Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:32

Gimnastika maktabi bitiruvchisi: 11 yillik ta’limga o‘tilgani sabab ko‘chada qoldik


O‘zbek gimnastikachisi Shahrizoda Arzimatova.
O‘zbek gimnastikachisi Shahrizoda Arzimatova.

Toshkentdagi Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabining bitiruvchilari, maktablar majburiy 11 yillik tizimga o‘tkazilgani bois, qiyin vaziyatda qolib ketganini aytmoqda.

9 yillik ta’lim tizimida ishlagan sport maktabi bitiruvchilari, bolaligini bag‘ishlagan sportni tashlab, o‘qishni oddiy o‘rta maktabda davom ettirishi kerak.

Sport maktabi internat tipida bo‘lgani uchun viloyatlardan kelgan bitiruvchilar o‘z uylariga qaytib ketishiga to‘g‘ri keladi.

Sport maktabining bitiruvchilari o‘z sohasi bo‘yicha o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘lgan kollejlar esa yopilib ketdi.

Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida 9 yoshidan o‘qib, bu yil shu maktabining 9-sinfini tugallagan Shahrizoda Arzimatova o‘qishni oddiy o‘rta maktabda davom ettirish oson bo‘lmasligini aytarkan, bunday dedi:

- Sport maktabida asosan mashg‘ulotlar va musobaqalar bilan band bo‘lib, o‘rta maktab dasturini deyarli o‘qimaganmiz. O‘qish qolib ketgan. Hozir o‘rta maktabda o‘qiydigan tengdoshlarimizning bilimi bilan bizniyu bilimimiz orasida osmon bilan yercha farq bor. O‘qishni o‘zlashtirib, ularga yetishimiz uchun ta’limni 6-sinfdan boshlashimiz kerak bo‘lyapti. Agar bir vaqtning o‘zida gimnastika bilan shug‘ullanadigan bo‘lsak o‘qishni o‘zlashtirish biz uchun umuman imkonsiz.

O‘zbek gimnastikachisi Shahrizoda Arzimatova.
O‘zbek gimnastikachisi Shahrizoda Arzimatova.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablari 11 yillik majburiy ta’lim tizimiga o‘tildi.

Shahrizoda Arzimatova sport maktabiga o‘qishga kirganida rejalarini to‘qqiz yillik ta’lim tizimi bo‘yicha tuzganini aytadi.

- O‘qishni sport kollejlarida davom ettirish imkoni bo‘lgan. Hozir kollejlar yopildi. Faqat endi maktabda o‘qib, o‘qishdan keyin gimnastika bilan shug‘ullanishimizga to‘g‘ri kelyapti, - deydi Shahrizoda Arzimatova.

Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabiga har yili butun mamlakat bo‘ylab 12 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchilar badiiy gimnastika, sport gimnastikasi va tramplin sport turlari bo‘yicha qabul qilinadi.

Tahsil oluvchilarning umumiy soni 60 kishini tashkil etadi.

O‘quvchilar bu maktabda yotib o‘qishadi.

Sport maktabida 12 yoshligidan o‘qib, bu yil shu maktabni tugatgan qoraqalpog‘istonlik gimnastikachi, O‘zbekiston chempioni Nargiza Jumaniyozova 11 yillik ta’limga o‘tilgani o‘zi kabi O‘zbekistonning chekka hududlaridan kelgan gimnastikachilarni ko‘chada qoldirganini aytdi:

- Biz sport maktabida yotib qolib shug‘ullanganmiz. Hozir ko‘chada qoldik, desak ham bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonga qaytib ketib, maktabga boradigan bo‘lsam gimnastika qolib ketadi. Chunki u yerda baza yo‘q. Toshkentda qolay desam qoladigan joyim yo‘q. Sport maktabida Qarshidan, Andijondan, Xorazmdan iqtidorli qizlar bor. Hozir endi ularni ko‘pchiligi gimnastika bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelyapti.

Toshkentdagi Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Abdulla Ochilov Ozodlik bilan suhbatda gimnastika yosh bilan bog‘liq sport turi bo‘lgani uchun 11 yillik ta’limga o‘tmaganini aytdi.

- Bizda 9 sinfdan u yog‘i yo‘q. Sababi gimnastika yosh bilan bog‘liq sport. 9- sinfni bitirganidan keyin qizlarni bu yerda olib o‘tirishga hojat yo‘q. 15 yoshgacha bo‘ladigani bo‘ladi. Bitta bitiruvchimiz Oksana Chusovitina 43 yoshida ham gimnastikani davom ettiryapti, lekin hamma ham unday bo‘lolmaydi. Agar zo‘r bo‘lsa qo‘lma-qo‘l qilib tortib olishadi. Uchta bitiruvchimizni Oliy mahorat maktabiga olishdi. Hozir har bir bitiruvchimizning holatini o‘rganib, har biriga imkon darajasida o‘z o‘rnini topishga yordam beryapmiz, ular ko‘chada qolmaydi.

Ayni paytda Nargiza Jumaniyozova gimnastika sporti bilan shug‘ullanishni davom ettirish niyatida:

- 2024 yilda bo‘ladigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olaman, degan umiddaman. Chunki, ko‘rsatkichlarim yomon emas. Bulavka bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. O‘qish o‘z o‘rnida, lekin bu sportni aslo tashlamayman.

XS
SM
MD
LG