Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:31

Andijonda o‘qituvchidan kiyinish qoidasini talab qilgan maktab rahbari do‘pposlandi


Maktab o‘qituvchilari uchun kiyinish tarzi belgilangan plakat
Maktab o‘qituvchilari uchun kiyinish tarzi belgilangan plakat

Andijon shahridagi 50- umumta’lim o‘rta maktabining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shukrillo O‘rmonov va o‘qituvi G‘ayrat Ashurov maktabda kiyinish qoidalarini matematika o‘qituvchisidan talab qilgani​ ortidan 5 oktabr kuni maktab xovlisida ikki kishi tarafidan kaltaklandi.

Voqea guvohlaridan olingan bu xabarni Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Shuhrat Qosimov tasdiqladi va voqea o‘rganib chiqilayotganini Ozodlikka bildirdi.

Xalq ta’lim vazirligi mulozimi Anvar Umarov ayni voqea borasida ko‘rilgan choralar yuzasidan vazirlik rasmiy saytida ma’lumot beriladi dedi.

Ozodlik kaltaklangan o‘qituvchilar bilan bog‘lana olmadi.

Andijon shahar Shoshilinch tibbiy yordam qabulxonasi vrachi yengil jarohat olgan Shukrillo O‘rmonov va G‘ayrat Ashurovlarga 5 oktabr kuni tibbiy yordam ko‘rsatilganini tasdiqladi.

Andijon shahar IIB mulozimi o‘qituvchilarning kaltaklanishi yuzasidan hech kim shikoyat qilmaganini aytdi.

50 -maktab o‘qituvchisining Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ 5 oktabr kuni tilga olingan maktabning matematika o‘qituvchisi D. Yu. maktabdagi kiyinish qoidalarida ko‘zda tutilmagan tarzda (bosh kiyimda) maktabga kelgan.

Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va ayni paytda maktab direktori vazifasini bajaruvi Shukrillo O‘rmonov matematika o‘qituvchisini koridorda ko‘rib qolib, kiyinish qoidalariga rioya qilishga chaqirgan.

Bu muloqotga guvoh bo‘lgan 50-maktab o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha¸ D. Yu. va O‘rmonov "aytishib qolgan".

O‘qituvchining iddaosiga ko‘ra¸ Yusupova "erimga aytib seni urdiraman" deb tahdid qilgan.

Bu tahdid ortidan maktabga matematika o‘qituvchisining T. ismli eri noma’lum erkak bilan kelib, direktor vazifasini bajaruvchi O‘rmonov va harbiy chaqiruvga tayyorlash o‘qituvchisi Ashurovni tashqariga sudrab olib chiqishgan.

Bu haqda ma’lumot bergan o‘qituvchi iddaosiga ko‘ra¸ “bu ikki erkak o‘zlari bilan olib kelgan beysbol tayog‘i bilan O‘rmonov va Ashurovni maktab hovlisida savalashgan. Ularni ajratmoqchi bo‘lgan ayol o‘qituvchilar kaltaklanib haqorat qilingan. Kaltaklangan ikki o‘qituvchini "Tez yordam" olib ketgan".

Andijon shahar Shoshilinch tez tibbiy yordam qabulxonasi vrachi 5 oktabr kuni bu ikki o‘qituvchiga ko‘rsatilgan yordam daftarga qayd etilganini bildirdi.

Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ ayni voqea yuzasidan 7 oktabr kuni xizmat surishtiruvi boshlangan.

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Shuhrat Qosimov tasdiqladi va voqea o‘rganib chiqilayotganini Ozodlikka bildirdi.

Xalq ta’lim vazirligi mulozimi Anvar Umarov ayni voqea borasida ko‘rilgan choralar yuzasidan vazirlik rasmiy saytida ma’lumot beriladi dedi.

Ushbu xabar yozilayotgan soatda Ozodlik muxbiri vazirlik rasmiy saytidan bu voqea yuzasidan ma’lumot topmadi.

O‘qituvchi qanday kiyinishi kerak?

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joriy yil boshida "O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e’lon qilingan edi.

Qonun loyihasining o‘qituvchining odob-axloq qoidalariga oid 11-moddasida bunday deyilgan:

"O‘qituvchilarning kiyinishiga qo‘yiladigan talablar ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanishi mumkin".

Mazkur qonun loyihasi qabul qilinganmi-yo‘qmi - Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Maqola e’lon qilingach...

8 oktabrda mahalliy nashrlar, xususan, gazeta.uz Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, quyidagi matnni e’lon qildi:

5 oktabr kuni Andijon shahridagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida pedagoglar kaltaklangan, deya xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, maktabda soat 13:20 da ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yu. ga og‘zaki ogohlantirish berilganda, ular o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Tortishuv natijasida D.Yu. ularga turmush o‘rtog‘i bilan tahdid qilgan.

Soat 13:35 larda D.Yu. turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘. hamda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.A. ni maktab kirish qismida temir tayoq bilan do‘poslagan.

Shu paytda ularni ajratgan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni ham do‘pposlashga uringan. Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan.

Soat 14:00 da profilaktika inspektorlari voqea joyiga yetib kelgan, lekin D.Yu. ning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lgan.

Jabr ko‘rganlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib ketildi.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra Sh.O‘. miya chayqalishi, burun sinish, yuzining o‘ng qismining ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi kattiq zarbada jarohatlangani, G‘.A.ning miya chayqalishi, burun va ikki tishi sinishi, badani hamda chap qo‘lini zarbadan qattiq jarohatlangani aniqlangan.

Barcha muolajalar o‘z vaqtida qilinganligi sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi holatda hamda doimiy shifokorlar nazoratida. Andijon shahar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG