Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:28

Togri.uz jurnalistlari: saytimiz yopildi, tongda ishga kelgan jamoa tushdan keyin tarqatildi


O‘zbekiston siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti yangiliklarini yoritib kelayotgan togri.uz sayti faoliyati 14 oktabrda to‘xtatildi. Bu haqda Ozodlikka sayt jurnalisti Sardor Salim ma’lum qildi.

Biroq 14 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17.00 da togri.uz sayti Pragada ochildi. Saytda shu kuni e’lon qilingan bir necha materialni, jumladan "QQSning ortiqcha summasini qaytarishning avtomatlashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yiladi" sarlavhasi ostidagi maqolani ko‘rish mumkin edi.​

Sayt jurnalisti Sardor Salimning Ozodlikka aytishicha¸ 14 oktabr Toshkent vaqti bilan soat 13 dan keyin kontent yangilanmagan:

- Sayt maksimum yana ikki-uch soat texnik mavjud bo‘lib turadi. Lekin ijodiy jamoa 14 oktabr kuni peshindan keyin tarqaldi.

Suhbatdoshga ko‘ra sayt xodimlari 14 oktabr ertalab ham jurnalistik ish rejalarni muhokama qilgan va ular uchun yopilish qarori kutilmagan bo‘lgan:

- Bugun peshinda yopildik. Rasman sayt muassisining moliyaviy qiyinchiliklari sababli yopildi. Bugun ertalabdan maqolalar mundarijasini muhokama qildik.Yopilamiz degan gap yo‘q edi.

Saytning yetakchi jurnalistlaridan biri Xurshid Yo‘ldoshev o‘zining facebookdagi sahifasida “Togri.uz yahshi ishladi va yaxshi ishlagani uchun ham yopildi. Qish yaqin o‘rtoqlar” deb yozdi.

Nashr muassislariga yaqin manbaning aytishicha¸ Togri.uz sayti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarafidan joriy yilning iyun oyida OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

Suhbatdoshga ko‘ra, nashr egasi “True Press Network” MChJ rahbari Nodir Ibragimov 14 oktabr kuni taxririyatga kelib sayt moliyalashi to‘xtatilganini bildirgan.

Nashr muassislariga yaqin manbaning yana aytishicha¸ sayt so‘nggi kunlarda Toshkent hokimiyati¸ O‘zbekiston Moliya vazirligi va Markaziy bank e’tirozlariga nishon bo‘lgan. Shuningdek, saytda e’lon qilingan dori-darmonlar sifati haqidagi maqola Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimlari tarafidan asabiy kutib olingan.

Saytning yetakchi jurnalistlaridan biri Xurshid Yo‘ldoshev o‘zining facebookdagi sahifasida 2 oktabr kuni Togri.uz sahifasidan AOKA tarafidan bitta maqola olib tashlattirilgani haqida yozgan edi.

O‘sha maqola Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienko tashrifi haqida edi. Maqola oldirib tashlangani sabablari haqida Togri.uz sayti muassisligiga yaqin xodim aniq ma’lumot berishni istamadi va qisqa qilib “siyosiy sabab” deb qo‘ya qoldi.

Nashr jurnalistlaridan birining Ozodlikka bildirishicha, e’tiroz AOKA rahbari Komil Allamjonov tarafidan bildirilgan. E’tiroz maqolaga biriktirilgan rasmda prezidentning katta qizi Saida Mirziyoyeva qiyofasining "go‘zal" ko‘rinmagani bilan izohlangan.

Togri.uz sayti yopilishidan bir oy oldin - sentabrda Minbar.uz sayti ham moliyaviy sabablar bois yopilgan edi. Minbar.uz sayti yopilgani ortidan ushbu sayt asoschisi Sardor Salim Togri.uz nashriga ishga o‘tgan edi.

Togri.uz ijodiy jamoasi asosini o‘tgan yili yopilgan Turon24 axborot agentligining jurnalistlari tashkil qilgan edi.

“Qadim "Turon"(24) elimizda "Minbar"ga chiqib, "To‘g‘ri"sini gapiraversang yopilib ketasan” deya mutoyiba qildi yana bitta nashr bilan jilmayib xayrlashgan Sardor Salim

"Erkin so‘z" tajribasi

Ozodlik bilan suhbatlashgan Togri.uz sayti jurnalisti Sardor Salimga ko‘ra, Togri.uz nashri ijtimoiy-siyosiy muammolar va asosan iqtisod va moliya haqida xolis va rasmiy Toshkent nuqtai nazaridan masofalangan axborot berishga “harakat qilgan”.

Uning yana aytishicha¸ bu nashrning qisqa umri O‘zbekistonda "erkin so‘z yaratish borasida tajribalardan biri sifatida tarixda qoldi".

P.S. Ushbu xabarni e’lon qilishdan oldin, Toshkent vaqti bilan soat 17.52 da Togri.uz uf ga yana bir marta kirmoqchi bo‘ldik. Bu gal sayt ochilmadi.

XS
SM
MD
LG