Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:22

Xorazmdan Toshkentga yurish boshlaganlar tunda sudlanib, 10 sutkaga qamaldi (VIDEO)


Xorazmdan Toshkentga piyoda yurish boshlagan xorazmlik jurnalist Mahmud Rajab va uning yaqinlari ustidan sud majlisi 23 sentabr, kechqurun soat 10 da boshlanib, 24 sentabr tonggi soat 4 da tugadi.

Sud qaroriga ko‘ra, Mahmud Rajab va bloger Nafosat (Shabnam) Ollashukurova 10 sutkadan qamoq jazosiga hukm qilingan.

Yurishda qatnashgan uch erkak eng kam ish haqining uch barobari (669000 so‘m) miqdorida, yetti ayol esa bir barobari (223000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

Mahmud Rajab va uning yaqinlari Toshkentga borib, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan shaxsan uchrashish maqsadida 22 sentabr kuni yurish boshladi va 50 kilometr yo‘lni piyoda bosib o‘tdi.

56 yashar Mahmud Rajab Turkiyadan shoir Muhammad Solih kitoblarini O‘zbekistonga olib kelgani uchun kontrabandada ayblanib, 5 oydan beri tergovga qatnayotgandi.

Tuni bilan o‘tgan sud

Mahmud Rajabning qarindoshlaridan birining Ozodlikka aytishicha, yurish ishtirokchilari ustidan Urganch shahar ma’muriy sudida o‘tgan sud majlisi tuni bilan davom etgan.

“Kecha soat 22larda hammasini bir avtobusga tiqib, sud binosiga olib kelishdi. Ertalabgacha sud tashqarisida kutdik. Tonggi soat 4 da sud tugab, tashqariga chiqishdi. Ichkarida 4 oylik chaqaloq va yana ikkita yosh bola ham bor edi. Lekin bolalarga yaxshi munosabatda bo‘lishgan. Stullarni birlashtirib, bolalarga yotish uchun joy qilib berishgan”, dedi xavfsizlik yuzasidan ismini ochiqlashni istamagan gurlanlik yigit.

Suhbatdoshning aytishicha, sud yurish ishtirokchilarining hammasini (bolalardan tashqari) aybdor deb topgan.

“Mahmud og‘aning o‘ziga 10 sutka, bloger Shabnam Ollashukurovaga ham 10 sutka berishdi. Yurishda qatnashgan uch erkakka eng kam ish haqining uch barobari miqdorida, ayollarning hammasiga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solindi. Ayollar soni yettita. Ertalab Mahmud og‘a bilan bloger qizni olib qolishdi. Boshqalarni IIBning avtobusida Mahmud og‘aning uyiga olib borib qo‘yishdi", dedi Mahmud Rajabning qarindoshlaridan biri.

Yurish ishtirokchilari qaysi kodeksning qaysi moddasiga asosan ayblangani borasida Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q. (Bu o‘rganilmoqda. -tahr)

Mahmud Rajabning qarindoshlari ularga nisbatan qaysi modda bo‘yicha ayblov qo‘yilganini aniq aytisha olmadi.

Хоразмдан Тошкентга юриш бошлаганлар ИИБ томонидан ушланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:38 0:00

Gurlandan Toshkentga yurish

Mahmud Rajab va uning yaqinlari 22 sentabr kuni tushdan keyin Gurlan tumanidan Toshkentga piyoda yo‘lga chiqdi. Yurish ishtirokchilari soni yigirmadan ziyod bo‘lib, ular orasida yoshi katta ayollar, yosh bolalar, hatto chaqalog‘i bilan chiqqan bir ayol ham bor edi.

Mahmud Rajab Xorazm viloyatidagi Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari faoliyatiga norozilik sifatida ushbu yurishni boshlaganini bildirdi.

U so‘nggi 5 oy ichida to‘xtovsiz tergovga chaqirtirilganiga norozilik bildirdi.

- Pichoq suyakka borib y. Xorazm viloyati Ichki ishlar xodimlarining zulmidan, zolimligidan, nohaqligidan jonimizdan judayam to‘yib ketdik. Toshkentga yozgan xatlarimiz, arizalarimizga javob bo‘lmagani uchun o‘zimiz noiloj piyoda yo‘lga chiqishga qaror qildik. Maqsadimiz Toshkentga borib, Po‘lat Bobojonov bilan yuzma-yuz uchrashish. Men nohaq tuhmatga uchraganman. O‘zimning haqligimni Xorazmda isbotlash imkoni bo‘lmadi. Shuning uchun Toshkentga yo‘l oldik, dedi Mahmud Rajab yurishni boshlashdan avval Feysbuk orqali.

Ushbu yurish bloger @Shabnam Olloshkurova ning Feysbuk sahifasi orqali jonli ravishda yoritildi.

