Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:41

Ozodlik manbalari: Yunusobod hokimining qurilish bo‘yicha muovini korrupsiyada ayblanib hibsga olindi


Yunusobod tumani hokimligi binosining tashqi ko‘rinishi.
Yunusobod tumani hokimligi binosining tashqi ko‘rinishi.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan biridagi hamda Toshkent shahar hokimligidagi bir-biridan mustaqil ikki manbasidan olingan ma’lumotga qaraganda, Toshkent shahar, Yunusobod tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari E. Z. korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar bilan hibsga olingan.

Ozodlik 22 oktabrda qo‘lga kiritgan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan 13 oktabr kuni ish xonasidan olib ketilgan hokim muovini hozirda Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan tanilgan DXX hibsxonasida ushlab turilibdi.

Yunusobod tuman hokimligi mulozimi E.Z. o‘rniga Sherali Usmonov hokimning qurilish bo‘yicha muovini vazifasini bajaruvchi etib vaqtincha tayinlanganini aytdi.

Yunusobod tuman hokimligining boshqa bir mulozimi Ozodlikning E.Z. oid savoliga javoban, uning "xizmat safarida" ekanini aytish bilan cheklandi.

- Uning o‘rnini o‘tgan haftada muovini Sherali aka Usmonov egalladi, - dedi hokimlik mulozimi. Yana bir mulozim: "E. aka komandirovkaga ketgan, deb aytishdi, bizdagi ma’lumot shu", - dedi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimi, Ozodlik so‘roviga javoban, Yunusobod tuman hokimining o‘rinbosari E. Z. qo‘lga olingani haqidagi xabarlarga yarim soat ichida aniqlik kiritib berishni va’da qildi, keyin esa unga kun davomida qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ayni paytda Yunusobod tumani hokimligi rasmiy saytida E.Z. hokimning qurilish bo‘yicha muovini lavozimida turibdi.

Toshkent shahar hokimligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, "E.Z. 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pora bilan ushlangan. Uyi tintuv qilinganida 1 yarim million AQSh dollari miqdoridagi naqd pul va o‘zi hamda notanish ayol nomiga Maldiv orollariga olingan uchoq chiptasi topilgan".

Ammo, Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Ichki ishlar vazirligi ham O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham E.Z.ning qo‘lga olingani haqida hozircha rasmiy ma’lumot bermadi.

E. Z.ning hibsga olinishi Yunusobod tumani hokimligidagi shov-shuvli hibslardan bir yil o‘tib ro‘y berdi.

O‘tgan yil sentabrida Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov 400 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotganda qo‘lga olingani haqda Ozodlik xabar bergan.

Abdusamatov shu yilning may oyida Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 yilga qamalgan.

E. Z. shu yilning boshida Yunusobod tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Ungacha E.Z. uzoq yil "O‘zuyjoyjamg‘armabank" banki tizimida rahbar lavozimlarida ishlagan, "Makon Kapital Invest" mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi va moliya masalalari bo‘yicha maslahatchisi ham bo‘lgan.

Keyingi ikki yil ichida O‘zbekistonning o‘nlab tumanlarida “pora bilan ushlangan mulozimlar” to‘g‘risidagi xabarlar rasmiy matbuotda bot-bot chiqib turibdi.

O‘tgan yil oktabr oyida Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tuman hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari 5000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan edi.

Bundan oldin Xorazm viloyatining Urganch tuman va Xiva shahar hokimining o‘rinbosarlari pora olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingani haqida Ozodlik xabar bergan.

So‘nggi ikki yil ichida Toshkent, Navoiy, Samarqand viloyatlari hamda Samarqand shahar, Chust¸ Boysun tumanlari hokimlarining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaliklari masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari 200 AQSh dollaridan tortib 5000 dollargacha bo‘lgan miqdorda pora olganlikda ayblanib, hibsga olingani haqda mahalliy matbuot xabar tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG