Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:18

Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi


Bu suratning Farg‘onada ro‘y bergan voqeaga aloqasi yo‘q.
Bu suratning Farg‘onada ro‘y bergan voqeaga aloqasi yo‘q.

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi to‘rtta maktabning direktor muovinlari viloyat hokimligidagi tungi selektorga ketayotgan paytda avtohalokatga uchradi.

Ulardan ikki nafari voqea joyida halok bo‘ldi, qolgan ikki nafari og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.

Baxtsiz hodisa yakshanba, 29 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan tungi 11 lar atrofida A-373 magistral yo‘lining Qo‘qon shahridan o‘tuvchi qismida yuz berdi.​

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, maktab rahbar muovinlari Farg‘ona viloyati hokimligida soqol va ro‘mol masalasida 30 sentabrga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tungi majlisda qatnashish uchun qariyb 90 kilometrlik masofaga "Neksiya -1" mashinasida yo‘lga chiqqan.

Mashinani boshqarib ketayotgan 26-maktab direktori o‘rinbosari rulda uxlab qolgani sabab avtoulov yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l chetidagi ko‘cha chirog‘i ustuniga urilgan.​

Oqibatda haydovchi va oldingi o‘rindiqda o‘tirgan 38-maktab direktori muovini halokat joyida jon bergan, orqa o‘rindiqda o‘tirgan 24 va 27- maktab direktori muovinlari og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

- Uchala zamdirektor mashinada Farg‘ona shahriga viloyat hokimligidagi soqol, ro‘mol masalasiga bag‘ishlangan tungi selektorga ketayotgan bo‘lgan. Shu kuni kunduzgi soat 1 larga majlisga aytilgan bo‘lsa¸ bular 11 larda yo‘lga chiqishgan. Qo‘qon shahridan o‘tishda haydovchi uxlab qolgan. Mashina yo‘l chetiga chiqib ketgan, - dedi o‘lganlardan birining qarindoshi 1 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Avariyada o‘lganlardan yana birining qarindoshi Ozodlikka bu fojia ortidan muallimlar kuni Dang‘arada motamga aylanganini aytadi.

- Yakshanba kuni bularni to‘satdan shaharga majlisga chaqirtirishgan. Yo‘lkira arzon bo‘lsin deb¸ to‘rttasi bir mashinada yo‘lga chiqishgan. Kuni bilan ishlab charchaganmi, uxlab qolgan. Kecha janozasi bo‘ldi, bugun ma’rakalarini o‘tkazdik. O‘qituvchilar kuni qishlog‘imizda musibatga aylandi, - deydi marhum qarindoshlaridan biri.

Fojia sodir bo‘lgan Qo‘qon shahar Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Ozodlikka hodisa yuzasidan tergovoldi surishtiruvi olib borilayotganini aytdi.

1 oktabr- O‘qituvchilar kuni munosabati bilan O‘zbekistonda rasman dam olish kuni bo‘lgani bois Ozodlik Farg‘ona viloyati va Dang‘ara tuman hokimligi rasmiylaridan voqea yuzasidan izoh ololmadi.

Dang‘ara tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbari Alimardon Sodiqov esa¸ Ozodlik muxbirining uyali telefoniga qilgan qo‘ng‘irog‘iga javob berdi¸ ammo savolni eshitgach aloqani uzib qo‘ydi. Qayta boshlanish urinishlari natijasiz qoldi.

Farg‘onalik maktab direktorlaridan biri 30 sentabrga o‘tar kechasi viloyat hokimligida soqol va ro‘mol masalasiga bag‘ishlab majlis bo‘lgani tasdiqladi.

- Hokimning ro‘mol va soqol masalasida aytgan audioyozuvi gap-so‘z bo‘lganidan so‘ng shu masalada viloyat hokimligida favqulodda majlis chaqirtirildi shu kuni, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan farg‘onalik maktab direktori.

Farg‘ona viloyat hokimligidagi tungi selektorga ketayotgan to‘rt maorifchining avtohalokat qurboni va jabrlanuvchisi bo‘lgani xususida hozircha biror rasmiy bildiruv berilmadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlikka tayinlagan dastlabki yillarda "ixtiro" qilingan selektor yig‘ilishlari hukumat rahbarlarining o‘rta va quyi pog‘ona rahbarlar bilan muloqot qilish usulidir.

2017 yil bahorida Shavkat Mirziyoyev respublika darajasidagi rahbarlar uchun «favqulodda holat» e’lon qilib, kuchaytirilgan tartibda ish olib borilishini aytgan edi. Shundan so‘ng, davlat amaldorlari «24 soatlik rejim»da ishlashga o‘tgan edi.

Bunday topshiriq ijtimoiy tarmoqlarda Mehnat kodeksiga zid deya tanqid va e’tirozlarga uchrashi ortidan¸ 2018 yil 27 avgust kungi devon yig‘ilishida Mirziyoyev mansabdor shaxslarning shanba kuni soat 17:00 gacha ishlab, yakshanba kunlari oilasi bilan dam olishini aytgan edi.

30 sentabr kuni Reuters agentligi O‘zbekistonda uch yildan beri dam olishlarsiz kuniga 15 soatdan ishlayotgan davlat amaldorlarining doimiy charchoq va stress sharoitida yashayotgani haqida maqola e’lon qildi.

Agentlikning yozishicha¸ sentabr oyida Toshkentda xalqaro shartnomalardan birini imzolash paytida o‘zbek amaldori hushidan ketib yiqilgan va hamkasblari uning qattiq stressda ishlab kelganini aytgan.

Reuters iqtibos keltirgan xorij rasmiylari o‘zaro uchrashuvlar paytida o‘zbek amaldorlarining uxlab qolishi tez-tez kuzatilayotganini ham bildirgan.

Reuters prezident Shavkat Mirziyoyev barcha davlat amaldorlari uchun “favqulodda holat” e’lon qilganini esga solarkan, nomi sir qolishini istagan o‘zbek amaldoridan iqtibos keltirgan.

“So‘nggi oylarda Mirziyoyev amaldorlar soat 17 da ishdan ketishlari, shanba va yakshanbani oilasi davrasida o‘tkazishlari to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Amalda esa hech narsa o‘zgarmadi. Men haligacha soat 8 da ishga kelib, yarim tundan keyin, ko‘pincha 1-2larda uyga ketaman. Ba’zan farzandlarimni bir necha kunlab ko‘rmayman”, deb aytgan amaldor Reuters agentligiga.

O‘zbekistonda ayni kunlarda qizg‘in pallaga kirga paxta terimi paytida rejaning borishini muhokama qilishga bag‘ishlangan selektor yig‘inlarining tunda yoki erta tongda o‘tkazilishi keng urfga aylangan.

XS
SM
MD
LG