Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:28

Boysunlik o‘qituvchilar: 5 kunlik maoshimiz "Mahalla" jamg‘armasiga o‘tkazilganidan norozimiz!


Surxondaryo viloyat, Boysun tumanida o‘qituvchilar 5 kunlik ish haqining “ixtiyoriy ravishda xayriya”ga o‘tkazilganidan norozilik bildirmoqda.

O‘qituvchilar oldinroq 2 kunlik maoshi "Mahalla" xayriya jamg‘armasiga o‘tkazilishi aytilganini, ular rozi bo‘lganini, biroq amalda 5 kunlik maosh ushlab qolinganini aytishdi.

O‘qituvchilarning bu iddaolarini Boysun tuman xalq ta’limi bo‘limi mulozimi tasdiqla​di.

Boysun tuman hokimligi buxgalteri o‘qituvchilarining iddaolarini rad etishga urindi.

Tuman hokimi o‘rinbosari esa, xayriya pullarini o‘tkazish bo‘yicha "plan" borligini aytdi.

Surxondaryo viloyatidan Ozodlikka ulangan bir guruh maktab o‘qituvchilari Boysun tuman hokimligi ulardan “ikki kunlik” deb, besh kunlik ish haqini "Mahalla" xayriya jamg‘armasiga o‘tkazib yuborganidan shikoyat qildi.

Tuman maktablaridan birida ishlaydigan o‘qituvchi, ismi sir qolishi sharti bilan, Ozodlikka bularni so‘zlab berdi:

- 17-18 avgust kunlari “Umumxalq hashar”, deb Boysun tuman hokimiyati o‘qituvchilardan pul yiqqan edi. Tumandagi hamma o‘qituvchilarga “2 kunlik oyliklaringni o‘tkazib berasizlar!”, degandi. Jami 158 million so‘m pul atrofida yig‘ilishi kerak bo‘lgan. Buning o‘rniga Alisher Normamatov – tuman hokimi muovini – 290 million so‘m pul yig‘dirgan. Bu shu hokim muovinining ishi! Bundan biz, o‘qituvchilar, norozimiz. Bosh prokuratura, boshqa joylarga yozdik – natija yo‘q.

Shikoyatchining iddaosicha, o‘qituvchilardan yig‘ib olingan mablag‘lar Boysun tuman hokimligi hisobiga o‘tkazilgan.

Boysunlik o‘qituvchilar mahalliy hokimiyatga usiz ham kam maosh oluvchi o‘qituvchilar hisobiga “yuqoridan” tushirilayotgan turli buyruqlarni ijro etish va g‘aznani to‘ldirishga ko‘nikib qolganiga ishora qildi.

O‘qituvchilarning bu iddaolarini Ozodlikka Boysun tuman xalq ta’limi bo‘limi mulozimi tasdiqlab, dedi:

- Hokimiyat o‘qituvchilardan noqonuniy qilib 290 million ushlab qolgan. Vaholanki, ikki kunlik ish haqi hisobiga 158 million bo‘lishi kerak edi! Bosh prokuraturaga, Mehnat inspeksiyasiga chiqib yotibdi o‘qituvchilar. Ushlab qolingan pul har bir o‘qituvchining 3-5 kunlik ish haqiga to‘g‘ri kelayapti.

Suhbatdosh o‘qituvchilari ko‘p bo‘lgan katta maktablardan 3 kunlik, kichikroqlaridan esa, 5 kunlik ish haqi undirilishi hisobiga viloyatdan kelib tushgan buyruq bajarilganini bildirdi.

- Lekin 2 kunlik ish haqi ushlanishi o‘rniga ular tumanning rejasini bajarish uchun “xalq ta’limida katta byudjet summasi aylanadi”, deb bor og‘irlikni o‘qituvchilarga yuklab qo‘ydi. Bilmadim, boshqa tashkilotlar hisobiga rejani bajartira olmaganmi – ta’limga ikki barobar reja bo‘yniga qo‘yildi, 290 million so‘m! Eng oson yo‘li shu. Hali o‘qituvchilarning 50 foizi bilmaydi buni, bilsa janjalni ko‘rasiz! Odamlarni norozi qilish yaxshilikka olib kelmaydi.

