Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:27

Konservatoriya o‘qituvchi-professorlari: Dars soatlarimiz ko‘paydi¸ oyligimiz esa kamaydi!


1 oktabr - Ustoz va murabbiylar kuni Ozodlikka bog‘langan O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bir guruh murabbiylari yangi o‘quv yilidan boshlab o‘zlariga yuklangan dars soatlari ko‘paygani holda¸ maoshlar¸ aksincha¸ kamayganini ma’lum qildi.

Mamlakatdagi eng katta musiqa dargohi murabbiylari¸ shuningdek¸ keyingi yillarda ta’til pullari kechikishi, mukofot pullari berilmasligi, unvon olgan murabbiylar oyliklari oshirilmasligi muntazam ko‘rinish olganini bildirdi.

Oliygoh va vazirlik bosimidan cho‘chigan Ozodlik suhbatdoshlari o‘z shaxsi sir qolishini so‘radi.

“1,5 stavka ishlab, yarim stavka pulini olayapmiz”

Konservatoriya oddiy o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab, ish soatlari ikki barobarga ko‘paygan, ayni paytda oylik maoshlari kamaygan.

“Konservatoriyada moliyaviy muammo bir yilcha avval boshlandi, rahbariyat konservatoriyaning qarzi ko‘pligini aytishdi. Shu moliyaviy muammo sabab biz murabbiylarni qiynashayapti. Yangi o‘quv yilidan shu qarzdorlikni qoplash uchun bizni 1,5-2 stavkadan ishlatayapti. Lekin 0,5-0,8 stavkaning pulini berayapti. Ya’ni o‘qituvchilarning soati ko‘payib, oyligi kamaydi yoki boshqacha aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchilar ishlagan soatining faqat 60-65 foizi to‘lanayapti. Masalan, menga yillik 1400 soat berilgan, oladigan oyligim 700 soatniki”.

Konservatoriya professorlaridan biri esa¸ muammoning nafaqat oddiy o‘qituvchilar, balki professorlarga ham taalluqli ekanini bildirdi.

“Bir paytlari professorning yillik nagruzkasi 500 soat edi. Hozir 1000 soat berishdi. Soatlar ko‘paydi, lekin oylik pasayib ketayapti. Oyliklar 50 foizga kamaydi, nagruzkalar 50 foizga ko‘paydi. Avvallari professorning ish soati oddiy o‘qituvchinikidan farq qilardi. Professorlarga kamroq dars soati ajratilardi. Hozir deyarli tenglashtirib qo‘yishdi. Professorlarning nomi ulug‘, suprasi quruq. Uyimizni kelib, ko‘rsangiz xuddi brodyaga kabi yashaymiz. Davlat mukofotlari olganmiz, orden, medallar berishgan, lekin bugun ijodkorning ahvoli juda ayanchli bo‘lib qoldi”.

“Ta’til pulini 2,5 oy kechikib oldik”

Konservatoriya murabbiylaridan yana biri¸ yozgi ta’til pulini 2,5 oy kutganini aytadi.

“O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatdagi o‘qituvchilar 1 iyuldan ta’tilga chiqadi. 5-6 iyulgacha ta’til pulini berishi kerak edi. Lekin bizning ta’til pulimizni 24 sentabr kuni berishdi. To‘g‘ri¸ hamkasblarimiz orasida to‘yga chiqib, qo‘shimcha pul ishlaydiganlari ham bor. Lekin ko‘pchilik faqat ijod bilan mashg‘ul. Ular faqat oylik hisobiga ishlaydi. Konservatoriyada 400 ga yaqin xodim bor. Ularning 50 foizi byudjetdan oylik oladi. Qolgan yarmi shartnoma asosida ishlaydi. Byudjetdagilarning ta’til pulini oldinroq berishdi. Men ham shartnoma asosidaman. Ta’til pulimni 2,5 oy kutdim. Ta’tilda na o‘zimiz dam oldik, na bolalarimizni yozgi ta’tilda biror joyga olib bora oldik. Endi esa, auditoriyalarni remont qilishni ham domlalar zimmasiga yuklayapti. Partalarni kraskalash, pol, devor, eshikni remont qilish, yangi pardalar taqish- hammasini domlalarga yuklashdi. Yana bir gap, bizning ta’tilimiz o‘zi 26 avgustgacha bo‘lishi kerak. Lekin bu yil 23 avgustdan ishga chaqirishdi. Sababini tushintirishmadi ham".

“Unvonli o‘qituvchilar oyligini oshirishmadi”

Konservatoriyaning yana bir xodimi oliy o‘quv dargohi muallimlarini qiynayotgan boshqa bir muammoni tilga oldi.

“Professor yoki dotsent unvonini olganda kattaroq oylik berishi kerak. Bu yil yoqlaganlarning oyligi yangi o‘quv yilidan oshirilishi kerak edi. Ularni birma-bir chaqirib, “Yangi yildan boshlab olasizlar. Hozir eski narxda olasizlar” dedi. Keyin kirish imtihonlari payti ayrim o‘qituvchilar 10 kun davomida ertalabdan kechgacha ishlashadi. Bu 10 kunlik uchun beriladigan pul ham faqat yangi yilda tushirib berilarkan. O‘tgan yili ham shunday qilishgandi. Agar prokuraturadan kelib tekshirsa, hammasini aniqlaydi. Faqat nimagadir shikoyatlarimiz javobsiz qolib ketayapti. O‘zimizning rahbariyatga bir narsa desangiz, darrov, “Xohlamasang, arizangni yoz” deyishadi. Bu Karimov davridan qolgan odat. Konservatoriya murabbiylarini asosiy ishidan tashqari ishlarga jalb qilish ham eski tuzumdan qolgan. Domlalar yiliga 10 dan ziyod marta yotoqxonalarda tungi navbatchiliklarga qo‘yiladi".

“Gonorar va mukofot pullarini ham berishmaydi”

Konservatoriya professorlaridan biri (yuqorida suhbatlashganimiz) gonorar va mukofot puli bilan bog‘liq muammoga ham e’tibor qaratishni so‘radi.

“Mukofot pullarini deyarli bermay qo‘yishdi. Boshida¸ jahon miqyosiga chiqqanlarga beriladi premiya¸ deyishdi. Lekin xorijga chiqayotganlarga ham premiya yo‘q. Gonorar masalasi ham katta muammolardan biri. Shahardagi teatrlarga opera, musiqali dramalar yozib beramiz. Gonorar pulini oylab, ba’zida yillab, ololmaymiz. Berganda ham gonorarning eng pastini berishadi. Endi buni kimga aytasiz? Rektorimiz Sayfullayevning o‘zi Madaniyat vaziri bo‘lsa. Vazirlik “Pul yo‘q” deydi, tamom. Dardimizni kimga aytishni ham bilmaymiz. Konservatoriyadagi muammolarni mahalliy matbuot orqali ham aytib chiqdik. Lekin hech qanday natija bo‘lmadi. Hech kim e’tibor ham qilmadi. Malakali o‘qituvchilar, professional solistlar chet elga ketib qolayapti. Keyingi 4 yil ichida konservatoriyadan 22ta odam ketdi".

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG