Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:34

HUMAN agentligidan pulini ololmayotganlar norozilik bildirib Vazirlar Mahkamasiga bordi (VIDEO)


Pulini ololmayotgan mardikorlar HUMAN agentligi binosida
Pulini ololmayotgan mardikorlar HUMAN agentligi binosida

Toshkentdagi HUMAN xususiy bandlik agentligi Germaniya va Chexiyaga jo‘nata olmagan ishchilardan olingan pullarni qaytarish to‘g‘risida bergan va’dasini bajarmadi - mardikorlar mablag‘lari na dushanba va na seshanba kuni berildi.

Va’dalardan charchagan 70 ga yaqin o‘zbekistonlik seshanba,17 sentabr kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Mustaqillik maydonidagi bosh idorasiga o‘z noroziligini ifoda qilish uchun bordi.

Rasmiylar muammo ijobiy hal qilishga va’da bergan.

HUMAN agentligining Ozodlik 17 sentabr kuni gaplashgan vakili pullar chorshanba kunidan boshlab berilishini aytmoqda.

17 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi binosi oldida to‘plangan 70 ga yaqin yollanma ishchi HUMAN xususiy bandlik agentligi tomonidan Germaniyaga ishga jo‘natish va’dasi bilan olingan 35 million so‘mning qaytarilishini talab qildi.

Pulini talab qilayotgan mardikorlar Vazirlar Mahkamasi oldida
Pulini talab qilayotgan mardikorlar Vazirlar Mahkamasi oldida

Ozodlikka bu haqda ismi oshkor etilmasligini so‘rab xabar bergan farg‘onalik ishchilardan biri agentlik direktori Shohnur Fayzullayevning 16 sentabrdan boshlab mablag‘larni qaytarish va’dasini bajarmagani shunday choraga qo‘l urishga majburlaganini aytadi:

- O‘tgan hafta “Kim shartnomani bekor qilsa, dushanba kundan o‘shanga berish boshlanadi”, deyishdi. Dushanba kuni olomon yig‘ildi. Direktor yo‘q! HUMANdagilarga “Pulni tarqatmasalaring yomon holatlar bo‘ladi!”, dedik. Biz 150 kishi Yakkasaroy tuman IIBsiga borib, “Pulimizni qaytarib bermayapti”, degan ariza yozib berdik. Bugun ertalab borsak, militsiyada “Tergovchi chaqirguncha kutinglar”, dedi. Bu degani ahvolimiz yana yomon.

Suhbatdoshga ko‘ra, Yakkasaroy tuman Ichki ishlar bo‘limining bunday javobidan so‘ng ishchilar Vazirlik Mahkamasi binosi oldida norozilik aksiyasiga chiqishga qaror qilgan:

- Mustaqillik maydonida 60-70 tacha odam turgan edik, bizni Vazirlar Mahkamasiga Fuqarolar bilan ishlash bo‘limiga chaqirishdi. Migratsiya agentligidan odam chaqirdi va bizni avtobuslarda Migratsiya idorasiga olib kelib, ariza yozdirib olishayapti yana. Bular va’da berdi, qaytarib olishga pullarimizni. Eshitishimizcha, Shohnur Yakkasaroy IIBsiga kelibdi. Hozirgacha hech kimga bir tiyin bergani yo‘q.

Ozodlikka gapirgan ishchilar¸ har bir odamdan Germaniyaga jo‘natish va’dasi bilan olingan 35 million so‘m depozitdan tashqari HUMAN agentligi xodimlari “vizaga” deb 730 ming so‘mdan olgani, Farg‘onada bo‘lib o‘tgan o‘quv kurslarida yana 1 million so‘m xarajat qilishganini ma’lum qildi.

Aytilishicha¸ seshanba kuni HUMAN agentligi eshiklarini yopib olib, hech kimni ichkariga kiritmagan.

- Yonib yotibdi hammasi – turli viloyatlardan kelgan bolalar pulimizni bermaguncha ketmaymiz, deyapti, dedi Germaniyaga keta olmagan 197 mardikordan biri.

13 sentabr kuni Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan bir guruh o‘zbekistonliklar HUMAN xususiy bandlik agentligi o‘tgan 8 oy davomida Germaniya va Chexiyaga ishga jo‘natish va’dasidan chiqmagani va o‘zlardan olingan pullarni qaytarib bermayotganidan shikoyat qilgan edi.

Ozodlik maqolasi ortidan agentlik rahbari Shohnur Fayzullayev Youtube portalida “HUMAN xususiy bandlik agentligi rahbari so‘nggi xabarlarga izoh berdi” mavzusida videojavob e’lon qildi.

(Yakshanba kuni HUMAN UZ sahifasida paydo bo‘lgan videointervyu)

Unda agentlik direktor¸ jumladan¸ Ozodlik maqolasiga to‘xtalib:

- Biz Ozodlik muxbirlaridan masalaga chuqurroq kirishishni iltimos qilardik. Maqoladan go‘yoki mijoz 8 oydan beri bizdan pulini qaytarib ololmayapti, degan xulosa chiqadi. Aslida 8 oy – bu xizmat ko‘rsatish muddati!¸ dedi jumladan.

Tarqalib borayotgan gap-so‘zlar shirkat brendi va imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini e’tirof qilgan Shohnur Fayzullayev, “HUMAN agentligi odamlarni aldab yuribdi” va “direktor qaergadir qochib ketibdi” degan iddaolarni qat’iyan inkor etdi.

Shohnur Fayzullayev o‘tgan hafta boshida ariza bergan ishchilarning hammasiga mablag‘lari qaytarib berilgani, lekin u bu haqdagi ma’lumotlarni ochiqlay olmasligini ham bildirdi.

Maxsus murojaati so‘ngida HUMAN agentligi direktori yollanma ishchilar shikoyatlari masalasida Ozodlikka “axborot va rasmiy tushuntirish” berishni ham va’da qildi.

Ammo na ishchilar, na Ozodlik hanuzgacha HUMAN agentligidan rasmiy javob olganicha yo‘q.

Ozodlikning 16-17 sentabr kunlari HUMAN xususiy bandlik agentligi bosh ofisi telefon raqamlariga qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

Tashkilotning Samarqand viloyat bo‘limi vakili Ruslan deb tanishtirgan suhbatdosh esa¸ qarzlar masalasida muhokama bo‘lganini bildirdi:

- Trubkani ko‘tarmayotgani rost bo‘lishi mumkin, lekin ofis yopiq emas, odamlar bor. Kecha buxgalteriya bilan gaplashganimda o‘tgan hafta berilgan arizalarga shu haftaning chorshanba kunidan pul berilishi boshlanadi, deb aytishdi.

2018 yil oxirlaridan boshlab Toshkentdagi HUMAN xususiy bandlik agentligi tomonidan Germaniya va Chexiyaga deb yollangan ishchilar jo‘natilmay qolgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Agentlikning ishchilarga bergan izohiga ko‘ra¸ Chexiya va Germaniya ish vizasi bermagani yozlab o‘zbekistonlik bilan tuzilgan shartnomaning amalga oshmay qolganiga sabab bo‘lgan.

2018 yili O‘zbekiston hukumati xususiy shirkatlarga fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish vakolatini berdi. Hozirga qadar Bandlik vazirligidan bunday ish bilan shug‘ullanish lizentsiyasini olgan xususiy shirkatlar soni 59 tani tashkil etadi.

Ular orasida “HUMAN XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI”ga ham litsenziyalanganini ko‘rish mumkin.

XS
SM
MD
LG