Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:35

Buxorolik tadbirkor hokimni shartnomaga amal qilmaganlikda ayblamoqda


Madaniy meros ob’ekti bo‘lgan eski bir qavatli bino hususiy shirkatga asl qiyofasini saqlagan xolda rekonstruksiya qilish uchun berilgan.
Madaniy meros ob’ekti bo‘lgan eski bir qavatli bino hususiy shirkatga asl qiyofasini saqlagan xolda rekonstruksiya qilish uchun berilgan.

Tadbirkor Farruh Kenjayev Buxoro shahar hokimligini xorijiy sarmoya evaziga rekonstruksiya qilishni boshlagan mehmonxona binosining katta qismini tortib olganlikda ayblamoqda.

Buxoro shahar hokimi Karimjon Kamolov Ozodlik bilan suhbatda ​bino davlat tasarrufidagi ob’ekt ekanini aytib, uning bir qismi boquvchisi yo‘q, kam ta’minlangan aholiga vaqtincha turar joy qilib berilishi, qolgan qismi hususiy shirkatga mehmonxona qilish uchun qoldirilishini aytdi.

“Buxoro Lola Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Kenjayevning 3 sentabr kuni Ozodlikka aytishicha, u shu yil boshida shahar markazidagi 25 ming kvadrat metr maydonga ega madaniy meros ob’ekti bo‘lgan eski bir qavatli binoni asl qiyofasini saqlagan xolda rekonstruksiya qilish va “Milliy uy mehmonxonasi”ga aylantirish uchun shahar hokimligidan ruxsat olgan.

Buxoro hokimligi tasdiqlagan kafolat xati.
Buxoro hokimligi tasdiqlagan kafolat xati.

Rekonstruksiya ishlari boshlangach, shahar hokimi “Buxoro Lola Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatga shartnoma asosida ijaraga berilgan binoning 20 ming kvadrat metrini kam ta’minlangan aholiga vaqtincha turar joy qilib berish haqida farmoyish chiqargan.

Buxoro hokimligining binoni kam ta’minlangan aholiga vaqtincha turar joy qilib berish haqida farmoyishi.
Buxoro hokimligining binoni kam ta’minlangan aholiga vaqtincha turar joy qilib berish haqida farmoyishi.

Tadbirkorning aytishicha, loyihani amalga oshirish uchun u Birlashgan Arab Amirligidan 600 million so‘mlik sarmoya jalb qilgan.

Shu vaqtga qadar bino rekonstruksiyasi uchun 400 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflagan.

O‘zbekistonda turizm rivoji uchun sarmoya kiritgan sheriklarimiz "endi bir tiyin ham sarmoya kiritmaymiz", deyishyapti. Hokimni qarori deb sarmoyadorlar ham qochib ketyapti

- Yiliga 3600 kishini qabul qilish quvvatiga ega mehmonxona bo‘lishi kerak edi. Hozir endi Buxoro shahar xokimi yangi farmoyish chiqarib, mehmonxonamizning chap tomonidagi 20 ming kvadrat metr maydonlik qismini egallab olyapti. Bu birinchi navbatda xorijlik sheriklarimizning xafsalasini pir qildi. O‘zbekistonda turizm rivoji uchun sarmoya kiritgan sheriklarimiz "endi bir tiyin ham sarmoya kiritmaymiz", deyishyapti. Hokimning qarori deb sarmoyadorlar ham qochib ketyapti, - dedi Farruh Kenjayev.

Milliy Uy mehmonxonasi tashkil etish uchun ijaraga berilgan ob’ekt tadbirkor va xorijiy sarmoyadorlar mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilingach, nega hokimlikka kerak bo‘lib qoldi?

Buxoro shahar hokimi Karimjon Kamolov Ozodlik bilan suhbatda bu savolga shunday javob berdi.

U kishi qalbaki hujjatlar asosida atrofdagi noqonuniy to‘rtta-beshta uyga ham kirib olgan-da. Biz hozir bu imoratni tartibga solib, bir qismini boquvchisi yo‘q, kam ta’minlangan aholiga vaqtincha turar joy qilib bermoqchimiz

- U kishiga bu binoni o‘zimiz ijaraga berganmiz. Bu bino ularni hususiy mulki emas, ularni egalik qilishga haqqi yo‘q. U davlatning ob’ekti. U kishiga biz arendaga berganmiz xolos. U kishi qalbaki hujjatlar asosida atrofdagi noqonuniy to‘rtta-beshta uyga ham kirib olgan. Biz hozir bu imoratni tartibga solib, bir qismini boquvchisi yo‘q, kam ta’minlangan aholiga vaqtincha turar joy qilib bermoqchimiz, qolgan qismini mehmonxona qilaversin, - dedi hokim Karimjon Kamolov.

“Buxoro Lola Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Farruh Kenjayev esa hokimlik ijara shartlarini buzgan, deya ko‘rgan zararini undirish maqsadida sudga arz qilish niyatida ekanini aytdi:

- To‘g‘ri bino davlatniki. Lekin, hokimiyat bilan ijara shartnomasi tuzilgan va shu shartnomaga amal qilinishi kerak. Shartnoma noma’lum muddatga tuzilgan. Hokimiyatdan shu binoni milliy uy mehmonxonasiga aylantiramiz, deb ruxsatnoma ham olganmiz. Biz biznes rejamizni shu shartnoma asosida tuzib, ishlarni boshlab yubordik. Yetti oy o‘tmasdan hokimlik qarorini o‘zgartirib, "unaqa emas, endi bunaqa" deb qaror chiqarayapti. Bu tadbirkorlikka bolta urishku?! Turizm rivojiga, sarmoya oqimiga to‘sqinlik qilishku?! Hozir biz Buxoro shahar sudiga shikoyat kirityapmiz, sud orqali ko‘rgan zararimizni undirib olamiz, - deydi Kenjayev.

Buxoro shahar hokimi Karimjon Kamolov Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorning sarmoya yotqizib, rekonstruksiya ishlari qilgani haqidagi iddaolarini rad qildi.

- Hech qanaqa ish qilinganini ko‘rmadik. Eski bino qanday bo‘lgan bo‘lsa shunday xolida turibdi, - dedi Kamolov.

Oxirgi vaqtda O‘zbekistonda tadbirkorlar katta mablag‘ sarflab barpo etgan binolar buzilayotgani yoki hokimlik tortib olayotgani haqida aholidan shikoyatlar ko‘paydi.

Buning oqibatida tadbirkorlar katta miqdorda ziyon ko‘rmoqda.

Shu yil boshida Urganch shahrida 6,5 milliard so‘m kredit olib mehmonxona qurgan tadbirkorning binosi shahar hokimiyati qarori bilan bir kunda buzib tashlandi.

Shundan so‘ng, tadbirkor hokimiyatni sudga berdi. Urganch shahar hokimiyati sudda yutqazgan edi.

Sud hokimlikdan "Xorazm Beklari" MChJ foydasiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va ko‘rilgan zarar qoplanishi uchun 4 862 050 502 so‘m miqdoridagi mablag‘ undirilishi haqida qaror chiqardi.

Qashqadaryo viloyat Yakkabog‘ tumanida esa shu yil iyul oyida tadbirkor kreditga qurgan ikki qavatli yangi do‘koni va tsexini buzishga kelgan tuman hokimi o‘rinbosarining ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG