Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:27

Samarqandning Chelagida 3- sinf o‘quvchisini o‘qituvchisi kaltakladi (VIDEO+FOTO)


O‘quvchi bolaning qo‘lida qolgan lineyka izlari
O‘quvchi bolaning qo‘lida qolgan lineyka izlari

Chelak shahridagi (Samarqand viloyati) 79- o‘rta maktab, 3- sinf o‘quvchisi 18 sentabr kuni sinf rahbari tomonidan kaltaklangani yuzasidan uchastka noziri hamda Payariq tuman xalq ta’limi bo‘limi tekshiruv boshladi.

Maktab ma’muriyati 9 yashar o‘quvchiga qo‘l ko‘tarilganini o‘qituvchi ayolning oilaviy muammolaridan asabi qaqshagani bilan izohladi.

Chelaklik Diyorjon Badalboyev 3- sinfda o‘qiydigan o‘g‘li Mas’udni sinf rahbari S. H. kaltaklaganini aytarkan, bunday dedi:

- 18 sentabr kuni egizak bolalarim Mas’ud va Maqsud maktabga ketgandi. Ikkinchi soat ona tilidan darsda o‘qituvchi S. H.​ diktant yozdirgan. Daftariga sanani qo‘ymagani uchun taxta lineyka bilan 36 bolaning orasida shunaqangi kaltaklaganki... Shu oddiy xato qilgani uchun boshlariga, asosan o‘ng yelkasiga urgan. Yelkasi qo‘karib, qorayib ketgan. Chap yelkasiga ham urgan. 50-60 marta urgan!

Otaning iddao qilishicha, u o‘g‘lini "juda og‘ir ahvolda, deyarli behush holatda uyida ko‘rib qolib, qo‘rqib ketgan" va uni shifoxonaga olib borgan.

Diyorjon o‘g‘lini urgan o‘qituvchi ayol bilan uchrashib suhbatlashgani va u bolaga oilaviy kelishmovchiliklar tufayli qo‘l ko‘targanini aytgan:

- Nima uchun urdingiz? desam “Uyda xo‘jayinim bilan urushib qolgan edim, asabim buzilgandi” deydi. Bu pedagog oilasidagi ishni maktabdagi bilan aralashtirmasligi kerakku,! Xato qilsa – bahosini 2 qo‘ysin!

Ergashev Ma’sud psixolog nazoratida qolmoqda
Ergashev Ma’sud psixolog nazoratida qolmoqda

Diyorjon Badalboyevning aytishicha, hozirda o‘g‘li bilan psixolog shug‘ullanmoqda, maxsus dori-darmon qabul qilmoqda.

- Bolaning asablari ham buzilgan. Psixologga, nevropatologga, travmatologga ko‘rsatdim, ancha dori yozib berishdi. Uyda davolanayapti. Men direktor bilan ham uchrashib, kimda ayb bo‘lsa, javob bersin dedim.

Diyorjon Badalboyev aytishicha, u voqea yuzasidan uchastka noziriga arz qilgan.

G‘iyos ismli uchastka noziri Ozodlik muxbiriga bunday dedi:

- Bola ekspertizadan o‘tgan. O‘qituvchisi bilan janjal bo‘lgan. Ekspertiza xulosasini olsak, biror to‘xtamga kelamiz. O‘qituvchidan, boladan va otasidan tushuntirish xatlari olindi, tekshiruv boryapti. Otasi maktab ma’muriyati bilan yarashmayman dedi.

Bolaning otasi Diyorjon Badalboyev maktab ma’muriyati undan arizani qaytarib olishni so‘rab murojaat qilgani, "ko‘plab odamlarga jabr bo‘lishini" tushuntirishga uringani, biroq u bolani urgan o‘qituvchi jazolanishini talab qilayotganini bildirdi.

Mas’ud o‘qiydigan maktabga mojaro ortidan tuman Xalq ta’limi bo‘limidan tekshiruvchilar kelib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Maktab.direktori Asad Jo‘rayev 3- sinf o‘quvchisining kaltaklanishi yuzasidan ichki tekshiruv ham borayotganini bildirdi:

- Bugun tuman Xalq ta’limi bo‘limidan bir ishchi guruh kelib, holatni tekshirib ketdi. Ertalabki 8:30 larda kelgan edi – hozir 2:15 da o‘rganib, chiqib ketishdi. O‘qituvchilarni yig‘ib, qayta suhbatlashdik. Ertaga men o‘zim bu masala bo‘yicha kasaba uyushmasi bilan qo‘shma yig‘ilish o‘tkazaman. O‘qituvchiga boyagi holat bo‘yicha “hayfsan” e’lon qilamiz. O‘zi juda tajribali o‘qituvchi, oilada asabi buzilgan va bu yerda qo‘pollashib urib qo‘yibdi. Juda afsusda o‘qituvchi!

Maktab rahbari shaxsan o‘zi o‘qituvchi bilan birga borib, boladan va ota-onasidan kechirim so‘raganini ma’lum qildi.

Asad Jo‘rayevning aytishicha, u yil boshidan buyon 5 marta o‘qituvchilar bilan yig‘ilish o‘tkazgan, “o‘quvchilarni kaltaklamaslik” va “ulardan ortiqcha pul yig‘maslik”ni talab qilgan.

  • Maktablarda zo‘ravonlik xronikasi
  • Ozodlik o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning o‘qituvchilari tomonidan kaltaklanishi va tahqirlanishi faktlari to‘g‘risida bir necha bor xabar qilgan.
  • O‘tgan oy Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 141-maktabning 9-sinfida o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarini urayotgani aks etgan videoni Ozodlik e’lon qilganidan so‘ng o‘qituvchi ishdan haydaldi.
  • Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida yashovchi Gulchehra Ubaydullayeva 13 yashar nabirasini maktabda o‘qituvchi ayollardan biri xo‘rlaganini da’vo qilgan edi.
  • 4 aprel kuni esa Xorazm viloyat, Xazorasp tuman, Pitnak shahridagi 3- o‘rta maktabning 6- sinf o‘quvchisi Doston Sultonov o‘qituvchisi kaltaklab, tan jarohati yetkazgani haqda Ozodlikka shikoyat qilgan edi. Zo‘ravon o‘qituvchi bir hafta o‘tib ishdan olindi.
  • Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi sport maktab internati sport murabbiysi esa mart oyida o‘quvchini urib komaga tushirgani ortidan jazoga totilgandi.
  • Sport murabbiysi qasddan hayot uchun xavfli bo‘lgan shikast yetkazishda aybdor deb topildi va uch yilga qamaldi.
  • Joriy 2019 yilning aprelida Xalq ta’limi vazirligi maktablarda zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan loyiha amalga tatbiq qilish boshlanganini bildirgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG