Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:28

Bloger ruhiy kasalxonaga ochlik e’lon qilgani uchun yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Ombudsman uni borib ko‘rdi


Bloger Shabnam (Nafosat) Ollashukurova.
Bloger Shabnam (Nafosat) Ollashukurova.

21 oktabr kuni Ombudsman boshchiligidagi maxsus komissiya ruhiy kasalliklar dispanseriga majburan yotqizilgan bloger Nafosat (Shabnam) Ollashukurova bilan uchrashdi.

Shu kuni Ollashukurova yaqinlari bilan ham uchrashtirildi.

Ushbu uchrashuv arafasida tarmoqlarda tarqatilgan videodan ma’lum bo‘lishicha, Nafosat Ollashukurova 10 kunlik qamoq jazosini o‘tayotgan payti qamoqxona ichkarisida norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan.

Ozodlik 21 oktabr kuni qo‘lga kiritgan sud qarorida ta’kidlanishicha, mahkama hay’ati Ollashukurovaning ochlik e’lon qilganini “uning ruhiy holati buzilishi” deb topgan va shu sababga ko‘ra uni majburan ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirgan.

Sud qaroridan ma’lum bo‘lishicha, Nafosat Ollashukurova avval aytilganidek, qamoq jazosini o‘tab bo‘lgach emas, balki qamoqqa tashlanganidan 3 kun o‘tib, ruhiy kasalxonaga yotqizilgan.​

Maxsus komissiya uchrashuvi

O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan tashkil qilingani aytilayotgan komissiya a’zolari 21 oktabr kuni tushdan keyin Xorazm viloyat asab- ruhiy kasalliklar dispanseriga borib, bloger Nafosat Ollashukurova bilan uchrashdi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimiga ko‘ra, komissiya a’zolari soni o‘ndan ziyod bo‘lgan.

“Komissiya a’zolari safida Ombudsman vakili, O‘zbekiston Xotin- qizlar qo‘mitasi va Xorazm viloyati xotin-qizlar bo‘limi rasmiylari, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimlari, “Ezgulik” va “Najot” inson huquqlari tashkilotlarining rahbarlari bor”, dedi mulozim.

Ozodlik komissiya a’zolaridan ayrimlari bilan bog‘landi, biroq ular jiddiy ogohlantiruv bo‘lgani sabab uchrashuv tafsilotlarini gapirmasliklarini aytishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bloger bilan uchrashuv haqida Ombudsmanning maxsus hisoboti e’lon qilinmaguncha komissiya a’zolariga uchrashuv tafsilotlari haqida matbuotga gapirish taqiqlab qo‘yilgan. Ushbu hisobotning 22 oktabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Dushanba kuni 32 yashar Nafosat Ollashukurova akasi bilan ham uchrashtirilgan va Toshkentda yashayotgan ota-onasi bilan telefon orqali suhbatlashishiga ruxsat berilgan.

- Nafosat bilan gaplashtirdilar. Telefonda gaplashdik. Otasi bilan ham, men bilan ham gaplashdi. Qizlari uxlab yotgani uchun ular bilan gaplasha olmadi. “Opa meni chiqarishlarini so‘rang. Chiqsam, hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedi. Katta akasi Murodjon yonida ekan. Unga uchrashishga ruxsat berishibdi. “Opa plastik kartamdagi pulni tejab ishlating” dedi. Xudoga shukur, qizimning ovozini eshitdik, deydi Nafosat Ollashukurovaning onasi Xoljon Davletova.

Ochlik aksiyasi

Maxsus komissiyaning bloger Nafosat Ollashukurova bilan uchrashuvidan bir kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda uning qamoqxonadagi videosi tarqaldi.

Ushbu videodan ma’lum bo‘lishicha, Nafosat Ollashukurova 10 kunlik qamoq jazosini o‘tayotgan payti sud qaroriga norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan.

- Men sudning qaroridan noroziman. Menga qo‘yilgan ayblovlar nohaqdan qo‘yilgan. Men ochlik e’lon qildim, deydi holsiz ahvolda o‘tirgan Nafosat Ollashukurova.

Bir daqiqalik videoda bir erkakning xorazmcha shevada Ollashukurovani so‘roq qilayotgani aks etgan. Kadrda erkakning faqat ovozi eshitiladi, o‘zi ko‘rinmaydi.

Erkak Nafosatga ochlik qilish sog‘likka zararligini aytadi. Bunga javoban Nafosat fikridan qaytmasligini aytadi.

- Men sudyalarga, melisalarga ishonmayman, deydi Nafosat.

Shundan so‘ng kadr ortidagi erkak Nafosatning ochlik aksiyasi o‘zining joniga qasd qilish harakati ekanini aytib, “Siz joningizga qasd qilishni ko‘zlab turibsizmi?” deydi. Erkak Nafosatdan “Ha” javobini olmaguncha bu savolni qayta-qayta beradi.

Ushbu videodagi erkakning Nafosat bilan savol-javobi ijtimoiy tarmoqlarda qoralangani kuzatildi.

Jumladan, Feysbuk foydalanuvchisi @JamshidMuslimov shunday yozadi:

“Shabnam Olloshukurovaga nisbatan jallodlik psixiatriyasi amalga oshiralayotgan ko‘rinadi. Vaziyat nihoyatda jiddiy. Nima uchun kadr orqasidagi shaxs qayta-qayta "joningizga suiqasd qilyapsizmi?" deb so‘rab "ha" demagunicha qo‘ymadi? Nimaga tayyorlayapti? Ochlik e’lon qilish bu fuqarolik kurash turi, ruhiy kasallik yoki depressiyaga tushib qolgan insonning o‘z joniga suiqasdi emas! Buni butun jahon biladi!".

Sud qarori

Nafosat Ollashukurovani majburiy ravishda ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirish haqida fuqaroviy ishlar bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining 30 sentabrdagi qarorini Ozodlik 21 oktabr kuni qo‘lga kiritdi.

Sud qaroridan ma’lum bo‘lishicha, Nafosat Ollashukurova avval aytilganidek, qamoq jazosini o‘tab bo‘lgach emas, balki qamoqqa tashlanganidan 3 kun o‘tib, 26 sentabr kuni ruhiy kasalxonaga yotqizilgan.

Sud Ollashukurovaning ochlik e’lon qilganini "uning ruhiy holati buzilishi" deb topgan va uni majburan ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirgan.

Nafosat Ollashukurovaning o‘zi ishtirok etmagan ushbu sud majlisida guvoh sifatida qatnashgan Fazilat Tajiyeva Nafosat Ollashukurova bilan bog‘liq tibbiy komissiya a’zosi ekanini aytib, “Bemorning ovqatlanmasligi uni ruhiy holatini buzilishi deb hisoblash va davolash uchun asos bo‘lishini, chunki bemorning ovqatlanmasligi o‘zining sog‘ligiga salbiy ta’sir qilishini, ruhiy holatiga ko‘ra ayni paytda Ollashukurova Nafosat Boltabayevna davolanishga muhtojligini, uning davolanmasligi uning o‘zining sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirgan”. (Sud qaroridan iqtibos)

Sudya Sh. Ismailov shunga asosan Nafosat Ollashukurovani g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya shifoxonasiga yotqizish haqida qaror chiqaradi.

Маҳмуд Ражабнинг "юриши"ни ëритган блогер қамоқдан кейин руҳий касалликлар диспансерига ётқизилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:29 0:00

Bloger himoyasi uchun

Nafosat Ollashukurova shoir va jurnalist Mahmud Rajabning “Toshkentga yurishini” yoritgani ortidan 10 kunlik qamoq muddatiga hukm qilingan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQQ) O‘zbekiston ma’murlarini ruhiy kasalliklar dispanseriga yotqizilgan blogerni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston rasmiylari voqealarni erkin yoritishlari uchun barcha jurnalistlarga izn berishi lozim, dedi 8 oktabr kuni Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi muvofiqlashtiruvchisi Gulnoza Said.

“Agar O‘zbekiston o‘tkazayotgan islohotlari jiddiyligiga dunyo ishonishini istasa, jurnalistlarni ruhiy kasalxonalarga yotqizish kabi totalitar usullardan foydalanmasligi kerak”, dedi Gulnoza Said.

Jonli chiqishlari bilan tanilgan bloger

Shabnam Ollashukurova blogerlar safiga bir yilcha avval qo‘shilgan. Asosan, Feysbuk tarmog‘i orqali jonli chiqishlar qildi. Chiqishlarida asosiy e’tiborni huquq-tartibot idoralaridan aziyat chekkan shaxslarga qaratdi. Yana u Toshkentda rasmiy idoralar oldida bo‘ladigan norozilik piketlarini tarmoqlar orqali jonli yoritadigan bloger sifatida tanilgan.

Ikki oy avval Xotin-qizlar qo‘mitasining "huquqbuzarlikka moyil" ayollar ro‘yxatini tuzish qarori keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. O‘sha paytda Shabnam Ollashukurova Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan Feysbuk orqali jonli intervyu qilgani bilan ham tanilgan edi.

Shabnam Ollashukurovaning uch yoshga to‘lmagan ikki egizak farzandi bor. Hozirda bolalarga Toshkentda Shabnamning onasi qarayapti.

Руҳий касалхонага ташланган блогернинг 3 яшар эгизаклари туғилган кунини йиғлаб ўтказди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:39 0:00

XS
SM
MD
LG