Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:32

O‘zbekistonlik reper San Jay: Televideniega chiqolmayman, "sabab soqol"


San Jay videomurojaatida soqolini olmasligini ham aytadi.
San Jay videomurojaatida soqolini olmasligini ham aytadi.

San Jay taxallusi bilan tanilgan 41 yashar o‘zbekistonlik xonanda Sanjar Jovberdiyev O‘zbekiston prezidentiga videomurojaat bilan chiqib, soqoli sabab televideniega chiqaolmayotgani, konsert dasturlariga ham ruxsat ololmayotganini aytdi.

8 oktabr kuni Youtube kanaliga joylagan videomurojaatida San Jay jumladan bunday deydi:

- "O‘zbekkonsert"dan litsenziyani olganimga bir yil bo‘ldi. Men bu litsenziya bilan televideniega chiqolmayman, sabab "soqol" deyishadi. Konstitutsiya bo‘yicha huquqlarim buzilyapti. Chunki Konstitutsiyada o‘zbek fuqarosi soqol qo‘yishga haqqi yo‘q deb yozilmagan, - deydi ashulachi.

Lekin, San Jay videomurojaatida soqolini olmasligini ham aytadi.

- Soqolim kimgadir yoqmayotgan bo‘lsa kechirim so‘rayman. Lekin soqolimni olmayman. Aytinglarchi, o‘zbek avlodimizdan o‘tgan buyuklardan birortasi soqolsiz bo‘lganini bilasizmi? Birortasini aytinglarchi, kim soqolsiz bo‘lgan, - deydi ashulachi.

Qo‘shiqchi 2016 yili Rossiyadan qaytib kelganidan keyin ilk bor O‘zbekiston shou-biznes olamida o‘z ijodini 2018 yili namoyon qilgan.

Sanjar Jovberdiyev shoir Usmon Azim she’riga bastalangan “Karvon” rok balladasini jamoatchilikka taqdim qilgan edi.

San Jay ning prezidentga murojaati O‘zbekistonda soqol qo‘ygan erkaklar va hijobli xotin-qizlarga qarshi kampaniya borayotgan bir paytda aytildi.

Ozodlik ashulachining soqoli sabab taqiqqa uchragani haqidagi iddaosi yuzasidan O‘zbekiston televideniesidan ham, "O‘zbekkonsert" uyushmasidan ham izoh ololmadi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ham San Jay ning murojaatiga munosabat bildirmadi.

XS
SM
MD
LG