Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:30

To‘raqo‘rg‘onda korxona va tashkilot rahbarlari paxtaga o‘z yonidan mardikor yollashga majbur bo‘lmoqda


To‘raqo‘rg‘on tumanidagi korxona va tashkilotlar yollagan terimchilar
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi korxona va tashkilotlar yollagan terimchilar

Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari paxta terimiga o‘z cho‘ntagidan pul to‘lab, mardikor yollamoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan xodimlarning aytishicha, tuman hokimi tashkilot rahbarlariga, shtatlar jadvalidagi xodimlar sonidan kelib chiqib, terimga odam olib chiqishni buyurgan.

Rahbarlar ish "o‘lib" qolmasligi uchun xodimlarining yarmini paxtaga chiqarib, yarmi o‘rniga mardikor yollamoqda.

Hokimlik mulozimlari korxona va tashkilotlar xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilganini inkor qildi.

To‘raqo‘rg‘on tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan xodimlardan birining Ozodlikka aytishicha, sentabrning oxiridan boshlab tuman hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jayevning og‘zaki buyrug‘i bilan korxona va tashkilotlar xodimlari paxta terimiga majburan safarbar etilgan:

“Tuman hokimi, adashmasam, 25 sentabrь kungi majlisda har bir tashkilot rahbariga “sen buncha odam chiqarasan, sen buncha chiqarasan” deb topshiriq berdi. Bu son shtatdagi xodimlardan ko‘p edi. Tabiiyki hamma xodimni birdaniga paxtaga chiqarsa, ish to‘xtab qoladi. Biror kishi so‘rab kelsa ham, gap bo‘ladi. Shuning uchun rahbarlar xodimlarni yarmini paxtaga chiqarib, yarmini o‘rniga mardikorlar yollashga majbur bo‘lmoqda. Bizning rahbarimiz ham 20,30 ming so‘mdan mardikor ayollarni terimga olishga majbur bo‘ldi”.

To‘raqo‘rg‘on tumanida korxona va tashkilotlar yollagan terimchilar
To‘raqo‘rg‘on tumanida korxona va tashkilotlar yollagan terimchilar

“Vatanparvar” tashkilotining ismi sir qolishini so‘ragan xodimining aytishicha, hokimning vakili har kuni dalaga borib, qaysi tashkilot qancha odam chiqargani hisobotini qiladi:

Kechqurun paxta shtabidan vakil kelib, qaysi tashkilotdan qancha odam chiqqanini yozib ketadi va hokimga hisobot beradi.


“O‘zimiz moshina yollab paxta tergani boramiz. Tushligimiz o‘zimiz bilan. Kechqurun paxta shtabidan vakil kelib, qaysi tashkilotdan qancha odam chiqqanini yozib ketadi va hokimga hisobot beradi. O‘z ishimizni vaqtida qilolmayotganimiz uchun aholidan shikoyatlar ko‘paymoqda. Bundan tashqari terim puli ham fermerlar tomonidan berilmayapti. Chunki, biz majburan terimga olib chiqilganmiz. Huquqimiz yo‘q. Chiqmaylik desak, rahbarimizga gap tegadi. Prezident va hukumat boshliqlari endi majburiy mehnat bo‘lmaydi deganda, nihoyat bu yil qutuldik deb, do‘ppini osmonga otgan edik. Lekin erta xursand bo‘lgan ekanmiz. Hech narsa o‘zgarmadi”.

O‘zini To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jayevning kotibi Muhriddin deb tanishtirgan mulozim, bu gaplardan xabari yo‘qligini, hokim bilan bog‘lanish imkonsiz ekanligini aytdi.

Tuman hokimligi bosh mutaxassisi Akmal To‘rayev korxona va tashkilotlar xodimlari paxta terimiga jalb qilinganini inkor qildi:

“Bizda tashkilotlar paxtaga chiqarilmagan. Mahalla aholisi ishtirokida paxta terilyapti, hech qaysi tashkilotga paxtaga chiqasan deb, topshiriq berilmagan”.

O‘zbekiston hukumati bu yil paxta terimida majburiy mehnat bo‘lmasligini aytgan, jumladan bir qancha vazirliklar majburiy mehnatga qarshi o‘z pozitsiyalarini e’lon qilgan edi.

Jumladan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 25 sentabrdan 31 oktabrga qadar mamlakat paxta dalalarida monitoring o‘tkazishini bildirdi.

Bu monitoringdan maqsad¸ aytilishicha¸ “18 yoshga to‘lmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish”dir.

Ammo, Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, joylarda korxona va tashkilotlar ishchilarining paxta terimiga majburan jalb qilinish holatlari kuzatilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi byudjet tashkilotlari xodimlari shanba - yakshanba kunlari paxta terimiga majburan olib chiqilmoqda.

Jumladan, Bog‘ot tumani hokimi buyrug‘i bilan paxta terimiga safarbar qilingani haqida 20 sentabr kuni Ozodlik yozgani ortidan hokim va yana ikki mulozim jarimaga tortildi.

XS
SM
MD
LG