Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:22

Advokat Toshkentga yurish boshlagani uchun qamalgan Mahmud Rajab bilan uchrasha olmadi


Xorazmlik jurnalist va shoir Mahmud Rajabni bundan 5 oy oldin ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha himoya qilish uchun Urganchga borgan advokat u bilan uchrasha olmadi. IIB xodimlari advokatga Mahmud Rajab "advokatdan voz kechgan"i haqida aytishgan.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, unga ochilgan jinoyat ishi Xorazm viloyat ichki ishlar boshqarmasidan shu viloyat prokuraturasiga o‘tkazilgan. Yaqin kunlarda ayblov xulosasi e’lon qilinishi kutilmoqda.

Mahmud Rajab Turkiyadan muxolifatchi shoir Muhammad Solih kitoblarini O‘zbekistonga olib kelgani uchun kontrabandada ayblanib, 5 oydan beri tergovga qatnayotgandi.

Xorazmda "topa olmagan adolatni izlab" 22 sentabrda Gurlandan Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan Mahmud Rajab va uning norozilik yurishini Feysbukda jonli yoritgan bloger Shabnam Ollashukurova hozirda 10 sutkalik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Ma’muriy ish

56 yashar jurnalist va shoir Mahmud Rajab hamda Shabnam taxallusi bilan blogerlik qilayotgan 32 yashar Nafosat Ollashukurovaga nisbatan Urganch shahar ma’muriy sudi chiqargan qaror tafsilotlari Ozodlikka 26 sentabr kuni ma’lum bo‘ldi.

Ularning ikkalasi ham Ma’muriy javobgarlik kodeksining uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan:

  • 183-modda, "Mayda bezorilik";
  • 192-modda, "Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish";
  • 202-modda, "Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar¸ mitinglar¸ ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish".

Ayni paytda ushbu norozilik yurishi payti Shabnam Ollashukurovaning notanish ayol tomonidan kaltaklangani holati ochiq qoldi. Huquq-tartibot idoralari Shabnamning kaltaklash borasidagi da’volarini inobatga olgan yoki olmagani Ozodlikka ma’lum emas.

Jinoyat ishi

26 sentabr kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Mahmud Rajab ustidan ochilgan jinoyat ishi yakunlangan va ish Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan Xorazm viloyat prokuraturasiga o‘tkazilgan. Endilikda ayblov xulosasi e’lon qilinishi kutilmoqda.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Mahmud Rajab "advokatdan voz kechgan". Halqaro tashkilotlardan biri tomonidan Mahmud Rajab himoyasi uchun ajratilgan advokat 26 sentabr kuni Urganchga borib, jurnalist bilan uchrasha olmasdan ortga qaytdi.

Advokat yigitga “Mahmud Rajab o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida himoyachidan voz kechgani borasida ariza yozgani”ni aytishgan.

Mahmud Rajab joriy yilning mart oyida Istanbuldan muxolifatchi shoir Muhammad Solih asarlarini olib kelayotganida Toshkent aeroportida ushlanib, qo‘lidagi kitoblar taqiqlangan adabiyotlar sifatida olib qo‘yilgan edi.

Keyinchalik Mahmud Rajabga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi ya’ni “Kontrabanda” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxsga besh yildan o‘n yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Mahmud Rajab qarindoshlari hamrohligida aynan ana shu ish to‘xtatilishini so‘rab Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan edi.

Mahalliy matbuot munosabati

Barmoq bilan sanarli Internet nashrlarini aytmaganda, mahalliy matbuot ushbu voqeani deyarli yoritmadi.

Ayni paytda Xorazm telekanalida 24 sentabr kuni ushbu norozilik yurishi ishtirokchilarini qoralovchi ruhdagi ko‘rsatuvlar namoyish qilindi. Bu ko‘rsatuvlarda oddiy aholi vakillari deya taqdim qilingan shaxslar yurish ishtirokchilari harakatini keskin qoralab gapirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Feysbuk orqali Shabnam Ollashukurovani soxta blogerga chiqarishga urinishlari ham kuzatilayapti.

“Prezident blogerlarni qo‘llab turgan bir paytda, Shabnam Ollashukurovaning norozilik yurishini yoritgani ahmoqgarchilik” deya yozishdi Feysbukdagi postlarda.

Shuningdek, ayrim tarmoq foydalanuvchilari Shabnam Ollashukurovani “O‘zbekiston tinchligini ko‘raolmaslik”da ayblashdi.

Jonli chiqishlari bilan tanilgan bloger

Shabnam Ollashukurova blogerlar safiga bir yilcha avval qo‘shilgan. Asosan, Feysbuk tarmog‘i orqali jonli chiqishlar qildi. Chiqishlarida asosiy e’tiborni huquq-tartibot idoralaridan aziyat chekkan shaxslarga qaratdi. Yana u Toshkentda rasmiy idoralar oldida bo‘ladigan norozilik piketlarini tarmoqlar orqali jonli yoritadigan bloger sifatida tanilgan.

Ikki oy avval Xotin-qizlar qo‘mitasining "huquqbuzarlikka moyil" ayollar ro‘yxatini tuzish qarori keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. O‘sha paytda Shabnam Ollashukurova Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan Feysbuk orqali jonli intervyu qilgani bilan ham tanilgan edi.

Shabnam Ollashukurovaning uch yoshga to‘lmagan ikki egizak farzandi bor. Hozirda bolalarga Toshkentda Shabnamning onasi qarayapti.

Shabnamning yaqinlari uni 10 sutkaga qamalganini noqonuniy deya da’vo qilishmoqda. Ma’muriy javobgarlik kodeksining 29-moddasiga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olish uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas. Bu tartibning Shabnam Ollashukurovaga nisbatan nima sababdan qo‘llanilmagani Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG