Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:28

Mehnat muhojirlari: O‘zbekiston hukumatining bizga munosabati o‘zgarganini sezayapmiz


O‘zbekistonda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. O‘zbekiston prezidenti imzolagan farmonga binoan, bu organning asosiy vazifasi mehnat migratsiyasiga oid davlat organlari faoliyatini boshqarish, mehnat muhojirlari va ularning oilalari huquqlarini himoya qilish hamda ularga moddiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishdan iboratdir.

O‘zbekiston prezidentining farmonida migrantlar masalasiga oid boshqa ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar ham bor.

Rossiyadagi o‘zbek migrantlari bu islohotlarni o‘zlarida his etayaptimi? Ozodlik bu savolni Rossiyadagi muhojirlarga berdi.

“Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga ko‘ra, binoan tuziladigan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga Bosh vazir Abdulla Aripov raislik qiladi.

Prezidentning yangi qarorida bu organning asosiy vazifasi mehnat migratsiyasiga oid davlat organlari faoliyatini boshqarish, mehnat muhojirlari va ularning oilalari huquqlarini himoya qilish hamda ularga moddiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish ekani aytib o‘tilgan.

Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan Mehnat vazirligi mutasaddilaridan biri komissiya O‘zbekiston hukumatining migratsiya masalasiga aloqador turli idora va davlat muassasalari ishini birlashtirib, boshqaradi dedi.

Muassasa vakiliga ko‘ra, bu tuzilmaga tashqi mehnat migratsiyasi malalalariga javobgar xorijiy davlat va nodavlat organlari bilan hamkorlik o‘rnatish vazifasi yuklangan. Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi xorijlik mutaxassislar ko‘magida O‘zbekistonning “mehnat muhojirlari huquqlari va manfaatlari himoyasiga doir xalqaro sharnoma va bitimlarga qo‘shilish” masalasini muhokama etayotgani aytildi.

Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti ham tashkil etildi.

Prezidentning mehnat muhojirlariga oid farmonida ularga 2020 yilda ko‘p kvartirali uylardan respublika bo‘yicha jami 3 462 ta xonadon ajratish, mehnat migrantlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida olingan kreditlarni qaytarishni “Aziya invest bank” AJ va Rossiyadagi boshqa hamkor-banklar orqali Rossiya rublida, shu jumladan elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mexanizmini joriy qilish kabi choralar ham belgilab o‘tilgan.

Меҳнат муҳожирлари: Ўзбекистон ҳукуматининг бизга муносабати ўзгарганини сезаяпмиз
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:11 0:00
Бевосита линк

O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga prezident Shavkat Mirziyoyev kelishi ortidan O‘zbekiston hukumatining mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosabati o‘zgarib borayotgani aytib kelinadi.

Xo‘sh, bu o‘zgarishlarni oddiy muhojirlar his etayaptimi?

Ozodlik bu savolni Rossiyadagi ishlayotgan o‘zbekistonliklarga berdi. Quyida ularning javoblarini o‘qishingiz mumkin.

A., 33 yoshda, taksi haydovchisi, Moskva sh.:

- O‘zgarishlar bor. Ayniqsa, chegarada, aeroportlarda sezyapmiz – tekshiruvlar yo‘q oldingiday, tez chiqib ketyapmiz yo kiryapmiz. Telefon mumkin emas, nima ish qilgansan degan savollar yo‘q bo‘ldi. Bemalol pul olib kirish mumkin. O‘liklarni jo‘natishda yordam berishyapti. Lekin, Moskvadagi posolstvolarda baribir navbat katta, uning ishini yanada takomillashtirsa bo‘ladi. 100 foizli yaxshi ishlash darajasiga elchixonalarimiz yetib kelmagan.

F., oshpaz, 31 yoshda, Vladivostok sh.:

- Men sezganim, bu yerdagi O‘zbekiston konsulligi darrov javob bera boshladi. Vladivostokda konsullikdan informatsiya olish ham oson bo‘ldi. Bir hamyurtimiz ayol o‘lib qolibdi. Konsullikka telefon qilsam, ularning xabari bor ekan, ko‘mak berishga va’da qilishdi. Lekin muhojirlar boshqa narsada hukumatdan ko‘mak kutayapti – patent narxi arzon bo‘lishi, propiska masalasi og‘ir bo‘lib ketayapti, militsiyaga tushib qolsangiz qandaydir hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib, ahvolimizni yomon qilib qo‘yyapti. Qirg‘iz muhojirlari kabi bemalol yurish va ishlashni istaymiz. Prezident Mirziyoyev kelishidan katta umidda edik.

R., quruvchi, 38 yoshda, Jizzax, Novosibirsk:

- Men, to‘g‘risi, hech o‘zgarish sezganim yo‘q. Qanday bo‘lsa shunday ishlab yuribman, o‘sha-o‘sha muammolar bilan yashab ishlab kelayapman Rossiyada. Bu yerda qaytanga murakkab bo‘lib borayapti ishlash, soliqlari ko‘payib ketayapti. Mumkin meni ishim tushmagani uchun elchixona qanday ishlayotgani to‘g‘risida fikr bildira olmayman. Lekin uyga bormaganimga 2 yil bo‘ldi. Mumkin u yerda o‘zgarishlar katta deb aytishayapti, ko‘ramiz.

A., 47 yoshda, sotuvchi, Moskva viloyati:

- Juda katta o‘zgarishlar! Birinchidan, 4 minimal oylikni yig‘ib qo‘ysangiz sizga staj saqlanar ekan.O‘zbekistonda pensiya jamg‘armasiga to‘lab qo‘ysangiz, «trudovoy» saqlanar ekan. Ikkinchisi, o‘liklarni hammasini jo‘natishga hukumat 100 foiz yordam berayapti. Uchinchisi, O‘zbek milliy markazi ishlayapti. Oldin yo‘q edi uning faoliyati. Hozir elchixonada juda chiroylik kutib olyapti, xushmuomala! 360 gradusga o‘zgargan elchixona. Oldin unga yaqinlashib bo‘lmasdi. Oldin shikoyat qilib bo‘lmasdi – hozir bemalol kirib borib aytavering. Chunki birov arz qilsa darrov prezidentga yetib borayapti!

B., 44 yoshda, qo‘riqchi, Sankt-Peterburg:

- Bizning Piterdagi konsullikda monopoliya bo‘lib ketgan – odamlarga hech qanday yordam berilmayapti. Borib-kelishda aeroportlarda yaxshi bo‘lib qoldi, lekin. Yuk titishlar yo‘q bo‘lib ketdi, burungiga nisbatan xushmuomala bo‘lib qolgani ham rost gap! Yuk olib kirayotgan odamlar qiynalyapti, katta narsa bilan muammo bor – eski velosipedga ham 1,6 million nalog qo‘ygan. Ilgariga nisbatan odamlarni konsullikda eshitishyapti, lekin faqat haq-huquqini talab qilayotganlarni.

S., 22 yoshda, quruvchi, Samara vil.:

- Hamma bolalar hujjatlarni elchixonada tayyorlash oson bo‘lib qoldi, muammolaringizni eshitishayapti, deyapti. Lekin oylik masalasida, ishimizda hech qanday o‘zgarish yo‘q - o‘sha ish, o‘sha oylik, o‘sha munosabat. Politsiya va Rossiya idoralari bizni ikkinchi darajali ko‘rib kelishadi. O‘zbekistonliklarga ham Rossiyada bularning munosabatni o‘zgartirishning iloji yo‘qmikin?

XS
SM
MD
LG