Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:20

Termiz shahar Xalq Banki xodimlari: Bizni ishdan bo‘shatib, o‘rnimizga yosh qizlarni olishayapti (FOTO)


Xalq Bankining Surxondaryo viloyat filiali (Termiz shahri) Amaliyot bulimining 19 xodimi ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari oldi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan bank xodimlari o‘sha xatlardan biri nusxasini taqdim etdi. Ishdan bo‘shatilishi kutilayotganlarning iddao qilishicha, ular o‘rniga "bankning yangi binosida ishlash uchun tanish-bilish, qarindosh-urug‘larning yosh qizlari ishga olinmoqda".

Xalq Banki Surxondaryo viloyat filiali boshlig‘i Toshtemir Tursunov Ozodlik savoliga javob berar ekan, 19 xodimga ogohlantirish xati jo‘natilganini inkor etishga urindi:

Xalq bankining Surxondaryo viloyat filiali, Termiz shahridagi bo‘limlaridan birida ishlovchi bir guruh xodimlardan Ozodlikka kelgan kollektiv murojaatnomada hozircha 19 xodimga ogohlantiruv kelgani, Amaliyot bo‘limi boshlig‘i Parda Toyirov bank filiallari amaliyot bo‘limlaridan 60 xodim ishdan bo‘shatilishini aytgani yozilgan.

Ozodlikka shikoyat mualliflaridan biri, Xalq Banki Surxondaryo viloyat filiali Amaliyot bo‘limi xodimi, 38 yoshli Gulchehra Husanova bunday dedi:

- Xalq Banki Amaliyot bo‘limida 19 yilu 7 oydan beri ishlayman. 00744- bo‘lim yopiladi deb 19 nafar “Sayyor kassa” xodimiga “ogohlantirish xati” yuboribdi. Mening 4 bolamni kim boqadi? Ko‘chada qolib ketamanmi?! Mening hatto uyim yo‘q!

Nusxasi Ozodlik tahririyatiga kelgan “ogohlantirish xati”da uni olgan xodim Mehnat kodeksiga va Xalq Banki boshqaruvining 2019 yil, 28 avgustdagi qaroriga asosan 2 oy muddat o‘tgandan keyin mehnat shartnomasi bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.​

Bank xodimlariga jo‘natilgan "ogohlantirish xati"
Bank xodimlariga jo‘natilgan "ogohlantirish xati"

Bank xodimiga bir hafta davomida o‘rtacha ish haqi saqlanib qolingan holda ishga chiqmaslik va “boshqa ish izlash huquqiga ega ekani” yozilgan.

“Qayd etilgan qonun talablariga ko‘ra, hozirgi kunda AT “Xalq Banki” Surxondaryo viloyat filiali Amaliyot bo‘limida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligi sababli ish bilan ta’minlash imkoniyatimiz yo‘q”, deyiladi bankning Amaliyot bo‘limi boshlig‘i Parda Toyirov qo‘li qo‘yilgan, 23 sentabrda yozilgan rasmiy hujjatda.

Gulchehra Husanovaning aytishicha, shunga o‘xshash xatni hammasi bo‘lib 19 xodim olgan.

Xalq Banki Surxondaryo viloyat filiali boshlig‘i Toshtemir Tursunov Ozodlik savoliga javob berar ekan, 19 xodimga ogohlantirish xati jo‘natilganini inkor etishga urindi:

- Hali hech narsa bo‘lgani yo‘q: ogohlantirish ham, hech qanaqa qaror ham qabul qilinmagan. Ular ishlab turibdi hozir!

Bu gapdan so‘ng Ozodlik tahririyatida ishdan ogohlantirish xati nusxasi borligini eshitgach, telefon go‘shagini qo‘yib, aloqani uzdi.

Ishdan bo‘shashi haqida ogohlantirish xati olgan yana bir xodimning aytishicha, Amaliyot bo‘limi tarqatib yuborilayapti va uning o‘rniga bankning yangi binosida yangi Amaliyot bo‘limi ochilgan.

- Viloyat boshqarmamiz yangi binoga ko‘chib, u yerda xuddi shunday yangi Amaliyot bo‘limi tashkil etilayapti. O‘z haqini talab qiladigan eski ishchilar o‘rniga yosh qizlarni qabul qilishyapti. Tanish-bilishining, amakisining, xolasining qizini ishga olishayapti.

Fotosuratlarda Termizdagi bank eski binosi sanitariya va xavfsizlik talablariga mos emasligini ko‘rish mumkin.

XS
SM
MD
LG