Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:32

Koson hokimi paxtakorlarni mukofotlashni tadbirkorlar bo‘yniga ildi


Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev
Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev

Qashqadaryo viloyat, Koson tuman hokimi Asrol Boyqarayev paxta terimida ishtirok etayotgan faollarga mukofot berishni tumandagi tadbirkorlar zimmasiga yukladi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan hokim qarorida, tumandagi jami 111ta davlat va xususiy korxona-tashkilotlarga paxtakorlarni mukofotlash uchun televizor, chang yutgich, elektr choynak, ro‘mol, paypoq kabi elektr va xo‘jalik mollarini qanchadan sotib olishi taqsimlab berilgani yozilgan.

Tadbirkorlar hokimning bu topshirig‘ini bajarmasa ularga nisbatan bosim bo‘lishidan cho‘chiyotganini aytmoqda.

Koson tuman hokimi Asrol Boyqarayev tadbirkorlarga sovg‘a sotib olish majburiyati qo‘yilganini inkor qilmoqda.

Koson tumanida faoliyat olib borayotgan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan biri paxtakorlarga mukofot olib berishni hokim ularning zimmasiga yuklaganini aytarkan, bunday dedi:

Bitta menga emas, barcha MChJlarga elektr choynak, xrustal, termos va boshqa elektr tovarlari olib berish majburiyatini qo‘ygan.


“Men tumandagi MChJlardan birining rahbariman. Hokim bizning ishtirokimizsiz o‘zicha majlis o‘tkazib, 100 ta xrustal sovg‘a sotib olib berishni mening zimmamga qo‘yibdi. Bitta menga emas, barcha MChJlarga elektr choynak, xrustal, termos va boshqa elektr tovarlari olib berish majburiyatini qo‘ygan. O‘zimiz paxtaga odam chiqarganimiz kamlik qilganday yana o‘z yonimizdan sovg‘a olib berishimiz kerak ekan”

Tuman hokimining qarori
Tuman hokimining qarori

Tuman hokimining 27 sentabrda o‘tkazgan majlisi qarorini Ozodlikka yuborgan boshqa bir tadbirkorning aytishicha, hech kim ulardan paxtakorlarga sovg‘a olib berish roziligini olmagan:

“Bu majlis nomiga bo‘ldi. Qaysi tashkilotga qancha sovg‘a ajratilgani avvaldan tayyorlab qo‘yilgan ekan. Ro‘yxatdagi tadbirkorlarning yarmi ham majlisda yo‘q edi. Shuncha sovg‘ani topib berasan, tamom, degan gap bo‘ldi. Sen rozimisan shunga, qaerdan topib berasan degan gap bo‘lmadi”

Ozodlikka yuborilgan hokim qarorida tuman kasaba uyushmasi va “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalarining tashabbusi bilan hasharchi terimchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, esdalik sovg‘alari topshirish uchun sovg‘a yig‘ish tadbiri o‘tkazilishi aytilgan.

Korxona va tadbirkorlarga bo‘lingan sovg‘alar ro‘yxati
Korxona va tadbirkorlarga bo‘lingan sovg‘alar ro‘yxati

Hokimlik bergan ro‘yxatda tumandagi “Yog‘ ekstraksiya OAJ”, “Paxta tozalash OAJ” “Don MChJ”, “Bunyodkor MChJ” kabi katta korxonalarga 1300tagacha, kichik MChJlarga 50tadan 100tagacha televizor, chang yutgich, elektr duxovka, elektr samovar, Tefal, termos, dazmol, choynak, telefon, adras, sochiq, ro‘mol, paypoq kabi elektr va xo‘jalik mollari solig‘i solingani ko‘rinadi.

Koson tumanidagi katta tadbirkorlardan biri unga yuzta tefal (elektr choynak) va 100ta ro‘mol solig‘i solinganini Ozodlikka aytdi:

100 ta paypoqniku topib qo‘ydim. Endi tefal axtaryapman.


“Bugun kuni bilan magazinlarda tefal axtarib charchadim. Ikkita magazinga kirib chiqdim, pul o‘tkazishga yo‘q deyapti. 100 ta paypoqniku topib qo‘ydim. Endi 50ta topishim kerak. Hammasini topganimdan keyin hokimlikdagi Sirojov Qiyomxonga olib borib berishim kerak ekan. Topib bermasak hokimning qora ro‘yxatiga tushamiz. Keyin yo‘q narsadan kir axtaraverib, ishlagani qo‘ymaydi. Sovg‘alar esa paxtakorlarga hokimlik nomidan beriladi. Odamlar hokimimiz zo‘r ekan deb, xursand bo‘lib yuraveradi”.

Ozodlikka yuborilgan hujjatda Koson tuman Xalq ta’limi bo‘limi kasaba uyushmasi, "Vatanparvar" tashkiloti, Davlat sanitariya- epidemiologiya markaziga ham 150tadan sovg‘a olib berish vazifasi yuklatilgani yozilgan.

Majburiy sovg‘a olib berishga tuman xalq ta’limi bo‘limi ham jalb qilingan
Majburiy sovg‘a olib berishga tuman xalq ta’limi bo‘limi ham jalb qilingan

Koson tuman hokimi Asrol Boyqarayev Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorlarga paxtakorlar uchun sovg‘a olib berish topshirig‘i berganini inkor qildi:

“Men tadbirkorlarga sovg‘a olib berasan deb aytganim yo‘q. Bunday demayman ham. Tadbirkorlarni paxta terimiga jalb etganim ham yo‘q”.

Ozodlik uning tasarrufida hokimning o‘zi imzolagan qaror va tadbirkorlarga bo‘lib berilgan sovg‘alar ro‘yxati borligini aytsa ham hokim bunday qaror chiqarmaganini aytdi:

“Hech qanday majlis ham bo‘lgani yo‘q, hech qanday qaror ham chiqarilgani yo‘q”.

O‘zbekistonda paxta terimchilarini rag‘batlantirishga mahalliy tadbirkorlarning jalb qilish holatlari avvalgi yillarda ham kuzatilgan.

Joriy yilning 3 oktabr kuni Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari paxta terimiga o‘z cho‘ntagidan pul to‘lab, mardikor yollagani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Islom Karimov davridayoq O‘zbekiston hukumati o‘z qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlarini xayriya hamda pul ajratish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburan jalb qilishni taqiqlab qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG