Andijondagi fermerlar har gektar yer hisobiga 200 kilogrammdan mineral o‘g‘it sotib olish uchun, 26 foizli kreditga imzo qo‘yishga majburlanyapti.
Fermerlarga ko‘ra, Toshkentdagi “Sadaf plast servis” MChJ tomonidan Qozog‘istondan olib kelingan va viloyat hokimining buyrug‘i bilan sotilayotgan fosforli o‘g‘itning narxi ular doim “O‘zagrokimyohimoya”dan sotib oladigan o‘g‘itdan 30 foizga qimmat.
Ozodlik bu nomli MChJni qidirib topolmadi.
“Agrobank”ning mahalliy filiali boshqaruvchisi fermerlar iddaosini tasdiqladi.
Andijon viloyat hokimligi mulozimi savolni eshitgach, hech narsa demasdan aloqani uzib qo‘ydi.
“O‘zagrokimyohimoya” AJ mulozimi Andijonda fermerlarga majburlab sotilayotgan mineral o‘g‘itga ularning aloqasi yo‘qligini aytdi.
Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘iga ko‘ra, ular foizi baland bo‘lgan kredit olishga majburlanmoqda:
“Biz fosforli o‘g‘itning bir kilosini “O‘zagrokimyohimoya”dan 3500 so‘mdan olar edik. Hozir esa 4600 so‘mdan olishimiz kerak ekan. Har gektar yer hisobiga 200 kilogrammdan sotib olishimiz shart ekan. Bu yil sotgan bug‘doyimiz puli hali ham tushgani yo‘q. Endi esa “Agrobank”dan 26 foizli kredit olasan deb, turib olishgan. Uchaskovoylar ushlagan fermerni sudrab bankka olib boryapti va biz toki kreditga imzo qo‘ymagunimizcha javob berishmayapti”.
Andijon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan yana birining aytishicha, har doim imtiyozli kredit bilan olib kelingan mineral o‘g‘itlar birdaniga tijorat kreditga almashtirilganiga barcha fermerlar hayron qolgan:
“Men agar 30 gektar yerga bug‘doy ekadigan bo‘lsam, endi har gektar yerga solinadigan 200 kilo o‘g‘it uchun 26 foizli tijorat krediti olishim kerak ekan. Bizni shu paytgacha davlat 3 foizli imtiyozli kredit bilan mineral o‘g‘itimizni ta’minlab kelgan. Masalan, endi 26 million so‘mlik dori oladigan bo‘lsam, yana 26 foiz ustamasi ham bor uni. Paxtaning pulidan bank yechib oladi, keyin. Barcha uchastkavoylar fermerlarni topib, bankka olib kelishga safarbar etilgan. Majbur bankka olib borib, kredit shartnomasiga pechat bostiryapti. Fermerlar qochib yuribdi. Bu yerda qanaqadir o‘yin bo‘lyapti”.
“Agrobank”ning Andijon viloyat tumanlaridan biridagi filialining ismi sir qolishini so‘ragan boshqaruvchisi fermerlar iddaosini tasdiqladi. Uning aytishicha, viloyat hokimining bu topshirig‘ini bajarmagan bank boshqaruvchilariga ishdan olinish bilan tahdid qilingan:
“Mening bilishimcha, bu mineral o‘g‘it Toshkentdagi “Sadaf plast servis” MChJ orqali Qozog‘istondan Andijonga olib kelingan. Viloyat filialimizda hokimlik mulozimlari Ulug‘bek Rahimov va Xayrullo Soliyevlar o‘tgan kuni kechasi yig‘ilish o‘tkazib, barcha fermer xo‘jaliklari rahbarlari bankka olib kelinishini, kechasi bilan ishlab bo‘lsa ham fermerlardan 26 foizli kredit shartnomasiga imzo qo‘ydirishni talab qildi. Biz kechasi bilan fermerlarni qabul qildik. Aslini olganda, bunday qilish noqonuniy. Chunki, har yili fermerlarga mineral o‘g‘it uchun 3 foizli imtiyozli kredit ajratiladi va ular uchun bu doim yetarli bo‘lib kelgan. 26 foizlisi esa shu paytgacha bo‘lmagan. Lekin viloyat hokimi aytgan bo‘lsa uni ijro qilishga majburmiz. Hokim bank faoliyatiga aralashishga haqqi bo‘lmasa-da, viloyatda mutlaq hokim hisoblanadi. Xohlasa bizni ishdan olib tashlayveradi”.
Andijon viloyat hokimliginining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, fermerlar iddaolarini Ozodlikdan eshitganidan so‘ng, hech narsa demasdan aloqani uzib qo‘ydi.
“O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining mulozimi Ozodlikdan bu muammo tafsilotlarini eshitganidan so‘ng, Andijon bo‘limi bilan gaplashib oldi va fermerlar mineral o‘g‘it uchun 26 foizli kredit olishga majburlanayotganini inkor qilmadi:
“Unga bizning tashkilotning umuman aloqasi yo‘q. U mineral o‘g‘it qaerdan kelyapti, kim olib kelyapti, bu haqda bizda ma’lumot yo‘q. Biz O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlarni birjadan sotib olib, standart narxlarda fermerlarga yetkazib beramiz. Bu borada biror marta uzilish bo‘lgani yo‘q. Bu hammasi davlatning nazoratida. Boshqasidan xabarimiz yo‘q”.
Andijon viloyatidagi davlatga qarashli muassasalardan birida ishlaydigan mulozimning viloyat hokimligida ishlaydigan tanishining gapiga tayanib aytishicha, bu fermerlar hisobidan katta pul qilishning yangi usulidir:
“Tanishimning aytishicha, viloyatga 15 ming tonna ammofos Qozog‘istondan keltiriladi. Buni Toshkentdagi firma bilan viloyatdagi korchallonlar o‘zaro kelishib qilmoqdalar. Vaholanki, prezidentimiz bir selektor yig‘ilishida mineral o‘g‘itlarning importiga chek qo‘yishni, o‘zimizning korxonalar butun respublikani mineral o‘g‘it bilan ortiqcha ta’minlab, eksport qilish qudratiga ega ekanliklarini aytib o‘tgan edilar. Andijonda esa boshqa muhit, boshqa hukmron. Fermerga mineral o‘g‘itni 26 foizlik kredit bilan majburlab berish, bu umuman g‘ayriqonuniy holat, fermerni talash. Buni prezidentga yetkazish kerak”.