Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:35

Farg‘onalik bloger: FHDYoga borgan kuyov-qalliqlar XDPga "uylab" qo‘yildi


7 avgust kuni 6 nafar kelin-kuyov partiyaga a’zo bo‘ldi
7 avgust kuni 6 nafar kelin-kuyov partiyaga a’zo bo‘ldi

Farg‘ona viloyat, Toshloq tumanida oila qurmoqchi bo‘lgan bir guruh kuyov-qalliqlar o‘zlari bilmagan holda Xalq demokratik partiyasiga a’zo bo‘lib qoldi.

Bu haqda o‘zi guvohi bo‘lgan voqeadan kelib chiqib xabar qilgan farg‘onalik blogerga ko‘ra, partiyaga a’zolik guvohnomasini topshirish marosimi “hisobot uchun” fotosuratga ham olingan.

XDP Toshloq tuman kengashi raisi 7 avgust kuni kuyov-qalliqlarning partiyaga qabul qilingani bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqajagini bildirdi.

XDP markaziy qo‘mitasi a’zolaridan biri ayrim idora rahbarlari “ma’muriy boshqaruv richaglaridan” foydalanib, o‘zlari a’zo bo‘lgan partiyalarga odamlarni jalb qilishini e’tirof etdi.

Farg‘onalik bloger, “Toshkent ovozi” videoblogi boshlovchisi Bobur Muxtorov o‘zining Feysbuk sahifasida oila qurmoqchi bo‘lgan bir guruh yoshlar 7 avgust kuni Farg‘ona viloyat, Toshloq tumanida Xalq demokratik partiyasi a’zoligiga qabul qilinganiga guvoh bo‘lganini yozdi.

Bloger Boburxon Muxtorovning Feysbukdagi posti
Bloger Boburxon Muxtorovning Feysbukdagi posti

Blogerning Ozodlikka hikoya qilishicha, uning o‘zi ham oila qurish maqsadida FHDYo bo‘limiga ariza topshirgan, u yerdan esa, “oila mustahkamligi to‘g‘risida ma’ruza tinglagani” to‘g‘risida sertifikat olish uchun “Oila” markaziga yuborilgan.

Bobur 7 avgust kuni qallig‘i bilan ​Oila” markaziga boradi va bu yerda qandaydir majlisning ustidan chiqadi.

- Majlislar zalida bizdan tashqari 4 juft kuyov-qalliq bor edi. Majlis Xalq demokratik partiyasiniki ekan, majlisni boshlab, to‘rt tomondan rasmga olishni boshlashdi. “Bu rasm nimaga kerak?”, desam javob berishmadi. Prezident islohotlari yaxshi ketayotgani, XDP vazifalari va ishlari to‘g‘risida gap ketdi. Birdan XDPga a’zolik to‘g‘risidagi guvohnomalarni olib kirishdi va shu yerdagi yosh kelin-kuyovlarga qarsaklar bilan topshirishdi! Yonimda guvohnoma olgan boladan “Xabaringiz bormidi guvohnomadan?”, deb so‘rasam, “Yo‘q, men bir qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishga kelganman, bilmagandim”, dedi, deydi o‘zi ham partiyaga a’zo bo‘lishiga sal qolganini gapirgan bloger Bobur Muxtorov.

Blogerning aytishicha, majlisda Xalq demokratik partiyasiga jami 6 nafar bo‘lajak er-xotin qabul qilingan.

Majlisdan keyin bloger Bobur Muxtorovning “Bu rasmlar nima uchun kerak?” degan savoliga XDP vakilidan “Bu rasmlar bizning qilayotgan ishlarimizni ko‘rsatish uchun kerak, fayllarga qo‘yamiz!”, degan javob oladi.

Ozodlik 7 avgust kungi majlisda XDPga qabul qilingan kuyov-qalliqlar bilan bog‘lana olmadi. Bobur Muxtorov esa, partiyaga qabul qilinmaganini FHDYoga arizani kechroq topshirganidan deb bilayotganini aytdi.

7 avgust kuni berilgan XDPga a’zolik guvohnomasi
7 avgust kuni berilgan XDPga a’zolik guvohnomasi

Ozodlik 7 avgustdagi yig‘ilish masalasida izoh so‘rab XDP Toshloq tuman kengashi raisi Tursunboy Soliyevga murojaat qildi. Partiya yetakchisi bloger keltirgan ma’lumotlarni qat’iyan inkor qilib, dedi:

- Yo‘q. Bizda majburiy partiyaga qabul qilinmaydi. 7 avgust kuni men yig‘ilishda shaxsan yo‘q edim, lekin kim ularni qabul qilgani masalasini o‘rganib chiqamiz. Bizda o‘zimizning partiya dasturi va Nizomi bor – qabul qilishdan oldin tushuntiramiz, targ‘ibot-tashviqot orqali ixtiyorini bilamiz va o‘zlarini arizasi bilan partiyaga qabul qilamiz. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari partiyaga a’zolikka qabul qiladi. Toshloq tumanida 2701 nafar XDP a’zosi bor. Bizda “shuncha a’zo yig‘asan” degan plan qo‘yilmaydiku?!

Xalq demokratik partiyasi Markaziy qo‘mitasida ham Ozodlik so‘roviga partiyaga qabul qilish jarayoni mutlaqo ixtiyoriy ravishda o‘tishini va majburlash holatlari bo‘lishi mumkinligini inkor etishdi.

Tursunboy Soliyev XDP partiyasida hozirda joriy yilning dekabrida O‘zbekiston xalq deputatlari mahalliy kengashlari, Oliy Majlis qonunchilik palatasi va viloyat kengashlariga saylovlarda ishtirok etishga tayyorgarlik boshlanib ketganini aytib o‘tdi.

Toshloqda XDPga a’zolikka qabul qilish jarayoni
Toshloqda XDPga a’zolikka qabul qilish jarayoni

XDP markaziy qo‘mitasining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan a’zolaridan biri ayrim idora rahbarlari “ma’muriy boshqaruv richaglaridan” foydalanib, o‘zlari a’zo bo‘lgan partiyalarga odamlarni jalb qilishga urinadi, deydi.

- Masalan, qaysi o‘quv yurti yoki korxonada rahbar u yoki bu partiya a’zosi bo‘lsa, o‘sha yerdagi aksar talabalar yoki ishchilar shu partiya a’zosi bo‘lib qolaveradi. Ko‘p hollarda o‘zlari bilmagan holda! Toshloqda ham “Oila” markazi rahbari XDP a’zosi bo‘lsa, kelayotgan yoshlarning aksari shu partiyaga qabul qilinaveradi. Har bir partiya O‘zbekistonda saylovlarda ishtirok etish uchun muayyan songa ega bo‘lishi kerak. Masalan, prezident saylovlarida vakilni ilgari surish uchun odam soni juda muhim rol o‘ynaydi. Har bir partiya yangi tashkil topganida albatta a’zo yig‘ish muammosi oldida turadi. Qolaversa, deputatlikka nomzod qo‘ygan shaxs ortida “Shuncha odam bor!” degan gap, uning kelgusi saylovlarda nufuzini oshiradi, dedi XDP markaziy qo‘mitasining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan a’zolaridan biri

Ayni damda, O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi rasmiy saytida partiya a’zoligiga qabul qilish, a’zolikdan chiqarish shartlari va tartibi aniq belgilab berilganini ko‘rish mumkin.

Unda “O‘zbekiston XDPga a’zolik fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini cheklamaydi. Uning a’zosi bir paytning o‘zida boshqa siyosiy partiyalarning a’zosi bo‘lishi mumkin emas”, deyilgan.

Ozodlik joriy yilning may oyida Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ayrim xodimlari “O‘zbekiston Ekologik partiyasi” ga a’zo bo‘lishga majburlanganliklari borasida xabar qilgan edi. Ekologiya partiyasi xodimlaridan biri partiya “400 mingta a’zosi bo‘lmasa¸ tuzilmas ekan”, deb aytgan.

O‘zbekiston Kompartiyasi merosxo‘ri bo‘lgan Xalq demokratik partiyasiga 1991 yil 1 noyabrdagi partiyaning Ta’sis qurultoyida asos solingan. Hozirda XDP O‘zbekiston oliy vakillik organida “parlament muxolifati” vazifasini bajarib keladi.

XS
SM
MD
LG