Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:33

Oqqo‘rg‘onda IIB xodimlari bozorda norozilik bildirgan ayollarni sudrab avtozakka tiqdi (VIDEO)


Oqqo‘rg‘on bozori. 2019, 13 avgust.
Oqqo‘rg‘on bozori. 2019, 13 avgust.

Toshkent viloyat, Oqqo‘rg‘on tuman dehqon bozorida 13 avgust kuni o‘nlab bozorchi ayollar ular savdo qilayotgan joyga do‘kon qurilishiga norozilik bildirgan.

Oqqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, ayollar ustalarning ish qurollarini sindirib, qurilayotgan do‘kon devorini buzib tashlagani sababli tartibni saqlash uchun u yerga organ xodimlari yuborilgan.

IIB mulozimi “avtozak”ka tiqilgan ayollar o‘sha joyning o‘zida yana qo‘yib yuborilganini aytdi.

Mulozim organ xodimlarining ayollarni avtozakka tiqish harakatlari qanchalik qonuniy ekanligi haqidagi Ozodlik savoliga javob bermadi.

Ozodlikka 16 avgust kuni yuborilgan videoda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tuman dehqon bozoridagi ayollar va militsiya xodimlarining o‘rtasidagi ziddiyat aks etgan.

"Vahshiylar, vahshiylar, kuchlaring shunga yetdimi?!"

Videoda xotin-qizlar bozor yo‘lini yopib qo‘yadigan do‘kon qurilishiga norozilik bildirayotganini, buzib tashlangan devor g‘ishtlarini ko‘rish mumkin.

IIB xodimlari norozilik bildirayotgan ayollarni zo‘rlik bilan qo‘lini qayirib, ularni himoya qilayotgan boshqa ayollardan ajratib olishga jon-jahdi bilan harakat qiladi.

To‘rt nafar gavdali va kuchli organ xodimi nozik qomatli bir qizni ayollar qurshovidan qo‘llarini qayirib yulib oladi va uni sudrab yo‘l chetida turgan mahbus tashiladigan maxsus avtomobilga zo‘rlik bilan tiqadi.

Oradan bir daqiqa o‘tmay, organ xodimlari 30-35 yoshlar chamasidagi yana bir ayolni, ikki qo‘lidan ushlab, “avtozak” tomon sudray boshlaydi.

Odamlar, asosan, ayollar qiy-chuv ko‘taradi, atrofdagi erkaklar bunga aralashmaydi va ularning ba’zilari telefonga video olishda davom etadi.

Yosh bola onasini "avtozak"ka tiqmoqchi bo‘lganlarga norozilik bildiryapti
Yosh bola onasini "avtozak"ka tiqmoqchi bo‘lganlarga norozilik bildiryapti

Bu orada organ xodimlari yana bir o‘rta yashar ayolga yopishadi. Uning ikki qizi va bir o‘g‘li, jon-jahdi bilan onasini xodimlar qo‘lidan chiqarib olishga harakat qiladi.

Tort-tort oqibatida ayol yerga yiqiladi va chalqancha yotib qoladi. Ayolning farzandlari esa, “aya, aya...” deb uning atrofida baqira boshlaydi.

Ayolning qizlari organ xodimlariga qarab, “vahshiylar, vahshiylar, kuchlaring shunga yetdimi?!” deb baqiradi.

Ayollardan biri organ xodimlariga “nima haqlaring bor, ayolni shunday qilgani?!” deb gapiradi. Xodimlar javob bermaydi.

Bozorda qiy-chuv davom etadi, ayollarning organ xodimlarining zo‘ravon harakatlariga norozilik sifatida bildirgan gaplari eshitiladi.

"Xotin-qizlar savdo qiladigan joylarining sun’iy to‘silishiga norozilik bildirdi"

Ozodlik 13 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bu voqeani o‘rganish jarayonida, Oqqo‘rg‘on dehqon bozorida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan biri bilan gaplashdi.

Uning aytishicha, kichik tadbirkorlar savdo qiladigan rastalarning katta ko‘chaga olib chiqadigan joyiga yangi do‘kon qurilishi va buning oqibatida, ularning savdo joyi bekilib qolishiga norozilik bildirgan:

“Bu xotin-qizlar kichik tadbirkorlar, ya’ni o‘sha joyda non, shirinlik, qovun-tarvuz va boshqa mayda-chuyda sotadi. Ko‘pchilik shu yo‘ldan o‘tib bozorning ichkarisiga kirardi. Ya’ni, odam gavjum joy. Shu joyning ko‘cha tomonini qaysidir bir tadbirkorga sotishgan. U o‘sha yerda do‘kon qurishni boshlagan. Bundan g‘azablangan ayollar ko‘tarilib, uning devorlarini buzib tashlagan. Keyin kuchaytirilgan militsiya xodimlari "avtozak" mashinasida keldi. Bir qizni shafqatsiz ravishda qo‘llarini qayirib, sudrab avtozakka tiqishdi. Qolgan ayollarni ham tiqmoqchi edi, ayollar ko‘plashib ularning qo‘llariga yopishdi. Bir ayol hushidan ketib, yiqilib qoldi. O‘sha yerda nachalnik militsiya ham bor edi, u vaziyat qaltislashayotganini ko‘rgandan keyin otboy berdi. Avtozakdagi qizni ham keyin qo‘yib yuborishdi. Militsiyaning ayollarga nisbatan vahshiylarcha munosabati hammaning g‘azabini keltirdi”.

"Xotin-qizlar IIBga olib kelinmadi"

Oqqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bozorchi ayollarning noroziligini bostirish uchun militsiya guruhi yuborilganini tasdiqladi:

“Bizning xodimlar tartib saqlash uchun yuborilgan. Janjal-to‘polon kuchayganidan keyin, u ayol ham “avtozak”dan tushirilgan. Hech kim IIBga olib kelinmagan, o‘sha yerning o‘zida ularga tushuntirilgan”.

Mulozim organ xodimlari ayollarning qo‘llarini qayirib, sudrab “avtozak”ka tiqish harakatlari qanchalik qonuniy ekanligi haqidagi Ozodlik savoliga javob bermay, aloqani uzib qo‘ydi.

"Mashinalar tirbandligini yo‘qotish uchun bu yo‘l yopilgan edi"

Oqqo‘rg‘on dehqon bozori direktori G‘ulom Tulepovning aytishicha, bozorda savdo qilayotgan ayollarning bu noroziligi o‘rinsiz bo‘lgan:

“U yer juda gavjum joy bo‘lgani uchun, mashinalar o‘tolmay qolib, tirbandlik kuchayib ketdi. Shuning uchun hokimiyat bilan kelishib, o‘sha yo‘lni yopish qaroriga keldik. U yo‘lning bozor uchun keragi yo‘q. O‘sha joyni tadbirkorga do‘kon qurish uchun berishdi. Yo‘lakning eski egasi kichik-kichik do‘konchalar qilib, bu ayollarga oyiga 150-200 dollardan ijaraga berib qo‘ygan. Ayollarni gij-gijlab norozilik bildirishga o‘sha odam chiqargan. Mening bilganim shu”.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, hozir yo‘lni to‘sib qo‘yadigan do‘kon qurilishi to‘xtatib qo‘yilgani, norozilik bildirgan tadbirkorlar o‘z ishlarini avvalgi maromda davom ettirayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG