklaganlar yurishibdi, ochiqda. Vrachlarni bir tiyinlik obro‘si qolmadi. Hamma ustimizdan izdevatsya qiladi, militsiya beparvo. Arzimizni kimga aytishni ham bilmay qoldik, - deydi Sirliboev.
O‘zbekiston kasalxonalarida shifokorlarga hujum qilinishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.
O‘tgan oy Jizzax shahridagi bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida vafot etgan 14 yoshli bemorning akasi shifokorni pichoqlagani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
May oyida esa Samarqandda bemorning otasi shifokorga hujum qilib, uni haqoratlagani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2018 yil davomida O‘zbekistonda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan 300ga yaqin tibbiyot xodimi kaltaklangan.