Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:25

Moskvada politsiya ta’qibidan qochgan o‘zbek restavratorlari 2- qavatdan sakrab beli sindi (VIDEO)


Ilhom Xolmatovning (suratda) oyog‘i singan va miyasi chayqalgan
Ilhom Xolmatovning (suratda) oyog‘i singan va miyasi chayqalgan

Moskva oblastidagi Balashixa shahrida o‘zbek muhojirlari o‘tirgan kvartiraga mahalliy politsiya bostirib kirishi oqibatida 2- qavatdan sakrab, qochmoqchi bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik og‘ir jarohatlar bilan reanimatsiyaga yotqizildi.

O‘zlarini “jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari” deb tanishtirgan shaxslar ertasi kuni kasalxonaga kelib, o‘zbekistonliklardan “Hech kim bizga do‘q-po‘pisa qilmagan” degan mazmundagi arizaga qo‘l qo‘ydirib ketgan.

Politsiyachilar xo‘rlagani aytilayotgan o‘zbeklar yuqori malakali restavratorlar bo‘lib, Moskva Politexnika muzeyi taklifi bilan Rossiyaga ishga chaqirtirilgan.

Hodisa 20 sentabr, kech soat 10 larda sodir bo‘lgan.

Qirg‘izistonlik Elyorbek Umarov turgan kvartiraga mehmonga 4 o‘zbek: Jasurbek Begimov, Dilshod Temirov, Alisher Ergashev va Ilhom Xolmatovlar keladi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, uy egasi taqillagan eshikni ochishi bilanoq xonaga 3 politsiya xodimi bostirib kiradi va xonadagilarni kaltaklay boshlaydi.

Ilhom Xolmatov hodisani bunday tasvirlaydi:

- Ovqatlanib o‘tiruvdik, tasodifan grajdanskiylar kelib qoldi va “Ugolovniy roziskman!”, deb bolalarni ura boshladi. Menga pistolet ko‘rsatdi va otaman dedi. U yog‘ini bilmayman – qarasam, pastda yotibman, oyog‘im singan ekan.

Россияда полициядан қочган икки ўзбек 2-қаватдан сакради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:37 0:00

Kvartirani ijaraga olgan qirg‘izistonlik Elyorbek Umarov ruxsatsiz bostirib kirgan politsiya xodimlari hujjat ko‘rsatmagani va pul talab qilganini aytdi:

- Qirg‘izistondanman deyishim bilanoq burnimga qarab shapaloq tortdi! Qayta-qayta urayotganida “Men senga nima qildim?” deb so‘rasam, “10 ming rubl berasan!”, deb aytdi. Kartamda 8 ming pul borligini, ertaga ertalab bankomatdan chiqarib berishimni aytsam ham uraverdi. Dilshod degan mehmon yigit ham ikkinchi qavatdan tashlavoribdi o‘zini – hozir reanimatsiyada.

Jasurbek Begimov politsiyachilardan balkonda eski buyumlar orasida yashirinib oladi va ular xonada qolgan ikki migrantni kaltaklashni davom etganiga guvoh bo‘ladi.

“Kaltaklash va tahqirlashlar 2 soatcha davom etdi” dedi u.

Ikkinchi qavatdan qulagan ikki o‘zbekistonlik bu vaqt orasida behush holatda pastda yotgan va ularni o‘tib ketayotgan tojikistonlik boshqa migrantlar ko‘rib qolib, "Tez yordam" chaqirgan.

"Tez yordam" kelishi bilanoq, migrantning kvartirasida bo‘lgan 3 politsiyachi pod’ezd ichkarisida kutib turgan boshqa sheriklari bilan hodisa joyidan qochib ketgan.

Ozodlik Balashixa markaziy tuman kasalxonasining 2-reanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda qolayotgan Dilshod Temirovning tos suyagi, umurtqasi, qo‘li va barmog‘i singani, ikkinchi qavatdan sakragan yana bir o‘zbekistonlik migrant – Ilhom Xolmatovning o‘ng oyog‘i singani va miyasi chayqalganini aniqladi.

