Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:34

Xiva elektr tarmoqlari idorasini ta’mirlab, haqini ololmagan ishchilar korxonani sudga bermoqchi


Bir yarim oy ichida ustalar ob’ektning 1200 kvadrat metr maydonini ta’mir qilgan, har kvadrat metri uchun "Elektr tarmoqlari" ularga 12 ming so‘mdan mehnat haqi va’da qilgan.
Bir yarim oy ichida ustalar ob’ektning 1200 kvadrat metr maydonini ta’mir qilgan, har kvadrat metri uchun "Elektr tarmoqlari" ularga 12 ming so‘mdan mehnat haqi va’da qilgan.

Xorazm viloyati Xiva shahar elektr tarmoqlari korxonasi binosini ta’mirlagan mahalliy ustalar ish haqini ololmayotganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

Ustalar iddaosicha, korxona boshlig‘i bir oydan buyon ularni aldab kelmoqda.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari muammoni inkor qilmadi.

Xivalik 41 yashar Jamol Karimovning Ozodlikka aytishicha, u va yana besh nafar usta tumanda ish yo‘qligi sabab arzon haq evaziga bo‘lsa-da, shahar elektr tarmoqlari korxonasi binosini ta’mirlashga yollangan.

Bir yarim oy ichida ular ob’ektning 1200 kvadrat metr maydonini ta’mirlagan, qilingan ishning har kvadrat metri uchun ularga 12 ming so‘mdan mehnat haqi va’da qilingan.

- Devor va potoloklarini qirtishlab, ustiga shpaklyovka tortib, kraskaladik. Hamma ish 15 million so‘m bo‘ldi. Boshida 8 million 800 so‘mini berdi. Korxona boshlig‘i qolgan 6 million 200 ming so‘mini bermay qochib yuribdi. Bir yarim oy tinmay, terga botib ishladik, haqqimizni berishsin, - dedi Jamol Karimov.

Xiva elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i muammoni inkor qilmadi.

- Xabarim bor. Shuncha mehnat qilishgan ekan pulini yonimizdan beramiz, nima qilamiz boshqa iloj yo‘q, - dedi u 14 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Usta Jamol Karimov agar mehnat haqlari berilmasa, elektr tarmoqlari korxonasini sudga berishni rejalayotganliklarini aytdi.

- Men bilan yana besh kishi qarab turibdi. Ularning oilasi bor. Oylik qilib berishim kerak. Agar pulimizni bermasa, prokuraturaga arz qilamiz, deb turibmiz, - dedi Jamol Karimov.

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalanadigan tashkilot va korxonalarda ish haqining bir necha oylab kechikishi haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida namunaviy uy qurishda ishtirok etgan mahalliy ustalar ish haqini ololmayotganidan Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

Mustaqil iqtisodchilar bu holatni mamlakat iqtisodida jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar, xususan, naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.

XS
SM
MD
LG