Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:21

Surxondaryolik migrant: IIB xati tufayli Rossiyaga 35 yil kirolmaydigan bo‘lib qoldim


Oybek Yusupov Moskvada payvandchi bo‘lib ishlagan
Oybek Yusupov Moskvada payvandchi bo‘lib ishlagan

Rossiyada ishlab, O‘zbekistonga qaytgan surxondaryolik 35 yashar Oybek Yusupov Angor tuman Terrorizmga qarshi kurash bo‘limiga 8 avgust kuni yana bir bor chaqirtirildi.

Beayb javobgarlikka tortilishidan qo‘rqib Ozodlikka bu haqda xabar qilgan Oybekning aytishicha, u 2011 yildan buyon mahalliy IIB nazorati ostida qolmoqda.

Oybek Yusupovning iddao qilishicha, Angor tuman Terrorizmga qarshi kurash bo‘limining u haqda Rossiyaga so‘rov jo‘nataverishi oqibatida shu yilning iyulida u Rossiyaga qiritilmadi, Rossiyaga kirishi 35 yilga taqiqlab qo‘yildi.

Surxondaryo viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrulla Mirzayev Oybek Yusupov hech qanday ro‘yxatlarda turmasligi va u terrorizm bo‘limiga “boshqa bir jinoyat ishi masalasida” chaqirtirilganini bildirdi.​

Joriy yilning iyunida Rossiyaga kiritilmagach, O‘zbekistonga qaytib kelgan angorlik 35 yashar Oybek Yusupov mahalliy IIB "siquviga tushganidan" xavotir bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda u qaytib kelganidan buyon Angor tuman Terrorizmga qarshi kurash bo‘limiga uchastka noziri orqali “suhbatga” chaqirtirilayotganini, "suhbat"ga so‘nggi bor 8 avgust kuni chaqirtirilganini aytdi.

Oybekka ko‘ra, u shu yilning iyulida Rossiyaga qiritilmagan, FSB unga Rossiyaga kirishni 35 yilga taqiqlab qo‘ygan.

FSB Oybek Yusupovga 35 yilga Rossiyaga kirishni taqiqladi
FSB Oybek Yusupovga 35 yilga Rossiyaga kirishni taqiqladi

Uning iddao qilishicha, Rossiya FSBsi Angor tuman Terrorizmga qarshi kurash bo‘limidan yuborilgan xat asosida “har ehtimolga qarshi” uning uchun Rossiya chegarasini yopib qo‘ygan.

- Shu yilning iyulida kirdi-chiqdiga borganimda “Ozinki” chegara postida pasportini olib, qamab qo‘yishdi. “O‘qishim bor, ishim bor, instrumentlarim qolib ketgan, haydovchilikka o‘qishga topshirganman- nima bo‘ladi?”, desam, “aybni bizdan ko‘rma – O‘zbekiston so‘rovnoma jo‘natgan bizga!”, dedi. 2011 yilda ular meni terrorizmda ayblashgan edi. Maqsadlari – uyda jim o‘tirsam.

Oybek Yusupov terrorzimga aloqasi borligiga oid iddaolarni keskin rad etar ekan, bunday dedi:

- Terrorizmga aloqam yo‘q, namoz o‘qimayman – Hayit kunlari masjidga boraman, xolos. Uyimda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitobi bor. Terrorizm bo‘limiga “Uyida Muhammad Solihning kitobi bor”, degan gap yetkazilgan! Milliy xavfsizlikdan Akbar degani bir oy davomida savol-javob qilgandi shu masalada.

Ichki ishlar xodimlari va mahalla raisi Oybek Yusupov xonadonida
Ichki ishlar xodimlari va mahalla raisi Oybek Yusupov xonadonida

Oybekning aytishicha, u 2011 yildan beri Ichki ishlar bo‘limi nazoratida bo‘lgan, bir necha yil oldin prezident Islom Karimov nomiga majburan «kechirim xati» yozib bergach, pasporti qaytarib berilgan.

Biroq shunga qaramay, Oybekning iddao qilishicha, Angor tuman IIB Jinoyat-qidiruv va Terrorizmga qarshi kurash bo‘limlari unga bosim o‘tkazmoqda va u himoya izlab o‘nlab marta prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan, lekin javob olmagan.

Oybek yashaydigan Angor tuman, Novshahar mahallasi raisi Xo‘jamurod Rahmonberdiyevning Ozodlikka aytishicha, Oybekning IIBga chaqirtirilganidan uning xabari yo‘q, uchastka noziri bilan Yusupovlar xonadoniga “bayram oldidan profilaktika maqsadida” kirgan, xolos:

- Ichki ishlarga chaqirilganidan xabarim yo‘q meni. Bir unikiga kirganimiz yo‘q – xonama-xona hamma uylarga kirib yuribmiz bayram oldidan. Nima kamchilik, nima muammo bor? deb.

Mahalla raisi Oybek Yusupov to‘g‘risida Ichki ishlar bo‘limiga bergan tavsifnomasida (fotonusxasi Ozodlikda mavjud) Oybek “mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ladigan tadbirlarda qatnashmaydi, qo‘ni-qo‘shnilari bilan bordi-keldisi o‘rtacha” deb tavsiflangan.

Mahalla qo‘mitasidan Oybekka berilgan tavsifnoma
Mahalla qo‘mitasidan Oybekka berilgan tavsifnoma

Biroq Xo‘jamurod Rahmonberdiyev​ tavsifnoma berganini rad etdi.

Surxondaryo viloyat Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrulla Mirzayev Oybek Yusupov hech qanday ro‘yxatlarda turmasligi va u terrorizm bo‘limiga “boshqa bir jinoyat ishi masalasida” chaqirtirilganini bildirdi.

- U bir fuqaro arizasi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilib, jinoyat ishi ochilishi rad etilgan. Angor tuman tergov bo‘limi tomonidan ish ko‘rilgan edi. 140 - modda ("Haqorat qilish") asosida holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, unga nisbatan emas! U o‘zi vahima qilib yuribdi, unga hech kim hech narsa degani yo‘q. U na guvoh, na javobgar tarzida chaqirtirilgan. Terrorizm ro‘yxatida ham yo‘q u.

Ozodlik 2018 yilda Oybek Yusupovga nisbatan bosimlar avj olgani va angorlik maxsus xizmatlar uni “namoz o‘qishga da’vat qilganlik” va “Suriyaga jihodga odam yollaganlikda” ayblagani to‘g‘risida xabar bergandi.

Angorlik bu yigit hozirda biror joyga ishga joylasha olmayotgani, mehnat birjasida unga taklif qilingan, oyligi 284 ming so‘mlik (~33 AQSh doll.-tahr.) payvandchilik ishiga ko‘nmaganini bildirdi.

Taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilarning “qora ro‘yxati” mavjudligi 2017 yilda prezident Mirziyoyev tomonidan rasman aytilgan va bu ro‘yxatdan adashganlarni chiqarish tashabbusi ko‘tarilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 dekabr kuni Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida diniy ekstremistik guruhlarga aloqador ko‘rilgan 20 mingdan ziyod fuqaro nazoratdan chiqarilganini ma’lum qilgan.

Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi. Man etilgan tashkilotlarga adashib kirib qolgan, qilmishiga pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi, deb aytgan prezident.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG