Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:29

Manbalar: Uy qamog‘ida qolayotgan sobiq Bosh prokuror Murodovga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirildi


O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov
O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Otabek Murodov

O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori 44 yashar Otabek Murodov sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida 18 sentabr kuni tergovga chaqirilgan va o‘sha kuni tergov izolyatoridan qo‘yib yuborilmagan.

Mazkur tergovga yaqin yuqori lavozimli amaldor Ozodlikka shunday xabar yubordi.

O‘zbekiston prezidenti adminstratsiyasiga yaqin mulozim bu xabarni tasdiqladi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsi sir qolishini so‘ragan bir-biridan mustaqil bu mulozimlarga ko‘ra¸ Otabek Murodov 18 sentabr kuni DXX izolyatorida DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirilgan.

Sobiq bosh prokuror 18 sentabrdan 19 sentabrga o‘tar kechasi o‘sha izolyatorda olib qolingan.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ bunga qadar uy qamog‘ida saqlangan sobiq Bosh prokuror Murodovga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.

Ayni paytda Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarning rasmiy tasdiq yoki inkori hozircha yo‘q. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikning bu haqdagi so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Prezident fosh qilgan edi

Joriy yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan edi.

Mazkur chiqishida Mirziyoyev sobiq bosh prokuror o‘z ishonchini oqlamaganini ta’kidlagan edi.

"Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim," degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqida ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan rahbarlarning barchasi jazolanishini aytgan edi.

"Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da! Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi", degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning bu gapidan keyin sobiq prokuror uyidan tergovga konvoy hamrohligida olib ketilib, prokuraturaning ishdan bo‘shatilgan sobiq mulozimlari bilan yuzlashtirilgani iddao qilingan edi.

44 yashar Otabek Murodov Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210- moddasi (Pora olish) va 211-moddasi (Pora berish) da ayblanmoqda.

Kuchishlatar tizimi mulozimining 19 sentabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ sobiq Bosh prokuror Murodovning Qashqadaryo va Toshkentdagi uylari joriy yilning 2 iyulidan boshlab to bugungacha 24 soatlik tashqi kuzatuvga olinganicha qolmoqda.

Rutbadan mahrum qilingan edi

20 iyun kuni Bosh prokuratura binosida o‘tkazilgan majlisda bosh vazir Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov Otabek Murodovni uchinchi darajali adliya maslahatchisi rutbasi va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etgan edi.

Bu haqda majlisning bevosita qatnashchilari Ozodlikka o‘sha kuniyoq xabar qilgan edi.

Ozodlik Otabek Murodov bilan bog‘liq tergov jarayoni haqida uning yaqinlaridan ma’lumot olishga harakat qildi.

Hozircha Murodov yaqinlari matbuot bilan muloqot qilishdan o‘zini olib qochmoqda.

Murodov yaqinlarining unga mustaqil advokat yollash so‘rovi qondirilmagan¸ unga davlat tomonidan advokat tayinlangan.

O‘zbekiston tarixidagi eng yosh bosh prokuror bo‘lgan Otabek Murodov bu qudratli va yopiq idorani matbuot uchun ochgan rahbar sifatida e’tiborga tushgan.

XS
SM
MD
LG