Jarohatlangan o‘zbeklar Balashixa kasalxonasida qolmoqda
Jarohatlangan o‘zbeklar Balashixa kasalxonasida qolmoqda

Ilhom Xolmatovning Ozodlikka aytishicha, forma kiygan xuddi o‘sha politsiyachilar mayor unvonida bo‘lgan boshliqlari bilan ertasi kuniyoq reanimatsiyaga bostirib kelgan:

- Ikkitasi kirib, “Sizlar o‘zlaring tashlagansizlar”, dedi. Ikkita o‘ris ko‘rgan ekan biz sakraganimizni!

Ozodlikka qo‘shimcha ma’lumot bergan jabrlanganlarning yaqinlaridan biri kaltaklangan yigitlarga bosim davom etmoqda, dedi. U hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, Balashixa shifokorlari Temirovning jarrohlik operatsiyasi uchun oldindan pul o‘tkazishni talab qilayotganini ma’lum qildi.

- Bostirib kirgani sababini ular aytyapti: “Bizlar 10 kilo narkotik bor bu yerda deb eshitib keldik!” 10 kilo bo‘lsa guvohlar, videokameralar bilan kelmaydimi?! Ugolovniy roziskdan bittasi kelib, “O‘zim sakradim, hech kim meni itarvormadi!” deb yozasan deb, 4 marta keldi. Shkafdek katta melisani olib keldi, keyin dog‘istonlik bolalar kelib “Ariza yozmalaring, hal qilib beramiz, ketishgacha pullaringni olib beramiz”, dedi, dedi muhojirlarning yaqinlaridan biri.

Ismini ochiqlamagan o‘zbekistonlikning aytishicha, davolovchi vrach “Bu qimmat operatsiya bo‘ladi, pulini to‘la, bo‘lmasa olib chiqib ket!” deya umurtqasi singan Dilshod Temirovni olib ketishni talab qilmoqda.

Ozodlik ishonchli rasmiy manbalardan aniqlashicha, o‘zbekistonlik muhojirlar operatsiyasiga ketadigan mablag‘ O‘zbekiston Meg‘nat vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Moskvadagi vakolatxonasi tomonidan to‘liq to‘lab beriladi.

Balashixa shahar politsiya bo‘limida o‘zbek muhojirlari masalasida Ozodlik jo‘natgan so‘rovga viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy murojaat bilan chiqishni tavsiya qilishdi.

Moskva viloyatining Ichki ishlar boshqarmasi operativ navbatchisi Kislenko o‘zbek muhojirlariga qilingan hujum yuzasidan ma’lumotni qabul qildi va xizmat surishtiruvi o‘tkazilishiga va’da berdi.

O‘zbek muhojirlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi huquq faoli Valentina Chupik jabrlangan o‘zbekistonlik migrantlar nomidan Moskva viloyat Tergov qo‘mitasi boshqarmasi, viloyat Ichki ishlarining Ichki nazorat bo‘limi va Moskva viloyat prokuraturasiga ariza yuborilganini bildirdi.

Valentina Chupik o‘zbek muhojirlari jiddiy xafv ostida qolayotgani, zero ular “narkotik sotish” yoki boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda ayblanishi mumkinligini ham inkor etmadi:

- Axir bu Rossiya sudlari! Juda osonlik bilan bu ayblovlarni amalga oshirish mumkin. Ular bolalar xonasida birinchi marta topolmagan narkotiklarni keyin topganini aytishi mumkin. “Bu o‘zbeklar bizlarga qarshilik ko‘rsatdi, urdi!”, deydi. Axir Rossiya sudlarining haqiqiy sudlovga hech qanday aloqasi yo‘q – bu politsiya olib kelgan barcha aylovlarni tasdiqlab beruvchi idoradir.

Migrantlar himoyachisi o‘zbek muhojirlariga hujum qilgan, pistolet bilan qo‘rqitib, pul talab qilgan va ularni jarohatlagan xodimlarga nisbatan jinoyat ishi ochilishini talab qilib chiqqanini qo‘shimcha qildi.

Aniqlanishicha, politsiyachilar xo‘rlagani aytilayotgan o‘zbek ishchilar yuqori malakali restavratorlar bo‘lib, Moskva Politexnika muzeyi taklifi bilan Rossiyaga ishga chaqirtirilgan.

Ular shahar muzeylarida restavratsiya ishlari bilan shug‘ullanib kelgan.

XS
SM
MD
LG