Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:36

"Navoiyazot"ning ikki kun ish tashlagan ishchilari oyligi ko‘tarilgach ishga chiqdi


Ish tashlagan norozilar bilan zavod mulozimlari uchrashayotgan payt.
Ish tashlagan norozilar bilan zavod mulozimlari uchrashayotgan payt.

“Navoiyazot” shirkatining Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikdagi yangi loyihasi qurilishida qatnashayotgan bir guruh ishchilar oylik oshirilishi talabi bilan 15 avgust kuni ish tashladi.

Aksiyada qatnashgan ishchilar vakillarining Ozodlikka xabar qilishicha, ular xorijliklarga nisbatan kam oylik olayotganiga norozilik bildirgan.

Shirkat mulozimlariga ko‘ra, ishchilar talabi inobatga olinib, ularning oyligi oshirilgan va ishchilar ishga qaytgan.

Xitoy kompaniyasiga yollanib ishlayotgan mahalliy ishchilarga kuniga 50 ming so‘mdan haq to‘langan, norozilikdan so‘ng ular maoshiga 10 ming so‘mdan qo‘shilgan.

Mahalliy ishchilarning aytishicha, ularning xitoylik hamkasblariga kuniga 80 dollardan haq to‘lanadi. Lekin Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Ishchilar noroziligi haqida Ozodlikka xabar yo‘llagan navoiylik ishchiga ko‘ra, voqea 15-16 avgust kunlari bo‘lgan.

“15 avgust kuni obeddan keyin ishchilar ish tashlashdi. Kechqurun uyiga ketib, ertasiga kelib, obedgacha yana ishlamasdan o‘tirishdi. 60 tacha odam bor edi” deydi ismini ochiqlasa ishdan haydalish xavfi borligini aytgan“Navoiyazot” shirkati ishchisi.

U voqea joyida olingan suratlarni ham Ozodlikka yo‘lladi.

Ozodlik bilan anonim qolish istagida suhbatlashgan ishchilar so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, ular xitoylik ishchilarga nisbatan juda kam oylik olayotganliklaridan norozi bo‘lgan.

“Bizga kunlik 50 ming so‘m pul berishadi. Ba’zilar 55 ming so‘mdan oladi. Xitoyliklar kuniga kamida 80 dollar oylik olishadi. Hatto ular “Nimaga buncha kam oylik olasizlar?”, deb bizning ustimizdan kulishadi.

"Navoiyazot" zavodi.
"Navoiyazot" zavodi.

Hamma og‘ir ishni o‘zbek ishchilari qilayapti. Qog‘ozda 7-8 soat deb belgilashadi. Aslida kuniga 10 soatlab ishlayapmiz. Xitoyliklar uchun hamma sharoitni qilib bergan. Obedi, transporti hamma narsani taxt qilishgan. Biz esa ovqatimizni o‘zimiz bilan olib kelamiz. Ba’zida obedgacha ovqatlarimiz issiqda achib ham qoladi. Juda alam qiladi, oyligimizni

dollarda hisoblasangiz 5,5 dollar bo‘ladi. Xitoyliklar esa 80 dollar oladi”, deya nolidi ishchilardan biri.

Ozodlik bog‘langan “Navoiyazot” shirkati mulozimiga ko‘ra, norozilik bildirgan ishchilar shirkatning Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikdagi loyihasi qurilishida ishtirok etayotgan yollanma ishchilardir.

“Bular Xitoyning «China CAMC Engineering CO. Ltd» kompaniyasiga yollanib ishlayotgan ishchilar. Ular kunlik mehnatiga haq olishadi. Xitoy kompaniyasi qurayotgan loyihamizni Mustaqillik bayramiga topshirishni rejalashtirganmiz. Ish to‘xtab qolmasligi uchun ishchilar bilan kelishildi. Ular oyligiga qo‘shib beradigan bo‘lishdi. Hozir ish to‘xtasa, sentabrga ulgurmasligimiz mumkin. Bilasiz, prezident ikki marta kelib, loyiha bilan tanishib ketdi. Loyiha vaqtida topshirilmasa, katta to‘polon bo‘ladi”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan “Navoiyazot” mulozimi.

Mulozim xitoylik ishchilar oyligiga oid savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Norozilik bildirgan ishchilardan olingan ma’lumotga ko‘ra, 16 avgust kuni ular bilan rahbariyat uchrashib, oylikni oshirishga va’da bergach, ishga chiqishgan.

“Oyligimizga 10 ming so‘mdan qo‘shib beradigan bo‘lishdi. Bu hech qancha pul emas. Lekin bunga rozi bo‘lmasak, umuman ishsiz qolish xavfi bois ishga qaytdik. O‘tgan yili shunaqa norozilik bildirganlardan 10 kishini ishdan haydashgan edi. Shunga qo‘rqqanimizdan ishga chiqishga majbur bo‘ldik”, dedi navoiylik ishchi.

Ozodlik avval ham oylik vaqtida to‘lanmaganiga bildirilgan norozilik aksiyalari haqida bir necha bor yozgan.

Jumladan, 19 iyul kuni uch oy maoshsiz qolgan "Ohangaronshifer" ishchilari zavod darvozasini svarkalab¸ norozilik bildirgandi.

Ishchilar norozilik sifatida zavod darvozasini payvandlab qo‘yib, zavod direktori va yuk mashinalarining kirish-chiqishini to‘sib qo‘ygan edi.

"Оҳангароншифер" заводида ишчилар уч ойдан буён маошсиз ишлаётганига норозилик билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:07 0:00

​Ozodlik maqolasidan so‘ng, ishchilarning uch oylik maoshi to‘lab berildi.

XS
SM
MD
LG