Yurish ishtirokchilari Urganch shahriga yetib kelgach, ularga yana uch nafar ayol qo‘shildi. Yana bir kishi Bog‘otda, ikki kishi Hazoraspda qo‘shilishini ma’lum qildi.

Hokimlar iltimosi

Gurlan tuman hokimi Alisher Solayev va Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan yurish ishtirokchilari oldiga borib, ularni to‘xtatishga harakat qildi.

Biroq Mahmud Rajab va uning yaqinlari hokimlar so‘zlariga quloq solmadi.

Ayollar hujumi va avtobusga sudrab, tiqish

Urganch shahriga yetib kelgach, yurish ishtirokchilari noma’lum ayollar hujumiga uchradi. Feysbuk orqali jonli chiqish qilgan bloger @Shabnam Olloshkurova o‘zining kaltaklanganini aytdi. Voqea joyidan olingan videolarda ham bir notanish ayolning yurish ishtirokchilariga hujum qilayotgani va ulardan birini tepgani ham aks etgan.

Notanish ayol hujumidan so‘ng yurish ishtirokchilari bitta avtobusga kuch bilan bosib, mindirildi va IIBga olib ketildi.

Xorazm IIB boshlig‘i va’dasi

22 sentabr kuni kechqurun Xorazm viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuhamedov ham yurish ishtirokchilari bilan uchrashib, ularni to‘xtata olmagan edi.

Mahmud Rajab qarindoshlaridan birining aytishicha, yurish ishtirokchilari kuch bilan IIBga olib borilgach​, Davron Nazarmuhamedov yana yurish ishtirokchilari bilan shaxsan uchrashgan.

"Davron Nazarmuhamedov Mahmud og‘a bilan bir soatcha gaplashgan. Keyin "Men va’da beraman, sizni hech kim bezovta qilmaydi. Sizni hech kim qamamaydi. 10 sutka o‘tirsangiz bo‘ldi", deb aytgan. Bugun o‘g‘li uchrashishga ketdi. Mahmud og‘aning kayfiyati yaxshi ekan", dedi Mahmud Rajabning qarindoshlaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Rasmiy munosabat

23 sentabr kuni kechqurun Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi o‘z sayti orqali gurlanliklar yurishiga rasmiy munosabat e’lon qildi.

IIB gurlanliklar yurishini Mahmud Rajabning "o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tugatilishiga erishish maqsadi" sifatida baholagan.

“Ular bilan Urganch shahar hokimi uchrashib, namoyishlarni o‘tkazish uchun tegishli tartibda ruxsat olish kerakligini va bu namoyishlar boshqa shaxslarning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir etmasligi lozimligini tushuntirgan bo‘lsada, ular davlat organlarini obro‘sizlantirishga, fuqarolarning ularga ishonchini yo‘qotishga qasddan harakat qilib, shovqin-suron ko‘tarib, ommaning e’tiborini o‘zlariga qaratishga urindilar va bu jarayonlarni to‘lig‘icha ijtimoiy tarmoqlarda jonli tarzda yoritib bordilar”, deyiladi Xorazm viloyat IIB rasmiy ma’lumotida.

Mahmud Rajabga ochilgan ish

Mahmud Rajab 21 sentabr kuni Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uni olib ketishga kelishgani, ammo mahalladoshlari qarshilik ko‘rsatishi tufayli qaytib ketishgani haqida Ozodlikka gapirgandi.

Uning Feysbuk orqali ma’lum qilishicha, so‘nggi 3 kun ichida ichki ishlar xodimlari uyiga bostirib kelib, uni olib ketishga harakat qilishgan.

2019 yilning 30 aprel kuni “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan M. Radjapovga (Mahmud Rajab) nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Bu modda bo‘yicha aybli deb topilsa, jurnalist besh yildan o‘n yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Mahmud Rajab o‘ziga qo‘yilgan bu ayblovni shu yilning mart oyida Turkiyadan muxolifat yetakchisi va shoir Muhammad Solihning kitoblarini O‘zbekistonga olib kelgani bilan bog‘laydi.

Mahmud Rajab Tbilisidan Istanbul orqali shoir Muhammad Solih asarlarini olib kelayotganida Toshkent aeroportida taqiqlangan adabiyotlar sifatida kitoblar olib qo‘yilgan edi.

Mahmud Rajab, Muhammad Solihni vatanga qaytarishni so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqan o‘zbek jurnalistidir.

Bir yil ilgari, 2018 yilning 29 mayida shoir Mahmud Rajab va yana uch nafar shaxs Muhammad Solih rasmi bilan tushgan suratini tarmoqqa qo‘ygani uchun prokuraturaga chaqirilgan edi.

XS
SM
MD
LG