Xalq ta’limi bo‘limining ismi ma’lum sabablarga ko‘ra sir qolishini so‘ragan xodimi o‘qituvchilar prokuratura va boshqa nazorat idoralariga ham ariza bilan chiqayotgani, ammo u yerda bu xatlarga tegishli javob ololmayotganini aytdi:

- Ular betaraflik saqlayapti – o‘zini bilmaganga olib o‘tiribdi.

Hokimiyat: O‘qituvchilardan faqat 2 kunlik hashar puli olingan!

Ozodlik o‘qituvchilardan 17-18 avgust kunlari yig‘ilgan ikki kunlik mablag‘ O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobiga o‘tkazilishi kerak bo‘lganini aniqladi.

Biroq, Boysun tuman hokimligi buxgalteriyasi boshlig‘i Shuhrat Toshboyev o‘qituvchilar aytgan gaplarni inkor etishga urindi:

- Asossiz bu gaplar! Yo‘q, unday gap bo‘lmagan. Bir kunlik hasharga o‘tkazilgan – 4-5 kunlik degani bo‘lmagan gap! Bo‘rttirvorishgan, bo‘lgani ham yo‘q unday holat. Faktsiz gaplar. Xayriya hashari bo‘lganidan keyin xodimning ixtiyori bilan “Mahalla” jamg‘armasiga ketadi pul. Bizga pul topshirish bo‘yicha reja ham qo‘yilmagan – bir kunda qancha bo‘lsa, shu.

O‘qituvchilar iddaolariga Boysun tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Normamatov ham javob berdi:

- O‘qituvchilarning ish haqidan haqiqatan ikki kunlik ish haqi o‘tkazilgan edi, u qonuniy. Men o‘zim nazorat qilganman va uni isbotlab ham beraman: tumandagi o‘qituvchilar va ularning ish haqlaridan kelib chiqib olingan. Hech kim uni noqonuniy qila olmaydi, haqqi ham yo‘q! Tuman hokimligi nazoratidagi jarayon. Hozirgi kungacha jamg‘armaga pul o‘tkazish bo‘yicha planni bajarganimiz ham yo‘q. Mana qo‘limda tuman bo‘yicha tushgan pulning sxemasi turibdi. 159 million degan narsani tuman statistika bo‘limi va “Mahalla” fondining o‘zlari shunchaki xomaki rejasini tuzishib chiqishgan. Bu tuman, viloyat, respublikada mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, obodonlashtirishga ketadigan puldir, dedi tuman hokimi muovini.

Hokim o‘rinbosari "Mahalla" xayriya jamg‘armasiga pul o‘tkazish majburiydir, degan fikrni uqtirishga urindi. Biroq, O‘zbekiston Bosh vazirining 2019​ yil, 10 avgustdagi ​672-F-sonli qarorida Umumxalq xayriya hashari vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning "ixtiyoriy mablag‘lari" va "o‘z tashabbusiga ko‘ra o‘tkazilishi" belgilab qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Hokim o‘rinbosari Boysun tuman o‘qituvchilaridan olingan mablag‘lar masalasida yana bir bor “Mahalla” jamg‘armasi buxgalterlari bilan suhbatlashib ko‘rishini va natijalarni e’lon qilishini bildirdi.

Ayni damda, 8-9 sentabr kunlari maosh olgan o‘qituvchilar Ozodlikka ogohlantirishsiz kesib olingan maoshlarini qo‘lga olganini ma’lum qilishdi.

O‘zbekistonda 15 avgustdan 30 avgustgacha obodonlashtirish va tozalik oyligi o‘tkazilgan edi.

Adliya vazirligining bildirishicha, vazirlar Mahkamasi bu borada 10 avgust kuni farmoyish bergandi.

Farmoyishga asosan 17−18 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.

XS
SM
MD
LG